O‘zbekiston | 16:58 / 31.03.2022
3915
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekistonda tizimli majburiy mehnat va bolalar mehnati yo‘q deb ishonch bilan ayta olamiz” – Tanzila Norboyeva

31 mart kuni “O‘zbekistonda munosib mehnatni ilgari surish: insonga yo‘naltirilgan yondashuv” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Foto: Kun.uz

Xalqaro konferensiya Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorligida munosib mehnat tamoyillarini takomillashtirish jarayonlarida xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirishda yangi taklif va g‘oyalarni ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi T.Norboyeva, Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori G.Rayder, uning o‘rinbosari X.Koller, BMT, YeTTB, Yevropa ittifoqi va qator xalqaro tashkilotlardan 100 ga yaqin mutaxassislar va ekspertlar, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, shuningdek, Oliy Majlis palatalari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan T.Norboyeva O‘zbekistonda tizimli majburiy mehnat va bolalar mehnati yo‘q deb, ishonch bilan aytish mumkinligini ta’kidladi.

“Mamlakatimizda mustaqil fuqarolik jamiyati vakillari bilan hamkorlikda XMT tomonidan o‘tkazilayotgan Uchinchi tomon monitoringi natijalari buning yaqqol isbotidir.

“Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan O‘zbekiston paxtasiga qo‘yilgan global boykot bekor qilinishi keng ko‘lamli islohotlar samaradorligining yorqin misoli bo‘ldi.

Albatta, biz bu bilan to‘xtab qolmaymiz, bundan keyin ham boshqa dolzarb bo‘lgan tarmoqlar bo‘yicha ishlar davom ettiriladi. Masalan, shu yilning o‘zida umumiy ovqatlanish sektorida mehnat sharoitlarini o‘rganishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Qurilish sohasida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari tez orada taqdim etiladi. Ushbu natijalar tahlili asosida tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqiladi”, – deya Tanzila Norboyevaning so‘zlarini keltirdi Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, tadbirda Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori ham chiqish qildi.

O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan yangi Mamlakat dasturi BMTning O‘zbekiston uchun barqaror rivojlanish maqsadlari sohasida hamkorlik dasturiga to‘liq mos keladi va O‘zbekiston dunyodagi bunday dasturni qabul qilgan birinchi mamlakat hisoblanadi”, – dedi Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori G.Rayder.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan O‘zbekistonda munosib mehnat tamoyillarini yanada rivojlantirish yuzasidan yangi loyihalar ishlab chiqishga kelishib olindi.

Mavzuga oid