13:23 / 24.04.2022
12252

Dardmand farzand hasratida ezilganlar: “Ikki yil avval onasidan ayrilgandik, endi o‘g‘li oqqon”

Dunyoda farzandi kasal ona qiyofasidan ham g‘amginroq va ezginroq qiyofa yo‘q. Bugungi qahramonlarimizning aksariyati yaqinlarini yo‘qotib yurak oldirgan, betob bolasining olgan har nafasi uchun hadsiz shukur bilan yashayotganlardir.

Ikki yil avval onasiz qolgan chevaramda oqqon aniqlandi

Farg‘onalik 9 yoshli Ruslan maktabda a’lochi, sportni sevadigan bola edi. Biroq hozir unday emas – u xastalangani uchun maktabga qatnay olmayapti, sport bilan shug‘ullanish ham mumkin emas.

“Ruslan qizimning nevarasi, menga chevara bo‘ladi. Buvisi, qizim ikki yil avval jigar sirrozi sabab dunyodan o‘tib qoldi. Shundan beri mening qaramog‘imda qolgan. Chunki onasi ishlaydi.

Onasidan qolgan yolg‘iz yodgor bo‘lgani uchun chevaramning dardini ko‘tara olmayapman”, – deya yig‘laydi buvisi Nailya Nikonova.

So‘zlari va ko‘zlari o‘kinchga to‘lgan bola shifokor bo‘lish orzusida: “Buvimga juda qiyin bo‘lyapti. Chunki doim men bilan, shifoxonaga ham birga boramiz. Tezroq sog‘ayishni istayman”, – deydi bemor.

Ruslan Nasibullinga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0204 5138 5434 onasi Sabina Nasibullina nomida

Manzil: Farg‘ona shahri, Said Ahmad ko‘chasi, 53-uy, 13-xonadon

Bolamni reanimatsiyada ko‘rishga bardoshim yetmaydi

Tengqurlari yerga ursa ko‘kka sapchiydigan davrni Narimon bemajollikda o‘tkazyapti. So‘xlik oilaning kenjatoyida aniqlangan kasallik uning hayotini o‘zgartirib yubordi. Bir qarashdayoq yosh jonga bu og‘irlik qilayotganini anglash qiyin emas.

Tirikchiligi haminqadar bo‘lgan oilaga dard bilan olishish oson bo‘lmayapti. Bemorning otasi qurilish ishlari bilan shug‘ullanib kelgan, ammo hozir farzandini davolatish ilinjida shifoxonama-shifoxona sarson. Onasining aytishicha, bolaning ahvoli og‘irlashib, ikki marotaba jonlantirish bo‘limida o‘ziga kelgan.

Narimon Olimjonovga oid ma’lumotlar:

Uzcard:  8600 5504 5275 3446  Xo‘jayev Rahmonjon nomida
8600 5504 9944 6475 onasi Nilufar Xo‘jayeva nomida

Manzil: Farg‘ona viloyati, So‘x tumani, Yangiariq qishlog‘i, Zamin ko‘chasi 55-uy

Bir kunda uch jonni yo‘qotgan oila kulfati

Bu oilaning boshiga tushganlarni eshitib, odamzodning bardoshiga qoyil qolmay iloj yo‘q. Shahrixonda bir oilaning uch a’zosi is gazidan zaharlanib bir kunda vafot etishgan. Oila boshlig‘i bir kunda ikki farzandi va ayolidan ayrilgan. Oradan yillar o‘tgach, uylanib o‘g‘illi bo‘lgan otaning boshiga yana bir kulfat tushdi: tilab olgan bolasida oqqon aniqlangan.

Bemor bolakayning onasi Feruza Abdurahmonova uchun bu sinovni yengish og‘ir bo‘lyapti: “Turmush o‘rtog‘im uchun ikkinchi sinov bo‘ldi bu. O‘zi ustachilik bilan shug‘ullanadi. Uyda bor mollarimizni sotib o‘g‘limizni davolatdik. Shu mahalgacha amallab davolatdik. Lekin bu kasallik yillab parvarishni talab qilar ekan”.

Abdurauf Abdurahmonovga oid ma’lumotlar:

Humo: 9860 0301 6951 0804 onasi Feruza Abdurahmonova nomida

Manzil: Andijon viloyati, Shahrixon tumani, “Yangiyo‘l” MFY, Rais to‘pi ko‘chasi 71-uy

Qizimni davolatish uchun uyimni sotdim

Dardini, tashvishini birovga aytishga ham iymanadigan ayolning egik boshidan turfa sinovlar o‘tmoqda. Xolida oqqonga chalingan va unga ilik ko‘chirish operatsiyasi tavsiya etilgan. Bu dard ilakishgan kundan beri uning hayoti zulmatga burkangan: turmushi buzilib, bir farzandi bilan ota uyiga qaytgan.

“Ikki qizim bor, biri dardmand. Otasi vafot etgan. Uyimni sotib bolamni davolatdim, ancha sog‘ayib o‘ziga kela boshlaganda kovidga chalinib yana qaytalab qoldi. Shifokorlar ilik ko‘chirish operatsiyasini tavsiya qilishdi. Bir qizimni o‘ylasam, bir nevaramning kelajagini o‘ylab kuyaman”, – deydi bemorning onasi Guljahon Xolmurodova.

Xolida Xolmurodovaga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0609 8631 8674 opasi Umida Jalolova nomida

Manzil: Andijon viloyati, Baliqchi tumani, Chinobod shaharchasi, Oxunboboyev QFY, Yoshlar ko‘chasi 118-uy

Eng qadrli, eng mas’uliyatli va muborak kunlarni boshdan kechirayotgan vatandosh! Ehsonlar qabul, duolar ijobat bo‘ladigan oyda imkon qadar shu xastalar uchun saxovatni ayamasligingizga ishonamiz.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top