Jahon | 13:34 / 30.03.2022
49716
7 daqiqa o‘qiladi

Shoygu paydo bo‘ldi va asosiy maqsadni aytdi, Nikolayevda ma’muriyat binosiga hujum. Urushning 34-kuni yakunlari

Urush boshlanganidan buyon 34 kun o‘tdi. Istanbulda tomonlarning muzokaralarida ayrim oldinga siljishlar kuzatildi, ammo harbiy harakatlar davom etmoqda. 29 mart kuni artilleriya Nikolayevda oblast ma’muriyati binosini deyarli yo‘q qildi. Mariupolda - janglar davom etmoqda, shaharning bir qismida nazorat DXR qo‘lida qolmoqda, mahalliy aholi vafot etganlarni ko‘chalarga ko‘mmoqda.

Rossiyaning Ukrainaga bosqinidagi asosiy yangiliklar harbiy harakatlar maydonidan emas, Istanbuldan keldi, Ukraina Rossiya bilan muzokaralardan keyin yana bir bor harbiy harakatlar markazi Donbass bo‘lishi haqida bayonot berdi. Bu vaqtda Yevropaning qator mamlakatlari o‘nlab rossiyalik diplomatlarni chiqarib yubordi, Rossiya mudofaa vaziri Shoygu esa ikki haftadan oshiq tanaffusdan so‘ng yana jamoatchilikka ko‘rinish berdi. 

Nikolayev ma’muriyati binosi raketa hujumlaridan keyin. 12 kishi halok bo‘lgan
Petros Giannakouris / AP / Scanpix / LETA

Ukraina va Rossiya delegatsiyalarining Istanbulda o‘tkazilgan navbatdagi muzokaralaridan keyin Rossiya delegatsiyasi vakili, mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin mohiyatan rossiyalik harbiylar o‘tgan hafta oxiridan ayta boshlagan gaplarni takrorladi: u Rossiya armiyasi Ukraina shimolida, Kiyev va Chernigov oblastlari hududida intensiv harbiy harakatlarni keskin qisqartirishini aytdi.

Undan oldinroq Rossiya mudofaa vazirligi vakillari harbiy kampaniyaning asosiy fokusi Donbassga qaratilayotgani haqida gapirgandi. Xususan, 25 mart kuni Rossiya Bosh shtab bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i Sergey Rudskoy Ukrainadagi maxsus operatsiyaning birinchi bosqichi yakunlarini sarhisob qilgandi va asosiy vazifa «Donbassni ozod qilish»  bo‘lib qolayotganini ta’kidlagandi.

Seshanba kuni selektor yig‘ilishida ishtirok etgan Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyaning asosiy vazifalari bajarilganini, shuning uchun endi asosiy maqsad – Donbassni ozod qilishga e’tibor qaratish imkoniyati yuzaga kelganini aytdi. U 11 martdan buyon ilk bor ommaga ko‘rinib, bayonot berdi (uning ikki haftadan ortiq vaqt mobaynida axborot maydonidan yo‘q bo‘lib qolishi turli farazlarni tug‘dirgan, jumladan u qattiq betobligidan tortib, iste’foga chiqarilganigacha gaplar tarqalgandi).

Ukraina Bosh shtabi seshanba kuni Rossiyaning ayrim bo‘linmalari olib ketilgani va Kiyev atrofidagi ayrim aholi punktlari ozod etilgani haqida xabar berdi.

Umuman olganda esa, Ukraina ham, uning ittifoqchilari ham rossiyaliklarning bu bayonotlariga ishonchsizlik bilan yondashmoqda. AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Britaniya bosh vaziri Boris Jonson rossiyaliklarning aytgan gaplari qilayotgan ishlariga to‘g‘ri kelmasligi va ularga faqat ishlari bo‘yicha baho berilishi haqida gapirishdi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy millatga har kungi videomurojaatida Istanbuldagi muzokaralar jarayoniga izoh berdi. «Biz muzokaralar maydonida eshitgan signallarni ijobiy deb atashimiz mumkin, ammo bu signallar Rossiya snaryadlarining ovozlarini bosib qo‘ya olmaydi», degan Zelenskiy.

U mamlakatda vaziyat yaxshilanib qolmaganini qayd etgan va Moskvaning Kiyevga hujum to‘xtatilgani haqidagi bayonotlariga aldanmaslikka chaqirgan. «Biz tajovuzkor davlat vakillarining so‘zlariga ishonish uchun asos ko‘rmayapmiz», degan Zelenskiy.

Shu munosabat bilan u Rossiyadan sanksiyalarni yechish masalasini muhokama qilishga hali vaqtli ekanini ta’kidlagan. «Urush yakunlanmas ekan, biz hududlarimizni qaytarib, adolatni tiklamas ekanmiz, sanksiyalar masalasini ko‘tarib bo‘lmaydi», degan Ukraina prezidenti.

Rossiya delegatsiyasi vakili Vladimir Medinskiy Istanbuldagi uchrashuvdan keyin Ukrainaning muzokaralardagi takliflarini bayon etdi. Medinskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari, shuningdek Turkiya va Isroilning aniq va qat’iy kafolati evaziga bloklardan xoli davlat maqomiga rozi bo‘ladi.

Lekin harbiy harakatlar odatdagidek davom etdi. Frontda jiddiy ilgarilash kuzatilmagan - faqat yuqorida keltirilganidek, Ukraina tomoni Kiyev atrofida qarshi yurish qilmoqda, shuningdek, Xerson oblastida ham bir qancha aholi punktlari qaytarib olingan.

Rossiya Ukrainaning turli shaharlaridagi turli nishonlarga raketa uchirmoqda. Xususan, 29 mart tongida Nikolayev oblasti ma’muriyati binosiga hujum qilindi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, xarobalar ostidan 12 kishining jasadi olib chiqilgan, 33 kishi yaralangan. Oblast gubernatori, urush davrida o‘z videohisobotlari bilan internet yulduziga aylangan Vitaliy Kim jabrlanmagan, uning o‘zi aytishicha, «uxlab qolgani» sababli ishga kech qolgan va bu uning hayotini saqlab qolgan.

Bundan tashqari, rossiyaliklar turli shaharlarda yonilg‘i saqlash bazalariga hujumlar uyushtirgan.

Yevropaning qator mamlakatlari demarsh amalga oshirishdi va ikki kun ichida 50 nafarga yaqin rossiyalik diplomatlar josuslikda ayblanib, chiqarib yuborildi.

Belgiya seshanba kuni 21 nafar rossiyalik diplomat chiqarib yuborilgani haqida e’lon qildi, Niderlandiya - 17, Irlandiya - 4. Urushdan oldinroq Rossiya elchixonasi xodimlari sonini keskin qisqartirgan Chexiya bir nafar diplomatni josuslikda gumonlagan, Shimoliy Makedoniya esa dushanba kuni besh nafar rossiyalikni persona non-grata deb e’lon qilgandi.

Rossiya esa seshanba kuni Boltiqbo‘yi davlatlaridan bo‘lgan to‘qqiz diplomatni persona non-grata deb e’lon qildi. Bu ikki hafta muqaddam Estoniya, Latviya va Litvadan rossiyalik diplomatlar chiqarib yuborilganiga javob bo‘ldi.

DXR harbiylari Mariupol yo‘lida. 28 fevraldan buyon shahar qamalda qolmoqda
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
«Pravyy sektor» bataloni artilleriyasi. Batalon 26 yoshli Ukraina qahramoni, 2014 yilda Donbassda jang qilgan Dmitriy Kotsyubayloning chaqiruv belgisidan keyin «Da Vinchi bo‘rilari» nomi bilan ham tanilgan. 
Stas Yurchenko / Gʼrati
Ukrain harbiy xizmatchisi front chizig‘idagi tashlab ketilgan uyda o‘yinchoq avtomatni tutib turibdi. Kiyev oblasti
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA
Oldingi pozitsiyadagi ukrain askari dam olmoqda. Kiyev oblasti
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA
Kiyev shimolidagi okoplarda turgan ukrain askarlari
Vadim Ghirda / AP / Scanpix / LETA
Nikolayev o‘qqa tutilishi oqibatlari
Petros Giannakouris / AP / Scanpix / LETA
O‘z yaqinlari taqdiri bo‘yicha yangilik kutayotgan ayol yig‘lamoqda. Nikolayev
Nacho Doce / Reuters / Scanpix / LETA
Ukrain politsiyachisi yirik kalibrli pulemyot bilan qurollangan sport mashinasida. Nikolayev
Bulent Kilic / AFP / Scanpix / LETA
Mahalliy aholi vakillari Mariupolda ko‘chada qabr qazimoqda
Alexei Alexandrov / AP / Scanpix / LETA
Donetsk Xalq Respublikasi harbiylari Mariupol atrofidagi janglarda jabrlangan turar joy binosi fonida suratga tushmoqda
Alexei Alexandrov / AP / Scanpix / LETA
Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid