Iqtisodiyot | 14:27 / 07.04.2022
17587
4 daqiqa o‘qiladi

Narxlar oshishiga nimalar ta’sir ko‘rsatdi? MB inflatsiya dinamikasi sharhini taqdim etdi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, narxlarning qimmatlashishiga tashqi iqtisodiy xatarlarning kuchayishi va o‘tgan oyda kuzatilgan milliy valuta kursining qadrsizlanishi sezilarli ta’sir o‘tkazgan.

Foto: iStockPhoto

Markaziy bank tomonidan 2022 yil mart oyi uchun inflatsiya dinamikasi sharhi taqdim etildi.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan oyda oziq-ovqat narxlarining 2,5 foizga qimmatlashishi umumiy inflatsiyaga 1 foiz bandlik, nooziq-ovqat tovarlari narxining o‘rtacha 1,1 foizga oshishi 0,4 foiz bandlik hamda xizmatlar narxining 0,4 foizga oshishi 0,1 foiz bandlik ta’sir ko‘rsatib, inflatsiya darajasi Markaziy bankning maqsadli ko‘rsatkichlari trayektoriyasidan yuqoriroq shakllangan.

Inflatsiyaning keskin oshishiga quyidagi omillar ta’sir ko‘rsatgan:

  • tashqi iqtisodiy xatarlarning kuchayishi;
  • yuqori noaniqliklar sharoitida mart oyida kuzatilgan milliy valuta kursining qadrsizlanishi;
  • mamlakat miqyosida keng nishonlangan bayramlar sabab avvalgi oylarga nisbatan iqtisodiy faollik va yalpi talabning sezilarli oshishi.

Oziq-ovqat mahsulotlari

Bug‘doy uni, yog‘, go‘sht, sut mahsulotlari, shakar va salqin ichimliklar narxlari mart oyi davomida sezilarli darajada qimmatlashgan bo‘lsa, banan va kartoshka narxlari arzonlashgan. Tuxum narxlari kuzatuv o‘tkazilayotgan paytda o‘tgan oyga nisbatan pasaygan bo‘lsa-da, mart oyining oxiriga kelib yana o‘suvchi dinamika hosil qilgan.

Shuningdek, shakar va un narxining oshishi ushbu mahsulotlardan ishlab chiqariladigan qandolat mahsulotlari, salqin ichimliklar narxlari o‘sishiga sabab bo‘lgan. Grechka, pishloq, kungaboqar yog‘i narxlarining eksportyor davlatlardagi (Rossiya va Qozog‘iston) ishlab chiqaruvchilar tomonidan keskin oshirilishi ichki bozorlarda ushbu mahsulotlar narxiga qo‘shimcha bosimni yuzaga keltirmoqda.

O‘z navbatida, kungaboqar yog‘i narxidagi o‘zgarishlar natijasida mahalliy ishlab chiqariladigan paxta yog‘i narxi ham ko‘tarilgan.

Kuzatuvlarga ko‘ra, ulgurji savdolarda yil boshiga nisbatan kungaboqar yog‘i 25 foizga va paxta yog‘i 12 foizga qimmatlashgan.

Meva va sabzavotlar narxlaridagi o‘zgarishlar esa mavsumiylik bilan xarakterlangan. Bunda so‘nggi haftalarda kuzatilgan salqin ob-havo bahorgi sabzavotlar yangi hosilining vegetativ davrini ma’lum muddatga sekinlashtirib, taklif tomondan bozor konyunkturasiga ta’sir qilgan.

«Broyler yetishtirishda zarur bo‘lgan ozuqa mahsulotlari asosan Argentina, Rossiya va Qozog‘istondan quruqlik transporti orqali, muzlatilgan tovuq go‘shti esa ko‘proq Turkiyadan import qilinadi. Bunda yanvar-mart oylarida ozuqa narxlarining o‘sishi, Turkiya va Yevropa davlatlarida parranda grippining keng tarqalishi jahon bozoridagi narxlarga va ma’lum kechikish bilan mahalliy bozorlarga ta’sir eta boshladi», deyiladi Markaziy bank sharhida.

Bundan tashqari, ozuqa narxlari qimmatligi sut mahsulotlari narxi o‘sishidagi muhim omillardan biri bo‘lib qolayotgani aytilgan.

Mart oyining dastlabki haftasida yangi avtomobillar narxining oshirilishi global yarimo‘tkazgichlar taqchilligi va butlovchi ehtiyot qismlari yetishmasligi bilan izohlangan.

Shuningdek, Ukrainadan farmatsevtika mahsulotlari yetkazib berilishidagi uzilishlar fonida dori vositalari narxi qimmatlashgan.

Qurilish mavsumi boshlanayotganligi sababli sementga bo‘lgan talabning ko‘payishi, shuningdek, ayrim korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari to‘liq hajmda ishlamasligi holatlari kuzatilib, bu ichki bozorlarda sement narxining qimmatlashishiga sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid