O‘zbekiston | 20:49 / 25.03.2022
16503
5 daqiqa o‘qiladi

Chiqindilardan podshipnik, yangicha quyosh panellari - o‘zbekistonlik ixtirochilarning yangi loyihalari

O‘zbekistonlik innovatorlar avtomobillar uchun arzon podshipnik, transformatorlarni portlashdan himoya qiluvchi sovitkichlar va ko‘proq energiya oladigan quyosh panellari ishlab chiqishni taklif qilishmoqda. Loyihalar Innovatsion rivojlanish vazirligining “Bo‘lajak olim” tanlovida g‘olib bo‘lgan.

Andijon mashinasozlik instituti texnika fanlari doktori Akbar Boymirzayev texnikalar uchun podshipniklarni chiqindi metallardan ishlashni taklif qilyapti. Uning aytishicha, bunday podshipniklar UzAuto Motors ishlab chiqarayotgan mashinalar tannarxining ma’lum miqdorda pasayishiga ta’sir qila oladi.

Akbar Boymirzayev

“Chunki shu kungacha podshipnik materiallari chet eldan import hisobiga keltirilgan. Bizning asosiy maqsadimiz – mahalliy sharoitda import o‘rnini bosuvchi materillar olish”, – deydi u.

Eng muhimi – Akbar tayyorlayotgan podshipniklar ikkilamchi, ya’ni chiqindi materiallardan olinadi. Uning aytishicha, bu – logistika xarajatlarini iqtisod qilishga olib keladi.

Chiqindi metallardan tayyorlangan podshipnik

“Chetdan keladigan podshipnik bilan solishtirganda, – deydi Akbar, – biz ishlab chiqayotgan materiallar 2 barobar, ya’ni 50 foizga xarajatlarni kamaytiradi”.

Elektr iste’moliga bosim ortgani transformatorlarning qizib portlashiga sabab bo‘ladi. Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Qo‘qon filiali talabasi Shavkatjon Xudoyberdiyev bunday portlashning oldini oladigan yechim taklif qilmoqda. U ishlab chiqqan yechim elektr transformatorlarni yong‘in va portlashdan himoya qiladi. Bu tizim transformatorlar ortiqcha yuklamada qizib ketganda sovitib turadi.

Shavkatjon Xudoyberdiyev

“Ya’ni transformator ichki moy kabi suyuqliklari bilan sovitilayotganda po‘lat korpusiga trubkalar orqali frion yurgizamiz. Bu bilan transformator moyini to‘liq sovitamiz. Tizim to‘liq avtomatlashtirilgan”, – deydi u.

Shavkatning tushuntirishicha, transformator qizishni boshlaganda, bu haqda termodatchik motorlarga xabar beradi va tizim avtomatik ishga tushadi. Tizim to‘liq sovitilgandan keyin, dvigatellar o‘zini o‘zi o‘chiradi. Ortiqcha yuklama tushganda ham transformatorlar to‘liq ishlashda davom etadi. Va iste’molchilar to‘liq uzluksiz elektr toki bilan ta’minlanadi.

Innovator bunday sovitish tizimi bitta tumanda har yili o‘rtacha 100 million so‘mni tejab qolishga yordam berishini aytmoqda.

“Masalan, Farg‘ona viloyati hududida 1 yilgi qishki mavsumda 6800ta transformatordan tumanlar bo‘yicha qishda bir tumandan yo‘q deganda 6-7ta transformator portlaydi. Har bir transformator ta’miri uchun eng kam miqdor 5 million so‘m hisoblanadi. Ya’ni avtomatini boshqasiga o‘zgartirib, simlarini montaj qilish uchun sarflanadi.

Transformator tipiga qarab ta’mirlash xarajati oshib boraveradi. Misol uchun, bitta transformator 50 million bo‘lsa, portlab ketgandan keyin o‘rtacha 15-20 million xarajat bo‘ladi. Bitta tumandan yo‘q deganda 5 ta transformator portlaydi. Agar biz har biriga 20 million so‘mdan pul sarflasak, 100 million so‘m bo‘ladi. Sovitish tizimini joriy qilsak, o‘sha 100 million so‘mni har bitta tumandan tejab qolishimiz mumkin”, deydi u.

Andijon davlat universiteti qayta tiklanish energetika manbalari ilmiy laboratoriyasi doktoranti Navro‘zbek Mirzaolimov quyosh panellarining ko‘proq energiya oladigan variantini ishlab chiqqan. U dunyoda bunday turdagi quyosh panellari oldin tayyorlanmaganini aytmoqda.

Navro‘zbek Mirzaolimov

Navro‘zbek Mirazaolimovning tushuntirishicha, quyosh panellarining asosiy kamchiliklaridan biri – sirtidagi harorat ortib borishi hisobiga, foydali ish koeffitsiyenti va kuchlanishi tushib ketishidadir. Bundan tashqari, O‘zbekistondagi changli havo sabab, panel sirtini chang qoplaydi va u ko‘p energiya ololmaydi.

“Bu muammolarga, – deydi u, – butun dunyo olimlari turlicha yechim taklifini bildiryapti. Biz ham 3D formatli yuqori samarador fotoelektrik energetik qurilmasini taklif qilyapmiz. Yaqinda patent ham oldik. Uning afzalligi O‘zbekiston iqlimiga moslashgan. Ya’ni u o‘z o‘qi atrofida gorizontal va vertikal aylanish hisobiga foydali ish koeffitsiyentini barqaror ushlab turishga muvaffaq bo‘ladi”.

3D formatli fotoelektrik energetik qurilmasi

Yangi qurilma, an’anaviy quyosh panellaridan ko‘proq energiya oladi. Oddiy quyosh paneli kuniga 10 kilovatt energiya ishlab chiqarsa, quyosh paneli sirti qizishi hisobiga 40 foiz energiyasini yo‘qotadi. Natijada 10 kilovatt energiya yetkazib bera oladi. Yangi qurilma esa shu 10 kilovattni ushlab turishga sabab bo‘ladi.

Qurilma narxi xonadon iste’moliga qarab 15-20 million atrofida baholanmoqda.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov

Mavzuga oid