O‘zbekiston | 07:51 / 28.03.2022
5210
4 daqiqa o‘qiladi

Senat Madaniyat vazirligi tizimida oliy ma’lumotli malakali kadrlar kamligini ma’lum qildi

Joriy yilning 25 mart kuni Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda madaniyat vazirining axboroti eshitildi.

Foto: Oliy Majlis Senati

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, muhokamalar jarayonida sohada amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham mavjudligi ta’kidlandi. 

Qayd etilishicha, vazirlik tizimida oliy ma’lumotli malakali kadrlar taqchilligi joylarda madaniyat sohasida davlat siyosatining samarali olib borilishiga, belgilangan vazifalar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Vazirlik tizimidagi 826 ta madaniyat markazining 436 tasida bino va inshootlar bilan bog‘liq muammolar borligi tufayli ular samarali faoliyat olib bormayapti.

Xorazm viloyatida 2019 – 2022 yillarda yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan, kapital ta’mirlanadigan va jihozlanadigan madaniyat markazlari manzilli ro‘yxati doirasidagi 28 mlrd so‘mlik ishlar bajarilmagan.

Hukumat tegishli qarori bilan Tuproqqal’a tumanida amalga oshirilishi belgilangan 19 mlrd so‘mlik qurilish ishlari viloyat hokimligi tomonidan bajarilmagan. Natijada 60 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilayotgan ushbu tumanda madaniyat markazi mavjud emas.

Foto: Oliy Majlis Senati

Prezidentning 2017 yil 18 yanvardagi PQ–2731-sonli qarorida belgilangan Xonqa, Urganch, Gurlan va Hazorasp tumanlarida bittadan bolalar musiqa va san’at maktablarini 2021 yilga qadar qurish topshirig‘i bajarilmagan.

Madaniyat markazlarida tashkil etilgan to‘garaklarga yoshlarni jalb qilish ishlari talab darajasida emas, aksar to‘garaklar qog‘ozdagina mavjud bo‘lib, amalda ularning faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan.

Madaniyat markazlarida faoliyat olib borayotgan hamda “Xalq” va “Namunali” unvon berilgan 96 ta havaskorlik jamoasida belgilangan ish o‘rinlarini yaratish uchun mahalliy hokimliklar tomonidan shtatlar ajratilmagan.

Davlat teatrlarida marketing tizimi yo‘lga qo‘yilmagani ularning zamon talablari asosida faoliyat olib borishi va moddiy ta’minoti yaxshilanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Eng ko‘p teatr joylashgan Toshkent shahrida bugungi kunga qadar maxsus reklama lavhalari va pannolar, bannerlar o‘rnatish uchun joy ajratilmagan.

Xalq havaskorlik folklor jamoalari uchun o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar yaratib, hududlarga yetkazib berish vazifasi bajarilmagan.

2019-2021 yillarda qurilgan 13 ta bolalar musiqa va san’at maktabi bugungi kunga qadar jihozlanmagan.

Maktabgacha ta’lim muassasalarida boshlang‘ich musiqa tushunchalarini shakllantiruvchi (folklor musiqasi, akademik mumtoz musiqa, estrada musiqasi) maxsus adabiyotlarni tayyorlash va yetkazib berish vazifasi bajarilmagan.

Maqsadli ko‘rsatkichlarda qayd qilingan davlat-xususiy sheriklik asosida 35 ta madaniyat markazi va istirohat bog‘i faoliyatini samarali tashkil etish vazifasi bugunga qadar yetarlicha bajarilmagan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hokimliklari tomonidan ko‘chma sirk (shapito, dorbozlar guruhlari)ni tashkil etish bo‘yicha zarur maydonlar ajratish ishlari bajarilmagan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlarida “Avtoklub”lar faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan.

Majlis so‘ngida ushbu muammolar yechimi yuzasidan takliflar bildirildi hamda qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi, deyiladi xabarda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid