Savol. Kimlar Ramazon ro‘zasini tutishlari lozim, shuningdek, kimlarga bu borada yengilliklar berilgan?

Javob: Har bir aqlli, balog‘atga yetgan musulmon uchun Ramazon ro‘zasini tutish – farzi ayndir.

Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda: Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz», deydi (Baqara surasi, 183-oyat).

Boshqa oyatda esa: «Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin», deb buyuradi (Baqara surasi, 185-oyat).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: «Islom besh narsa ustiga qurilgan: Allohdan o‘zga iloh yo‘q, deb guvohlik berish, namozni qoim qilish, zakotni berish, baytni haj qilish va Ramazon ro‘zasini tutish», deganlar (Muttafaqun alayh, Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilingan). Boshqa hadisda esa: «Ramazon oyingizda ro‘za tutinglar», deb buyurganlar (Imom Termiziy Abu Umomadan rivoyat qilingan).

Ro‘zaning farzligiga ijmo-ulamolar ittifoqi bor, bunga hech kim xilof qilmagan.

Shariatimiz ikki toifa kishilarni ro‘za tutmasliklariga ruxsat berib, o‘rniga Ramazonning har bir kuni uchun fidya berishni buyurgan.

Birinchisi: Qarilik sababli umuman ro‘za tutishga yaramaydigan, kundan-kunga jismonan zaiflashib borayotgan yoshi ulug‘ keksalar.

Ikkinchisi: Surunkali kasal bo‘lib, odatda tuzalishiga umid bo‘lmagan va ro‘za tutish ularning salomatligiga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan bemorlar.

Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan:

“(Ro‘za tutishga) madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi. Agar bilsangiz, ro‘za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir”, (Baqara surasi, 184-oyat).

Fidya – Alloh taolo bandalariga bergan yengillikdir.

Har kunlik fidyaning miqdori yarim so’ bug‘doy (taxminan ikki kilogramm) yoki bir so’ xurmo yoxud bir so’ arpadir. Bularning qiymatini berish bilan ham fidya ado bo‘ladi. Vatandoshlarimizga oson bo‘lishi uchun har yili Ramazon oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati tomonidan fidyaning o‘rtacha miqdori belgilanib,