O‘zbekiston | 15:25 / 08.04.2022
2065
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston chet el sayyohlari uchun to‘liq ochiq – Turizm va madaniy meros vazirligi

Qayd etilishicha, 2022 yil oxiriga borib O‘zbekistonga 4,5 million nafargacha xorijiy sayyohlar kelishi kutilmoqda. 

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

O‘zbekistonda ichki sayyohlarning umumiy soni 2016 yildagi 8,8 milliondan 2019 yilda 14,7 millionga, 2021 yilda esa 15 milliondan oshgan. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, so‘nggi 4 yil ichida O‘zbekistonda 833 ta yangi mehmonxona foydalanishga topshirilgan. 

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2017 yilda mehmonxonalarning bandlik darajasi 39,3 foiz, 2019 yilda 53,1 foiz, pandemiyaning o‘tkir davrida – 22,1 foiz, o‘tgan yili 36,3 foizga teng bo‘lgan. 

Mehmonxonalarda istiqomat qilgan O‘zbekiston mehmonlari orasida mahalliy sayyohlar va mamlakat fuqarolaridan tashqari rossiyaliklar – 23,4 foiz, qozog‘istonliklar – 18,9 foiz, tojikistonliklar – 14,4 foiz, turkiyaliklar – 7,7 foizni tashkil etgan. 

2019 yilning pandemiyadan oldingi davrida 84,8 ming nafar chet el fuqarolari yashagan bo‘lib, umumiy ulushda eng ko‘p rossiyaliklar – 16,8 foizni, qozog‘istonliklar – 15 foizni, tojikistonliklar – 6,3 foizni, xitoyliklar – 6,1 foizni, afg‘onistonliklar – 5,7 foiz, turkiyaliklar - 5,5 foizni tashkil etgan.

“Ayni paytda O‘zbekiston chet el sayyohlari uchun to‘liq ochiq. Bu borada barcha cheklovlar olib tashlandi. O‘zbekistonda turizm sohasining jadal tiklanishida ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda va yuqoridagi raqamlar 2022 yil oxiriga kelib 4,5 million nafargacha xorijiy sayyohlar mamlakatimizga kirib kelishini ko‘rsatmoqda”, deyiladi Turizm va madaniy meros vazirligi xabarida.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid