Rossiyalik biznesmen Roman Abramovich o‘ziga tegishli bo‘lgan britan futbol klubi «Chelsi»ni sotishga qaror qildi.
Biznesmen klub sotuvidan tushgan pullar xayriya fondiga o‘tkazilishi va Ukrainadagi urushdan jabr ko‘rganlarga yordam uchun ajratilishini ma’lum qilgan.
«Bu men uchun hech qachon biznes bo‘lmagan. Shunchaki bu o‘yinni va jamoani yaxshi ko‘raman. Klubning sotilishidan tushgan pullar maxsus fondga o‘tkaziladi. Fond Ukrainadagi urushdan jabr ko‘rganlarga xayriya qilish uchun sarflanadi. Fonddagi pullar kechiktirib bo‘lmaydigan narsalar sotib olishga, shuningdek, [Ukrainani] tiklash jarayoniga sarflanadi.
Bu qarorni qabul qilish oson bo‘lmadi. Klubdan bu tarzda ketish juda qiyin bo‘lyapti. «Stemford Brij»ga oxirgi marta borib, barchangiz bilan xayrlashishga umid qilaman. Birgalikda qo‘lga kiritgan g‘alabalarimizdan faxrlanaman. «Chelsi» va muxlislari doim yuragimda qoladi. Hammangizga rahmat. Roman», deb yakunlagan Abramovich bayonotini.
OAVda xabar qilinganidek, Abramovich Rossiyaning Ukrainaga bosqini tufayli Buyuk Britaniyadagi aktivlari sanksiya ostiga tushishi mumkinligi uchun ularni sotishga kirishgan.
24 fevral kuni Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Rossiya banklari va amaldorlariga qat’iy sanksiyalar haqida e’lon qilgan, shuningdek, yuzdan ortiq shaxslar va kompaniyalar aktivlari muzlatilishi mumkinligini aytgandi.
Bundan tashqari, Jonson badavlat rossiyaliklar o‘z boyligini qanday topgani bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazishni va’da qilgandi. «Oligarxlar hech qayerga yashirina olmaydi», degandi u.
Roman Abramovich 2003 yilda «Chelsi»ni angliyalik Kena Beytsdan 140 million funt evaziga sotib olgandi va uni rivojlantirish uchun 1,5 milliard funtdan ortiq mablag‘ sarflagan.
Bu davr mobaynida «Chelsi» to‘rt karra Angliya chempioni bo‘ldi, Chempionlar ligasi va Yevropa ligasida ikki martadan g‘olib chiqdi, besh bor Angliya Kubogida, uch marta Angliya Ligasi Kubogida hamda ikki marta Angliya Superkubogida bosh sovrinni o‘ziniki qildi.
2021 yil avgustida londonliklar UYeFA Superkubogini qo‘lga kiritgan, bir oy muqaddam klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida zafar quchgan. Shu tariqa, Abramovich rahbarligida «Chelsi» qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan barcha yutuqlarga erishgan.


















