Rossiya Ukrainaga hujum qilishiga ishonmagan fransuz razvedkasi rahbari lavozimini tark etdi
Fransiya harbiy razvedkasi rahbari general Erik Vido armiya rahbariyati taklifi bilan razvedka xizmati Fransiya rahbariyatiga Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirish rejalari haqida yetarli ma’lumot bera olmagani uchun o‘z lavozimini muddatidan oldin tark etdi.
Amerika va Britaniya razvedka xizmatlari Rossiya keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlashi to‘g‘risida aniq prognozlar bergan bir vaqtda, fransuz razvedkasi bunday tajovuz ro‘y berishining ehtimoli kam, deb hisoblagandi.
Endi esa general Vido Harbiy razvedkasi boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan bu lavozimga tayinlanganidan yetti oy o‘tib ketishga majbur bo‘ldi, uning iste’fosi «rahbariyatni yetarlicha xabardor qila olmagani» va «mavzudan yetarlicha xabardor bo‘lmagani» bilan izohlangan. U 2021 yilning yoziga qadar Fransiyaning maxsus operatsiyalar qo‘mondonligini (Commandement des Operations Speciales yoki COS) boshqargan.
O‘z navbatida, AFP agentligi harbiy doiralardagi manbasiga asoslanib xabar berishicha, general va uning muassasasining vazifasi rahbariyatga dushmanning rejalari haqida emas, harakatlari haqida xabar berish bo‘lgan. General Vido xizmati esa Rossiya Ukrainaga bostirib kirish uchun barcha imkoniyatlarga egaligi haqida xulosa tayyorlagan, keyingi voqealar esa, manbaning so‘zlariga ko‘ra, general xato qilmaganini ko‘rsatgan.
Mart oyi boshida Fransiya qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i general Terri Burkxard intervyulardan birida fransuz razvedkasi Putinga qo‘shimcha bosim o‘tkazish maqsadida o‘z ixtiyoriga kelib tushgan ma’lumotlarni ochiqlagan Amerika va Britaniya razvedkasi darajasiga chiqa olmaganini tan olgandi.
«Amerikaliklar ruslar hujum qilishini aytishdi va bu rost bo‘lib chiqdi. Bizning razvedka esa, Ukrainaga bostirib kirishning to‘lovi dahshatli bo‘lishi va ruslar Vladimir Zelenskiy hukumatini ag‘darishning boshqa imkoniyatlariga ham egaligini taxmin qildi», degandi o‘shanda u Le Monde gazetasiga bergan intervyusida.
Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron esa bosqin boshlangan 24 fevralga qadar ham Putinning asl niyatidan bexabar holda u bilan doimiy ravishda muloqot qilib keldi.
Razvedka bo‘yicha professor Aleksandr Papaemmanuelning fikricha esa, bu holatda faqatgina harbiy razvedkachilarning o‘zini ayblash to‘g‘ri emas, butun Fransiya razvedka xizmati xatoga yo‘l qo‘ygan.
Qolaversa, general Vidoning iste’fosining boshqa sabablari ham bo‘lishi mumkin.
U harbiy razvedka boshlig‘i lavozimiga tayinlanganidan bir necha hafta o‘tib Avstraliya Fransiya bilan suvosti kemalari qurish bo‘yicha ko‘p milliard dollarlik shartnomani bekor qilgan va buning o‘rniga AQSh va Britaniya bilan xavfsizlik va hamkorlik bo‘yicha kelishuv (AUKUS pakti bo‘yicha Avstraliya o‘zi mustaqil ravishda atom suvosti kemalarini qurishi mumkin bo‘ldi) tuzgandi. Fransuz razvedkasi voqealarning bunday rivojini oldindan ko‘ra olmagan va bu Fransiya uchun yoqimsiz diplomatik mojaroga sabab bo‘lgandi.
Mavzuga oid
21:09 / 05.11.2024
Saylovdan keyin Amerika Rossiya va Ukrainaga nisbatan siyosatini o‘zgartiradimi?
15:30 / 05.11.2024
Zelenskiy: Oktyabrda Ukrainaga 2 mingdan ortiq dron hujum qildi
14:50 / 05.11.2024
Janubiy Koreya Ukrainaga kuzatuvchilar va tahlilchilar guruhini yuborish imkonini ko‘rib chiqmoqda
11:10 / 05.11.2024