Abramovichda zaharlanish alomatlari kuzatilgani aytildi: bu suiqasdmi yoki ogohlantirish?
The Wall Street Journal rossiyalik milliarder Roman Abramovichda 3 mart kuni Kiyevda Ukraina tomoni bilan muzokaralarda ishtirok etgach, zaharlanish alomatlari kuzatilgani haqida yozdi. Nashrga ko‘ra, bunday alomatlar Ukraina delegatsiyasi vakillarida ham kuzatilgan. Bu holat yaxshigina shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
The Wall Street Journal surishtiruvidan ko‘p o‘tmay Bellingcat ham shunday ma’lumot tarqatdi. Reuters AQSh razvedkasiga tayanib bu suiqasd bo‘lmaganini yozdi.
WSJ muxbirlari Yaroslav Trofimov va Maks Kolchester Ukrainadagi uchrashuvlardan keyin Abramovich va Ukraina delegatsiyasining ikki vakilida ko‘z qizarishi, doimiy va og‘riqli ko‘z yosh ajralishi, yuz va qo‘l terisining po‘sti ajralishi holatlari kuzatilgani haqida ma’lumotga ega bo‘lishgan. Xabarda yozilishicha, ukrainalik muzokarachilardan deputat Rustem Umerovda (Vikipediyaga ko‘ra, Samarqandda tug‘ilgan qrimtatar millatiga mansub siyosatchi) ham yuqoridagi alomatlar kuzatilgan. Keyinchalik uning holati yaxshilangan.
BBC bilan suhbatda bo‘lgan Abramovichning yaqinlaridan biri milliarder Kiyevdagi tinchlik bo‘yicha muzokaralar vaqtida zaharlanish alomatlarini his qilganini tasdiqladi. Keyinchalik Abramovichning vakili ham unda yuqoridagi alomatlar sezilganini aytdi.
WSJ'ning yozishicha, Abramovich urush boshlangandan buyon Kiyevga va Lvovga borgan, hatto Zelenskiy bilan shaxsan uchrashgan. Abramovichni zaharlanish alomatlari aniqlanganidan 10 kun o‘tib Tel-Aviv aeroportida uchratishgan. Nashr manbasi milliarderning zaharlanishi ortida Moskvadagi muzokaralar samarali yakunlanishini istamayotgan qandaydir kuchlar turgani haqida aytgan.
Simptomlar va versiyalar
BBC bilan suhbatda bo‘lgan Abramovichning yaqini yana bir qancha tafsilotlar haqida gapirganki, ular haqida yuqoridagi jurnalistlik surishtiruvlarda aytilmagan. Suhbatdoshga ko‘ra, Abramovichda yuqorida aytilgan alomatlar Kiyevga borishidan ikki hafta avval kuzatilgan.
O‘shandan keyin Abramovich Rustem Umerov bilan Polsha orqali Istanbulga borishgan. «Uyg‘ongach, ular o‘zini yomon his qilgan, qattiq bosh og‘rig‘i kuzatilib, ko‘rish bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lgan», degan Abramovichning yaqini. Uning aytishicha, milliarder bir muddat ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan, terisida po‘st ajralishi kuzatilgan. Umerovda esa bunchalik jiddiy alomatlar bo‘lmagan. Ularning ikkisiga ham mahalliy shifokorlar yordam ko‘rsatgan.
Bir necha kundan keyin Abramovichda alomatlar o‘tib ketgan. Shundan keyin u yana Kiyevga borgan. Taxminlardan biri sifatida zaharli modda havoga purkalgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
«Shunchaki ogohlantirish»
Germaniyalik kriminalistlar Abramovich va ukrainalik muzokarachilarni tekshirganda, ularning tanasidan hech qanday zahar topilmagan. Insonni falaj qiluvchi kimyoviy qurollar tanada ma’lum muddat bo‘lgach, keyin chiqib ketishi ma’lum.
«Bu suiqasd emas, shunchaki ogohlantirish bo‘lgan», deydi Bellingcat jurnalisti Xristo Grozev. Bellingcat surishtiruvida yozilishicha, zaharli modda miqdori insonni o‘ldirish uchun yetarli bo‘lmagan va buni qo‘rqitish deb qabul qilish mumkin.
«Kimyoviy qurol bo‘yicha mutaxassis va vrachning fikricha, alomatlardan kelib chiqqan holda porfirin, organofosfat yoki boshqa biror bisiklik modda ishlatilganini taxmin qilish mumkin. Bu borada yakuniy xulosaga kelish esa imkonsiz, chunki o‘sha vaqtda jabrlanganlardan tezda namuna olib, kerakli laboratoriya sharoitida o‘rganishning imkoni bo‘lmagan», deyiladi Bellingcat surishtiruvida.
Ikki yil avval rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniy ham organofosfat qatoriga kiruvchi og‘u bilan zaharlangandi. Bu haqda Germaniyada o‘tkazilgan klinik tekshiruvlar xulosasida aytilgan. Navalniy 2020 yil avgust oyida Tomskdan Moskvaga qaytayotganda samolyotda o‘zini yomon his qilgan va uchoq Omsk aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan. Kasalxonada Navalniy zaharlangani ma’lum bo‘lgandi. Rossiya hukumati esa Navalniy mamlakat hududida zaharlanganini ham tan olmaydi.
Razvedka: bu zaharlanish emas
Reuters axborot agentligi AQSh razvedkasi ma’lumotlariga asoslanib yozishicha, Abramovichda yuz bergan holat zaharlanish alomati emas, bu atrof-muhit bilan bog‘liq muammo. AQSh rasmiy vakillari ham Abramovich va ukrainalik muzokarachilarda kuzatilgan qusish holati ekologik muammo bilan bog‘liqligini aytgan.
Abramovich va sanksiyalar
Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, G‘arb Kreml bilan, xususan, Putin bilan yaqin munosabatda bo‘lgan deb hisoblaydigan odamlarga qarshi sanksiyalar qo‘llay boshladi. Abramovich ham sanksiyalardan quruq qolmadi. Oqibatda o‘ziga tegishli bo‘lgan «Chelsi» klubini sotuvga qo‘yishga majbur bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, Abramovichning transport vositalari – yaxtalari, samolyotlari ham sanksiyalarga uchray boshladi. Ammo Abramovich Kiyev va Moskva o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi bo‘lishi haqida xabarlar paydo bo‘lishi fonida uning transport vositalarini nazorat qiluvchi biznes hamkori Yevgeniy Shvidlerga qarshi joriy qilingan transport sanksiyalari bekor qilindi.
Oldinroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy amerikalik hamkasbi Jo Bayden bilan suhbatda Abramovichga qarshi sanksiya qo‘llamay turishni, u muzokaralarda yordam berishi mumkinligini aytgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Abramovichning muzokaralarda ishtirok etayotgani uzoq vaqt faqat mish-mish ko‘rinishida tarqaldi. Ammo 29 mart kuni Istanbulda o‘tgan Ukraina – Rossiya muzokaralarining navbatdagi raundida Abramovich ham ko‘rinish berdi. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov milliarder muzokaralarda Kremlning roziligi bilan ishtirok etayotganini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham, rossiyalik milliarder Roman Abramovich ham yahudiy millatiga mansub. Abramovich «Chelsi» klubining sotilishidan tushgan foydani Ukrainadagi urushdan jabrlanganlar uchun ishlatilishini ma’lum qilgandi.
Mavzuga oid
12:05 / 21.12.2023
Yevropa sudi Abramovichning YeI sanksiyalari bo‘yicha da’vosini rad etdi
08:21 / 08.12.2023
Litva Abramovichning farzandlariga fuqarolik berilgani holatini tekshirmoqda
20:36 / 04.07.2023
Buyuk Britaniya «Chelsi»ni sotishdan tushgan pulni faqat Ukrainada sarflashga ruxsat berdi
10:04 / 03.04.2023