O‘zbekiston | 21:30 / 21.04.2022
20750
3 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligi jazoning muqarrarligidami yoki uning og‘irligida? - ekspert bilan suhbat

Korrupsiyaga qarshi kurashishda jazoning muqarrarligi muhimroq, faqat uni to‘g‘ri qo‘llash kerak. Jazoning og‘irligi esa faqat qisqa muddatli natijalar berishi mumkin. Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha mutaxassis, falsafa ad’yunkt-professori Qodir Quliyev O‘zbekistonda olib borilayotgan antikorrupsion siyosat samaradorligi mavzusida Kun.uz bilan suhbatda shu va boshqa fikrlarni bildirib o‘tdi.

– Mansabdorlar va fuqarolarni korrupsiyaviy jinoyatlardan qaytarishda qaysi omil muhimroq: huquqbuzarlar uchun jazoning muqarrarligimi yoki jazoning og‘irligimi?

– Juda ko‘p holatlarda aniq jazoga tortilishi muhimroq. Jazoning og‘irligi bo‘lsa… yo‘q. Javobimga tadqiqot va isbotlangan, psixologik nuqtayi nazaridan yondashaman. Inson o‘zi qilgan ishining uzoq muddatli natijasini inobatga olmaydi. Masalan, rulda o‘tiribsiz, mashina haydayotganda SMS yozish mumkin emas yoki xavfsizlik kamarini taqish kerak. Chunki bu to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘lim bilan bog‘liq. Lekin insonlar bunga e’tibor qilishmaydi. Jazo ham shunday, og‘ir jazo bilan qisqa muddatli natijaga erishish mumkin, lekin uzoq muddatda natija bermaydi.

Lekin jazoning muqarrarligi albatta kerak. Bu yerda juda ko‘p elementlar bor. Korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyalari va taktikalari qay darajada samarali ekanligi, jazo to‘g‘ri berilyaptimi, o‘sha odam bu jazoga munosibmi yoki yo‘q, degan masalalar ham bor.

O‘zbekistonga ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy prizmalardan qaraganda biz ko‘proq korrupsiyaning oldini olish choralariga e’tibor qilishimiz kerak. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham BMT konvensiyasida nazarda tutilgan ushbu qoida – korrupsiyaning oldini olishga e’tibor qilyapti. Va bu yaxshi yo‘nalish.

Jazoning muqarrarligi kerak, faqat uni to‘g‘ri qo‘llash kerak. Jazoning og‘irligi borasida men qo‘shilmayman. Masalan, Xitoyni qarang. Adashmasam, 2021 yilda ming nafardan ko‘proq amaldorlar otildi. Yana davlat mulkini talon-toroj qilishyapti. Ularni ko‘chaga – ommaning oldiga chiqarib otishyapti. So‘ng o‘sha o‘qni [patronini] konvertga solib oilasiga yuborishyapti va xarajatlarini undirib olishyapti. Qanday shafqatsiz jarayon ekanligini qarang, lekin qanchalik samarasiz ekanligini ko‘rib turibmiz. Baribir, oxirgi 10 yillikda Xitoyning antikorrupsiyaviy indeksini qarasangiz deyarli o‘zgarishni ko‘rmaysiz.

To‘liq suhbat bilan yuqoridagi videoda tanishishingiz mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid