O‘zbekiston | 11:10 / 24.04.2022
53720
7 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxdagi sel va toshqin oqibatlari haqida reportaj

Shu yil 20 aprel kuni Forish tumanidagi Egizbuloq mahallasini sel olib ketdi. 40-45 daqiqa davom etgan toshqin ko‘plab turar va noturar joylarni vayron qildi, besh kishini hayotdan olib ketdi.

Kun.uz voqea joyida bo‘lib, kulfat ichida qolgan insonlar bilan suhbatlashdi.

Yo‘llarni sel yuvgan, tartibsizlik, yiqilgan binolar, tashlab ketilgan uylar va zarar oqibatlarini bartaraf etishga urinayotgan insonlar. Egizbuloq mahallasining ayni damdagi manzarasi bu...

15-umumta’lim maktabida gumanitar yordamlarni qabul qilish shtabi tashkil qilingan. Forish tumani hokimi o‘rinbosari Elnora Ummatovaning aytishicha, maktab sport zalidan omborxona sifatida foydalanilmoqda. O‘sha joyda homiylar va tashabbuskorlar tomonidan ko‘rsatilayotgan insonparvarlik yordami g‘amlab borilyapti. Jabr ko‘rganlarning ehtiyojiga ko‘ra oziq-ovqat va kiyim-kechak tarqatilyapti.

Sel kelgan kundan boshlab, hududda maxsus shtab tashkil qilingan va toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun harakat qilinmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, sel oqimi qishloqdagi 260 ta xo‘jalikdan o‘tib, ularning 53 tasiga to‘liq, 44 tasiga o‘rtacha va 163 tasiga yengil darajada talafot yetkazgan.

 

Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Mansurovning aytishicha, toshqin qisqa fursat davom etsa-da, turar joylarga jiddiy zarar yetkazgan. Sel oqibatida besh kishi vafot etgan, olti kishi jarohat olgan. Mansurov qutqaruvchilar yetib kelgach, birinchi navbatda maktab o‘quvchilari va bog‘cha tarbiyalanuvchilari xavfsiz joyga ko‘chirilganini bildirdi.

Egizbuloqliklar hududda hech qachon bunday katta toshqin kuzatilmaganini aytishdi. Guvohlarga ko‘ra, sel toshqini bir soat ham davom etmagan. Tabiiyki, bu fursat ichida chekka qishloqqa favqulodda yordamning yetib borishi ham oson emas. Shu sababli insonlar imkon qadar o‘z jonini saqlashga, yaqinlariga yordam berishga uringan.

 

Gulmurod Jo‘rayevning uyi sel oqibatida butunlay vayron bo‘lgan. O‘sha kuni uning o‘zi uyda bo‘lmagan va 12 yoshli o‘g‘li televizor ko‘rib o‘tirgan. Dastlab bolani olib chiqishga hech kim jazm qilolmagan. Jo‘rayev o‘g‘lini qutqarib chiqqan mahalladosh yigitga minnatdorchilik bildirdi. Chunki bolani ichkaridan olib chiqish jarayonida yigitning o‘zini ham sel oqizib ketgan va boshqalarning ko‘magi bilan joni omon qolgan.

Odamlar moli, mashinasi oqib ketganiga, uyi yiqilganiga e’tibor qilmayapti. Joniga zarar yetmagani ularga taskin beryapti.

 

Sel kuni Dilfuza Abdulhakimova yosh bolasi va turmush o‘rtog‘i bilan uyda bo‘lgan. “Tog‘li hududda yashaymiz, yomg‘ir ko‘p yog‘ganda sel kelishiga ko‘nikkanmiz. Biroq o‘sha kuni qattiq shovqin bo‘lib, uy ichidagi pechkalar, trubalar zirillab ketdi. Nimalardir qulagani eshitildi. Turmush o‘rtog‘im hovliga qaraguncha hamma yoqni suv bosib, tashqariga chiqishning iloji qolmagandi. Saksondan oshgan qaynonam va qizim narigi hovlida qolib ketdi. Ulardan xavotir oldik, biroq yordam berishning imkoni yo‘q. Poldan suv buloq bo‘lib chiqa boshladi, uy suvga to‘ldi. Yosh bolam bilan pechkaning ustida jon saqladik. Qayta-qayta urinsak-da, qaynonam bilan bog‘lana olmagach, xavotirimiz ortdi. Xo‘jayinim onasiga yordam berish uchun o‘zini suvga tashlamoqchi edi, zo‘rg‘a ushlab qoldik. Xudoga shukur, o‘sha vaqt qizim telefon qildi. Ularga zarar yetmabdi, mebel ustiga chiqib olishgan ekan, sel ketguncha hech birimiz uydan chiqolmadik”, – deydi Dilfuza opa.

Uyi butunlay suv ichida qolgan ayol “Endi men bu uyga qaytib kirolmasam kerak. Shunday holat yana qachondir takrorlanishi mumkin, deb qo‘rquv bilan yasholmayman”, – deb xavotirini bildirdi u.

Darhaqiqat, garchi bunday vahimali ofat avval kuzatilmagan bo‘lsa-da, egizbuloqliklar qo‘rqib qolishgani rost. Chunki bir necha daqiqa ichida uyi yiqilayotganini, mol-mulki, yaqin qarindoshi suvda oqib ketayotganini ko‘rgan otalar, akalar yaqinlariga yordam berolmaganidan og‘ir taassufda. Do‘l aralash suv juda sovuq bo‘lib, ikki metrgacha balandlikka ko‘tarilganini aytishmoqda. Kimnidir qutqarishga urinish va oqimga tushish o‘zining ham hayotini xavf ostiga qo‘yish bilan teng bo‘lgan.  

 

“Bu uylarda bolaligimiz o‘tgan. Uylarni o‘zimizcha qurib olmaganmiz, ayrim uylar tug‘ilmasimdan avval qurilgan, deyarli hammasi davlat qurgan uylar. Hozir bu yerda ikki ukam, jiyanlarim yashashadi. Eskiroq bo‘lsayam mashinam shu yerda edi, oqib ketibdi, holatiga qarab bo‘lmaydi. Shukur, ukalarim, nabiralarim omon qolibdi”, dedi 63 yoshli Mamat Ahmatov.

Bir oiladan ikki nabira va kelin sel qurboni bo‘lgan. Yana bir xonadonda yuqori sinf o‘quvchisi yaqinlari ko‘z o‘ngida suvga oqib ketgan. Ularning musibati, yarasini tirnamaylik, deb suhbatga tortmadik.

Xalqimiz o‘t va suv balosidan asrasin, deydi. Tabiiy ofatga bas kelish osonmas. Ammo e’tiborni tortadigan ayrim holatlar bor. Oltmish, saksonni qoralaganlar shu vaqtga qadar bunday selni ko‘rmaganini aytmoqda. Egizbuloq shunday joylashganki, qishloqning yuqori qismida bir nechta sel yo‘llari birlashib, aynan aholi yashayotgan nuqtada birlashadi. Va shu vaqtga qadar odamlarga jiddiy zarar yetmagan. Uylarni odamlarning o‘zi qurib olmagan, davlat loyihasi bilan qilingani aytilmoqda. Savol tug‘iladi: qachondir shunday xavf kelishi mumkinligi inobatga olinmaganmi?

Yana bir jihat borki, qishloqning yuqori qismida so‘nggi yillarda karer faoliyat boshlagan va ikki yilda kattagina tepalikdan toshlar olib ketilgan. Og‘ir yuk mashinalar harakatlanishi uchun qirlar tekislangan. Ushbu holat sel yo‘lini o‘zgartirib yuborgan bo‘lishi mumkin, degan taxmin ham ilgari surilmoqda. Ushbu holatga ham mas’ullar va mutaxassislar e’tibor qaratishsa, foydadan xoli bo‘lmaydi.

 

Kun.uz muxbiri Forish tumani hokimi Ikrom Matiyev bilan telefon orqali bog‘landi.

Hokim ayni vaqtda uyi yaroqsiz holatga kelib qolgan fuqarolar uchun yangi massivda 30 ta uy qurib berish loyihasi ustida ishlanayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, yangi uylar jabrlanganlarga tekinga beriladi, boshqa fuqarolarning ham mulkiga yetgan zarar hisob-kitob qilinadi va buning uchun mablag‘ ajratiladi.

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustalari: Faxriddin Hotamov, Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid