«Yoshlik» madaniyat va istirohat bog‘ida ko‘p yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan tadbirkorlar parkning davlat-xususiy sheriklik asosida boshqa tadbirkorga berib yuborilishi natijasida ishsiz qolishayotganini bayon qilishdi.

Kun.uz ko‘p yillardan buyon istirohat bog‘ida attraksionlarni ishlatib kelgan tadbirkorlar va DXSh loyihasini yutib olgani aytilayotgan jamiyat vakili bilan suhbatlashdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand shahridagi ushbu bog‘ 2019 yil 10 maydagi «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 26 apreldagi «Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori asosida 2021 yilning 13 dekabr kuni tenderga qo‘yilgan.

Bu haqdagi e’lon Madaniyat vazirligi hamda Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligining saytiga joylashtirilgan. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, Madaniyat vazirligiga xususiy tashabbuskor «KIT AUTO» MChJ tomonidan tashabbus taklifi, shu jumladan, loyiha konsepsiyasi taqdim etilgan.

«KIT AUTO» MChJ direktori o‘rinbosari Farhod Abduqodirov 45 kun davomida ushbu loyihaga boshqa da’vogarlar chiqmagani uchun tender o‘tkazilmagani, natijada vazirlik bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida bitim tuzilganini aytmoqda. Abduqodirovga ko‘ra, u ishlab turgan jamiyat bog‘da qurilish, jihozlash va obodonlashtirish ishlari uchun 10 mlrd so‘m mablag‘ sarflashi kerak.

Abduqodirov kelgusida park hududini o‘z hisobidan to‘liq attraksionlar bilan qamrab ololmasligini yashirmadi. Ishlar yakunlangach, parkda shu vaqtgacha faoliyat olib borgan tadbirkorlar bilan hamkorlik qilishi mumkinligini ma’lum qildi. U garchi tadbirkorlar 2022 yilda ham ijara shartnomasi asosida ishlab turishini bizga aytgan bo‘lsa-da, bog‘ni 23 martgacha bo‘shatib qo‘yishni so‘rab, allaqachon tadbirkorlarga ogohlantirish xati yuborilgan.