O‘zbekiston | 12:03 / 20.04.2022
14296
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda sodir bo‘lgan YTHda yo‘lovchi vafot etdi

YTH oqibatida 26 yoshli yigit voqea joyida halok bo‘lgan. 18 yoshli qiz og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Videodan kadr

Surxondaryo viloyati IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 8 aprel kuni soat 15:50 larda 4R-105 avtomobil yo‘lining Boysun tumani To‘da mahallasi hududidan o‘tgan 17-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

1998 yilda tug‘ilgan haydovchi Nexia mashinasi bilan Boysun-Termiz yo‘lida harakatlanayotib qoidalarga zid ravishda tezlikni oshirgan va boshqaruvni yo‘qotib yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketgan. So‘ng ro‘paradan kelayotgan 1998 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvida bo‘lgan Nexia bilan to‘qnashgan.

Oqibatda Nexia mashinasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan 1996 yilda tug‘ilgan yigit og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan. 2004 yilda tug‘ilgan qiz esa og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Boysun tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida oraliq masofani saqlamagan Damas ag‘darilib, multiradar o‘rnatilgan Cobalt mashinasiga kelib urilgan, oqibatda 6 yoshli bola vafot etgandi.

Mavzuga oid