Jahon | 14:18 / 06.04.2022
31026
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvadagi ommaviy mushtlashuvdan so‘ng 85 nafar o‘zbekistonlik migrant qo‘lga olindi

Moskvada mehnat migrantlari ishtirokida yuz bergan ommaviy mushtlashuv yuzasidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi O‘zbekiston elchixonasi bilan birgalikda o‘rganish ishlarini boshladi.

Foto: Videodan kadr

Agentlik xabariga ko‘ra, 2022 yilning 1 aprel kuni korxonada ishlovchi ikki xodim o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik oqibatida mushtlashuv yuz bergan va keyinchalik mushtlashuvga ikki tomondan ham ishchilar aralashib ketgan.
 
Ish beruvchi vakillari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi vaqtda 85 nafar o‘zbekistonlik va 41 nafar tojikistonlik mehnat migrantlari hibsga olingan. Ularning 20 nafariga nisbatan deportatsiya qilish chorasi qo‘llanishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi elchixona bilan birgalikda vakolatli tashkilotlar orqali mazkur masalani ijobiy hal etish choralarini ko‘rayotgani aytilgan.

“Shu o‘rinda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yurtdoshlarimizdan ushbu davlat qonunlariga rioya qilishni, nizoli vaziyatlarga aralashmaslikni, muammoli yoki nizoli vaziyatlarda vakolatli organlar hamda mamlakatimizning ushbu davlatdagi diplomatik idoralariga murojaat qilishni so‘raydi”, deyiladi rasmiy ma’lumotda.

1 aprel kungi ommaviy mushtlashuv Moskvadagi «Serdse stolitsi» yashash kompleksi yaqinidagi qurilish maydonida sodir bo‘lgan.
 
TASSning o‘z manbasiga tayanib yozishicha, politsiya bo‘limiga mushtlashuvda qatnashgan 120 kishi olib kelingan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid