O‘zbekiston | 17:37 / 11.04.2022
2393
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda asossiz chiqarilgan hokim qarori sud tomonidan haqiqiy emas deb topildi

Qarshi tumanlararo ma’muriy sudining 2022 yil 30 martdagi hal qiluv qarori bilan fermer xo‘jaligi manfaatiga zid tarzda chiqarilgan hokim qarori haqiqiy emas deb topilgan.

Foto: Yakkabog‘ tumani hokimligi

Biznes ombudsmanning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha vakilining Kun.uz’ga xabar berishicha, biznes ombudsman devoniga Yakkabog‘ tumanida faoliyat yurituvchi “Komilon” fermer xo‘jaligi hokim qaroridan norozi bo‘lib murojaat qilgan.

Biznes ombudsman tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvda aniqlanishicha, 2019 yil 28 sentabrda tuman hokimligi tomonidan fermer xo‘jaligiga sutni qayta ishlash loyihasini amalga oshirish uchun yer maydoni ajratilgan.

Fermer xo‘jaligi tomonidan loyihaning 50 foizdan ortig‘i amalga oshirilgan bo‘lishiga qaramasdan, tuman hokimining 2022 yil 26 yanvardagi 20-4-68-Q/22-son qarori bilan yer ajratish to‘g‘risidagi qaror bekor qilingan.

Ushbu holat yuzasidan biznes ombudsman tomonidan fermer xo‘jaligi manfaatida hokim qarori yuzasidan Qarshi tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qilingan.

Qarshi tumanlararo ma’muriy sudining 2022 yil 30 martdagi hal qiluv qarori bilan fermer xo‘jaligi manfaatiga zid tarzda chiqarilgan hokim qarori haqiqiy emas deb topilgan.

Ma’lumot uchun, “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasiga muvofiq vijdonan harakat qiluvchi manfaatdor shaxslarning ma’muriy hujjatga bo‘lgan ishonchi qonun bilan qo‘riqlanadi.

Bundan tashqari, Prezidentning 2021 yil 8 iyundagi PF – 6243-son “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining 4-bandiga muvofiq tuman va shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish huquqi 2021 yil 1 avgustdan bekor qilingan.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid