O‘zbekiston | 13:15 / 25.04.2022
10821
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda AQSh ko‘magi bilan manfaatlar to‘qnashuvi sohasida o‘quv platformasi yaratiladi

AQShga tashrif buyurgan Aksilkorrupsiya agentligi delegatsiyasi korrupsiyaga qarshi kurashda O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari va jurnalistlarning malakasini oshirish va maxsus o‘quv-trening tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Foto: Aksilkorrupsiya agentligi

Joriy yil 20 apreldan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi vakillarining Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi boshlandi.

Agentlik matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, tashrifdan ko‘zlangan maqsad – AQShning korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish.

Foto: Aksilkorrupsiya agentligi

22 aprel kuni Burhonov boshchiligidagi delegatsiya vakillari The Boston Globe nashri muharriri Reychel Koyen bilan korrupsiyaning oldini olish, uni fosh etishda matbuot va ommaviy axborot vositalarining roli borasida muhokamalar o‘tkazgan.

«Muloqot mobaynida ochiqlik va shaffoflik, faol jamoatchilik nazorati korrupsiyaning oldini olishda eng samarali vositalaridan biri ekani qayd etildi. Xususan, amerikalik jurnalistlar tomonidan o‘z tajribalari misolida davlat amaldorlari bilan ishlash, korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida jurnalistik surishtiruv olib borish va bu jarayonda fuqarolik jamiyati vakillari bilan hamkorlik masalalari xususida batafsil ma’lumot berildi», – deyiladi rasmiy axborotda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov The Boston Globe nashri muharriri Reychel Koyen bilan Foto: Aksilkorrupsiya agentligi

Shuningdek, muloqot yakunida jurnalistlar malakasini oshirish, ularning korrupsiya holatlarini yoritishdagi faolligi hamda salohiyatini kuchaytirish, jurnalistik surishtiruvlarni o‘tkazish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama etilib, bu borada AQSh vakillari tomonidan O‘zbekistonda maxsus o‘quv seminarlarini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Delegatsiya a’zolari 23 aprel kuni AQSh Bosh prokurori idorasiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida AQSh Korrupsiyaga qarshi kurash va maxsus prokuratura bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Yevgeniya M.Kerris bilan korrupsiya va unga aloqador jinoyatlar bo‘yicha federal ta’qib qilish, federal darajada surishtiruv va tergov harakatlarini olib borish masalalari yuzasidan muloqotlar o‘tkazilgan.

«Uchrashuvlar yakunida tomonlar o‘zaro tajriba almashish, xususan, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar uchun maxsus trening tadbirlarini amalga oshirishga kelishib oldi», – deyiladi agentlik xabarida.

23 aprel kuni delegatsiya a’zolari AQShning korrupsiyaga qarshi kurash sohasida faoliyat yurituvchi muhim tahlil markazlaridan biri hisoblangan «Pioner» instituti (Pioneer Institute) ijrochi direktori Dim Stergios bilan uchrashdi.

Bugun, 25 aprel kuni O‘zbekiston vakillari tashrif doirasida Massachusets Bosh inspektori Glenn Kunha va AQSh Davlat etika komissiyasi ijrochi direktori Devid Uilson bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Foto: Aksilkorrupsiya agentligi

Uchrashuv yakunida Amerika tomoni ko‘magida O‘zbekistonda manfaatlar to‘qnashuvi sohasida o‘quv platforma yaratishga kelishib olindi.

Foto: Aksilkorrupsiya agentligi

Tashrif davomida agentlik vakillari shuningdek, Massachusets shtati McDermott Will&Emery yuridik firmasi hamkori Robert Kordi hamda mutaxassislar: Sara Uolters va Mark Shreyberlar, Massachusets Oliy sudi cudyasi Devid Loui, AQSh federal sudyasi Mark Vulf, delegatsiya hamda Holland&Knight kompaniyasi hamkorlari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid