Shavkat Mirziyoyev yo‘llar sifatini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berdi
Yangi qurilayotgan sement-beton qoplamali yo‘llar sifati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish Bosh prokuraturaga topshirildi.
Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 aprel kuni kun tartibidagi masalalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
«Bugun muhokama qiladigan uchta masalamiz bevosita inson qadri bilan bog‘liq, xalqimizni rozi qilishga qaratilgan. Ularni bajarmaslikka hech qaysi rahbarning haqqi yo‘q.
Kun tartibidagi birinchi masalada ichki yo‘llar sifatini yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalarni muhokama qilamiz.
«Tashabbusli budjet» portali orqali aholidan tushgan 20 mingta yoki jami takliflarning 25 foizi ham ichki yo‘llarni yaxshilash bilan bog‘liqligi masalaning dolzarbligini ko‘rsatmoqda», dedi davlat rahbari.
Bu borada Andijon tajribasi ko‘rsatib o‘tildi. Viloyatdagi sement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan klaster tashkil etilib, olis va chekka mahallalardagi 23 kilometr qum-shag‘al yo‘llar sement-beton qoplamaga o‘tkazildi.
Ushbu 31 ta mahallada asfalt-beton o‘rniga sementdan foydalanish orqali qurilishdan 600 million so‘m iqtisod qilindi. Bu ishlarning hisobiga 350 ming dollarlik bitum importi uchun mablag‘ tejaldi.
Eng asosiysi, klaster o‘zi qurgan yo‘llarni 10 yil davomida kafolatli saqlashni zimmasiga olgan.
«Har bir viloyatda yirik sement korxonalari va xususiy korxonalar bilan birgalikda yo‘l qurish va ekspluatatsiya klasterlarini tashkil etish orqali ichki yo‘llarning egasini topish bo‘yicha topshiriq bergan edim.
Bu borada Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Qashqadaryo va Navoiydagi ishlar ahvoli qolgan hududlarga qaraganda hali sust», dedi prezident.
Bu hududlar hokimlariga masalaning ichiga kirib, jiddiy shug‘ullanishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
2022 yilda 2 ming 300 kilometr, shu jumladan Andijonda 270 kilometr, Farg‘onada 200, Qashqadaryo va Toshkent viloyatida 190, Navoiy, Namangan va Samarqandda 180, Buxoro, Jizzax va Surxondaryoda 170, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 160, Sirdaryoda 150 kilometr sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni barpo etish vazifasi qo‘yildi.
Buning uchun 2022 yilda sement ishlab chiqarish hajmi 3,5 million tonnaga ko‘payadi. Ya’ni joriy yil yakuni bilan mahalliy sement ishlab chiqarish hajmi 18 million tonnaga yetadi. Bu bilan ichki ehtiyojlar to‘liq qoplanishi ta’kidlandi.
Bosh prokuraturaga yangi qurilayotgan sement-beton qoplamali yo‘llar sifati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.
Shu bilan birga, Buxoro, Sirdaryo, Xorazm viloyatlarida sement korxonalari mavjud emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan «O‘zbekiston temir yo‘llari» ushbu viloyatlarda yo‘l qurish uchun temir yo‘l orqali sement va shag‘al tashishga 50 foiz chegirma beradigan bo‘ldi.
Yig‘ilishda yo‘l klasterlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 1 maydan boshlab yil yakuniga qadar import qilinayotgan sement-beton qoplamali yo‘l qurish texnikalari bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinishi belgilandi.
Mazkur ishlarga qo‘shimcha 500 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Joriy yilda xalqaro moliya tashkilotlaridan 80 million, kelgusi yilda bu ishlarni kengaytirish uchun 200 million dollar mablag‘ jalb qilish choralari ko‘riladi.
Poytaxtda ham 250 kilometr sement-beton qoplamali yo‘llar quriladi. Bu ishlar uchun Toshkent shahri mahallalarini obod qilishga ajratilgan 1 trillion so‘mga yana 200 milliard so‘m yo‘naltiradi.
Bulardan tashqari, 2022 yilda tuman markazlari va shaharlarda 670 kilometr piyoda va velosiped yo‘laklari barpo etish reja qilingani, ular ham sement-betondan bo‘lishi kerakligi aytildi.
Mart oyida 25 kun davom etgan yog‘ingarchilik drenaj tizimidagi kamchiliklarni ko‘rsatgan, shu bois ushbu yo‘laklarni loyihalashda lotoklar qurishga ham alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi.
Mavzuga oid
18:29 / 21.10.2024
Prezident Toshkentdagi drenaj tizimi borasida qat’iy e’tiroz bildirdi
21:11 / 17.09.2024
“Ko‘p narsa moliyalashtirishga bog‘liq” - Toshkentni toshqinlardan qutqarish rejasi tayyorlanmoqda
13:18 / 13.08.2024
Soliq qo‘mitasi yirik korxonalarning mahalliy budjetga to‘lovlarini hisobga olish tartibini joriy qiladi
18:00 / 12.08.2024