O‘zbekiston | 13:00 / 14.04.2022
3596
6 daqiqa o‘qiladi

Taraqqiyot strategiyasidagi vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha tuzilgan O‘zLiDeP ishchi guruhining faoliyati sarhisob qilindi

Foto: O‘zLiDeP

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uning “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha tuzilgan partiya ishchi guruhi tomonidan joriy yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.

Ta’kidlash joizki, Taraqqiyot strategiyasida belgilangan ushbu ustuvor vazifalarni amalga oshirish borasida O'zLiDeP'ning aniq chora-tadbirlar rejasi (“yo‘l xaritasi”) ishlab chiqildi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, mahalliy kengash deputatlari, partiya xodimlaridan iborat 21 ta ishchi guruh tuzildi. Xuddi shunday ishchi guruhlar 14 ta hududiy partiya tashkilotlarida ham tashkil etildi.

Foto: O‘zLiDeP

Har bir ishchi guruhga aniq maqsadlar belgilab berildi. Ishchi guruhlarning birinchi yig‘ilishlarida ularning ish rejalari tasdiqlab olindi. Ular tomonidan markazda vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda davra suhbatlari, axborot eshituvlar tashkil etilgan bo‘lsa, hududlarda belgilangan vazifalar amalga oshirilishi bo‘yicha nazorat-tahlil tadbirlari o‘tkazildi.

Unga ko‘ra joriy yilning birinchi choragida ishchi guruhlar tomonidan 171 marotaba o‘rganishlar o‘tkazilgan. Mazkur o‘rganishlarda tegishli vazirlik va idoralarning axborotlari tinglandi, partiya elektorati bilan sohadagi kamchiliklar muhokama qilinib, tegishli taklif va tavsiyalar shakllantirildi. Mazkur takliflar doimiy ravishda vazirliklarga berib borilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan 2 111 ta tadbir o‘tkazilgan. Jumladan, 963 marotaba davra suhbati, 379 marotaba seminarlar, 429 marotaba mahalliy kengashlardagi partiya deputatlik guruhlarida mansabdor shaxslarning eshituvi amalga oshirilgan.

Foto: O‘zLiDeP

Shuningdek mahalliy kengashlardagi O'zLiDeP deputatlik guruhlari tomonidan 376 ta o‘rganish amalga oshirildi. Ular asosida o‘tkazilgan deputatlik eshituvlari va deputatlik nazoratlari yakuni bo‘yicha jami doimiy komissiyalarga 552 ta, hududiy Kengashlar sessiyalariga 405 ta taklif kiritilib, shundan 273 tasi bo‘yicha sessiya qarorlari chiqarilgan.

Yig‘ilishda partiya ishchi guruhlari tomonidan hududlarda tadbirkorlik, investitsiyalar, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish hamda mahallabay ishlash yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ham tahlil qilindi.

Xususan, hududlar kesimida joylarda tadbirkorlik (oilaviy tadbirkorlik)ni rivojlantirish, 200 ta yangi sanoat zonalarini tashkil etish, biznes-inkubatorlar tizimini rivojlantirish, Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan omillarni o‘rganish, qishloq xo‘jaligiga intensiv rivojlanish mexanizmlari, fermer va dehqonlarning daromadlarini oshirish yo‘llarini joriy qilishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqish, investitsiyalarni jalb qilish holati ustidan doimiy monitoringni yo‘lga qo‘yish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘rganishlar olib borildi.

Foto: O‘zLiDeP

O‘rganishlar natijasida 141 ta muammo aniqlangan hamda ularning yechimi bo‘yicha 104 ta taklif kelib tushgan. Mazkur takliflarning barchasi Ishchi guruh a’zolari tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda batafsil o‘rganib chiqilmoqda.

Taraqqiyot strategiyasining ijtimoiy sohani amalga oshirish, ya’ni xotin-qizlar va yoshlar masalasi ham eng muhim yo‘nalishlardan biri sanaladi. Bu borada joylarda, ayniqsa eng chekka qishloqlarda “Bugunning tadbirkor ayoli”, “Mening biznes g‘oyam”, “Namunali tomorqachi ayol – farovonlik bunyodkori!”, “Bir deputat – yuz ayolga ko‘makchi!”, “Men ham tadbirkor bo‘laman” kabi bir qator partiyaviy loyihalar hamda tadbirkorlik sub’yektlariga biznes turlar tashkil qilindi. Bu orqali ishsiz xotin-qizlar, yoshlar turli kasb-hunarlarga o‘qitilib, o‘z bizneslarini boshlashdi va bandligini ta’minlashga erishildi.

Bundan tashqari “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar bilan tizimli ishlar tashkil qilinib, bu borada mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ustidan jamoatchilik va deputatlik nazorati o‘rnatildi.

Yig‘ilishda davlat boshqaruvi, ta’lim, tibbiyot, ma’naviyat va umumbashariy muammolar yo‘nalishida ham partiya ishchi guruhlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

Majlisda taraqqiyot strategiyasida belgilangan ushbu vazifalar ijrosini ta’minlashda ikkinchi chorak davomida ham samarali faoliyatni yo‘lga qo‘yish borasida aniq ko‘rsatmalar berildi.

Foto: O‘zLiDeP

Majlisda shuningdek O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining 2021 yil budjeti ijrosi va 2022 yil uchun budjetini tasdiqlash masalasi muhokama qilindi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

O'zLiDeP matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid