Jahon | 09:18 / 06.04.2022
10946
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq Vengriyaga qonun ustuvorligi mexanizmini qo‘llaydi

Bryussel Budapeshtni Yevropa ittifoqi mablag‘larining «soyadagi kanallar orqali sizib chiqishiga» imkon yaratib berishda ayblamoqda. «Gap korrupsiya haqida ketmoqda», - dedi Yevrokomissiya rahbari.

Foto: ATTILA KISBENEDEK / AFP

Yevropa ittifoqi birinchi marta qonun ustuvorligi mexanizmini qo‘llashga tayyorlanmoqda. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen 5 aprel, seshanba kuni qonun ustuvorligi tamoyillari buzilgani munosabati bilan Vengriyaga qarshi choralar ko‘rilishini ma’lum qildi. Mexanizm Yevroittifoq budjetidan mamlakatga to‘lovlarni kamaytirish imkonini beradi.

«Gap korrupsiya haqida ketmoqda», dedi Ursula fon der Lyayyen. U Yevroparlament deputatlariga Yevrokomissiyaning Vengriya hukumatiga yo‘llagan maktubini ko‘rsatgan. Bryussel Viktor Orban hukumatini Yevropa ittifoqi mablag‘larining «soyadagi kanallar orqali sizib chiqishiga» imkon yaratib berishda ayblamoqda. Yevrokomissiya rahbari Budapeshtga yo‘llangan maktubning mazmuni haqida batafsil ma’lumot bermagan. 

Vengriya hukumati bunga javoban Bryussel xato qilayotganini bildirdi. Mamlakat bosh vaziri idorasi rahbari Gergel Gulyash Yevrokomissiyani «vengriyalik saylovchilarni hukmron partiya g‘alaba qozongan yakshanba kungi saylovlarda Bryussel didiga mos fikr bildirmagani uchun jazolamaslikka» chaqirdi. 3 aprel kuni Vengriyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Orbanning mamlakatni 12 yildan beri boshqarib kelayotgan «FIDES - Vengriya fuqarolik ittifoqi» partiyasi g‘alaba qozondi. 

Yevropa ittifoqining qonun ustuvorligi mexanizmi 2021 yil boshidan beri amal qilmoqda. Unda Yevrokomissiya qonun ustuvorligi buzilgani sababli puldan noto‘g‘ri foydalanish xavfi mavjud bo‘lgan davlatlarga qo‘shma budjetdan mablag‘lar ajratilishini qisqartirishi mumkinligi nazarda tutilgan. Polsha va Vengriya ushbu vosita o‘ziga qarshi qo‘llanilishidan qo‘rqib, 2021 yil mart oyida Lyuksemburg sudiga qonun ustuvorligi mexanizmiga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Biroq sud bu da’volarni rad etdi. 

Vengriya bosh vazirining tanqidchilari uni o‘z boshqaruvi davrida mamlakatdagi demokratik institutlarga putur yetkazganlik, ommaviy axborot vositalari erkinligi va sud mustaqilligini cheklaganlikda ayblamoqda. Yevrokomissiya Vengriyaga COVID-19 pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish jamg‘armasidan pul ajratishdan bosh tortdi, sababi Orban ular to‘g‘ri sarflanishi bo‘yicha haligacha ishonchli kafolatlar taqdim etmagan.

Mavzuga oid