O‘zbekiston | 21:03 / 28.03.2022
18653
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident yig‘ilishida «boshqa hududdan bemor qabul qilinmasligi» holatlariga e’tibor qaratildi

Davlat shifoxonalari va xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun yagona tariflarni tasdiqlash, xususiy klinikalarda ham yo‘llanma asosida tibbiy xizmat ko‘rsatishni kengaytirish vazifasi belgilandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 mart kuni sog‘liqni saqlash sohasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbari 18 mart kuni tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazgandi. Unda aytilgan muammo va takliflar bo‘yicha 24 mart kuni prezident farmoyishi qabul qilinib, yettita yo‘nalishda vazifa va mas’ullar belgilandi.

Yig‘ilishda shu borada boshlangan ishlar va oylik rejalar ko‘rib chiqildi. Avvalo, aprel oyida 1 million nafar xavf guruhiga kiruvchi aholi, 700 ming nafar bola va 100 ming nafar homilador ayollarni maqsadli skriningdan o‘tkazish zarurligi qayd etildi.

Har bir oilaviy poliklinikada kunduzgi statsionar, 400 ta mahallada oilaviy shifokorlik punkti, olis hududlarda konteynerlardan 1 ming 700 ta tibbiyot punkti tashkil etishning ahamiyati ta’kidlab o‘tildi.

Mahallabay tizimda ishlab, sifatli tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, odamlarni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish asosiy vazifa qilib qo‘yildi. To‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy mashqlar, kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha qo‘llanmalar ishlab chiqib, oilalarga tarqatish muhimligi qayd etildi.

Tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash, olis hududlarda qo‘shimcha brigadalar tuzish, bu tizimdagi anesteziolog va reanimatologlar oylik ish haqiga ustama berish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yilda investitsiya dasturi doirasida tibbiyot muassasalarini qurish va ta’mirlash ishlariga budjetdan 1 trillion 200 milliard so‘m ajratilgan. Mutasaddilarga qurilish ishlarini jadallashtirish, tibbiy asbob-uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ochiq muloqotda respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari yangi, yuqori texnologik davolash usullarini yo‘lga qo‘yishi zarurligi aytilgan edi. Misol uchun, har yili «oqqon» kasalligi bo‘yicha 200 nafargacha bemor ilik ko‘chirish operatsiyasiga muhtoj. Gematologiya va qon quyish ilmiy-amaliy tibbiyot markazida zamonaviy sharoit yaratish orqali ushbu amaliyotni yo‘lga qo‘yish mumkinligi ta’kidlandi. Bunday ishlarni barcha tibbiyot markazlarida tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Yig‘ilishda qaysi shifoxona va laboratoriyada qanday jihoz soz yoki nosozligi bo‘yicha aniq hisob-kitob yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyat hokimlariga 25 aprelga qadar barcha birlamchi muassasalarni xatlovdan o‘tkazib ularga zarur bo‘lgan va ta’mirtalab jihozlar ro‘yxatini shakllantirish topshirig‘i berildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot asbob-uskunalariga texnik xizmat ko‘rsatish tizimini yaratish bo‘yicha taklif kiritadigan bo‘ldi. 

22 ta respublika markazi yil yakuniga qadar O‘zbekistonda ilgari bajarilmagan kamida 100 ta yuqori texnologik davolash usullarini yo‘lga qo‘yishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Misol uchun, Gematologiya markazida maxsus operatsion kompleksni tashkil etish hisobiga oqqon kasalligiga chalingan bemorlar uchun ilik ko‘chirish amaliyotini yo‘lga qo‘yish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.

«Yaqinda «order» tizimi isloh qilindi, bu borada xususiy sektor ishtiroki uchun ham imkoniyat yaratildi.

Lekin, barcha talablar aniq belgilangani bilan o‘tgan 6 oy davomida birorta xususiy shifoxonaga bemorlar uchun yo‘llanma berilmagan. 

Yoki, respublika markazlarining ayrim filiallarida yuqori texnologik davolash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, boshqa hududdan bemor qabul qilinmayapti», dedi davlat rahbari.

Shu bois, Sog‘liqni saqlash va Moliya vazirliklariga ikki hafta muddatda davlat va xususiy shifoxonalar uchun kasalliklarni davolash bo‘yicha yagona tariflarni tasdiqlash topshirildi. 

Ochiq tanlov e’lon qilib, 15 mayga qadar yo‘llanma asosida tibbiy xizmatlar ko‘rsatadigan xususiy klinikalar ro‘yxatini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, 1 apreldan boshlab davlat hisobidan davolanish uchun yo‘llanmalar boshqa hududdagi davlat shifoxonalari uchun ham beriladi.

Yig‘ilishda soha mutasaddilari, shifokorlar, hokimlar ochiq muloqotda belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha axborot berdi.

Mavzuga oid