Pentagon rahbari AQSh Rossiyaning harbiy salohiyatini zaiflashtirmoqchiligini aytdi. Bu nima degani?
AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin Ukrainadagi yo‘qotishlar Rossiya rahbariyatini o‘z harakatlarini takrorlashdan qaytarishiga umid bildirdi.
U Ukraina zarur qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lsa urushda g‘olib bo‘lishi mumkinligini aytib, ukrain harbiylarining sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.
«Biz Rossiya shu qadar zaiflashib, Ukrainaga bostirib kirish vaqtida qilgan ishni boshqa qila olmaydigan darajaga tushishini istaymiz. Ular allaqachon katta harbiy yo‘qotishlarga uchragan va biz ularda bu salohiyatni tez fursatda tiklash imkoniyati bo‘lmasligini xohlaymiz», degan Pentagon rahbari.
24 aprel kuni Ostin Kiyevda prezident Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi, uchrashuv uch soatdan ortiq vaqt davom etgan.
Ostin va u bilan birga Kiyevga kelgan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken - urush boshlanganidan keyin Ukrainaga tashrif buyurgan eng yuqori martabali amerikalik amaldorlar bo‘lishdi.
BBC’ning diplomatik korrespondenti Jyeyms Lendeyl Ostinning Rossiyani zaiflashtirishga chaqiruvchi izohi AQSh mudofaa vazirlari uchun odatiy hol emasligiga e’tibor qaratgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga Rossiya tajovuziga qarshi turishda yordam berish boshqa ish - Rossiyaning harbiy imkoniyatlarini zaiflashtirish to‘g‘risida gapirish esa butkul boshqa ish.
Mudofaa vazirining hayratomuz bayonoti
Jyeyms Lendeyl, BBC’ning diplomatik korrespondenti
Ukrainaga Entoni Blinken va Lloyd Ostinning tashrifi umidlarni to‘liq oqladi.
Qo‘llab-quvvatlov ochiq namoyish etildi. Amerikalik diplomatlar Ukrainaga tez orada qaytishi e’lon qilindi. Yanada ko‘proq harbiy ko‘mak va’da qilindi.
Ammo eng ko‘p e’tibor tortgan jihati - Ostinning Rossiyani zaiflashtirish to‘g‘risidagi so‘zlari bo‘ldi. Bu AQSh mudofaa vazirlari uchun noodatiy harakatdir.
U, albatta, Rossiyaning harbiy-sanoat bazasiga zarba berishga qaratilgan G‘arb sanksiyalarini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.
Yoki vazir G‘arbning yangi harbiy maqsadini belgilab berdimi? Uning so‘zlarini Ukrainadagi urush uzoq cho‘zilishi foydali bo‘lishi haqida deb tushunish ham mumkinmi?
G‘arbdagi ittifoqchilarning barchasi ham Lloyd Ostinning pozitsiyasiga yoki u so‘zlarini ochiq-oydin ifodalashiga qo‘shilmaydi.
Kiyevga tashrifdan keyin AQSh mudofaa vaziri Polshadagi matbuot anjumanida jurnalistlarga Vashington rasmiylari hamon Ukraina agar kerakli qurollar va qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lsa, ushbu mojaroda yengib chiqishi mumkinligiga ishonishini aytdi.
Tashrif vaqtida Entoni Blinken AQSh Ukrainaga yana 713 mln dollar hajmida harbiy yordam ko‘rsatishini va’da qildi. Shunday qilib, AQSh tomonidan bosqin boshlanganidan buyon Ukraina xavfsizligini ta’minlash uchun ko‘rsatilgan yordam hajmi 3,7 mlrd dollardan ortiqni tashkil etmoqda.
Prezident Zelenskiy bir necha haftadan buyon G‘arbdagi yetakchilardan harbiy texnikalar oqimini ko‘paytirishni iltimos qilib, agar qiruvchi samolyotlar va boshqa og‘ir texnikalarga ega bo‘lsa, Ukraina armiyasi Rossiya qurolli kuchlarini mag‘lub eta olishiga va’da berib kelmoqda.
O‘tgan haftada AQSh ilk bor Ukraina qo‘shinlari uchun gaubitsalar va artilleriya hujumlariga qarshi radarlar yetkazib berishini e’lon qildi.
Bunga javoban Rossiya AQShga Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatish talabi bilan nota yo‘llagan. Bu haqda RFning AQShdagi elchisi Anatoliy Antonov ma’lum qilgan.
«800 million dollar - Vashingtondan Kiyevga shuncha miqdordagi qurollar yetkazib beriladi. Bu katta raqam, bu vaziyatni diplomatik yo‘l bilan hal qilish yo‘llarini izlashga hissa qo‘shmaydi», degandi u.
Antonovning so‘zlariga ko‘ra, Amerika qurollari Ukrainaga yetkazib berilishi - vaziyatni yanada og‘irlashtirish, yanada ko‘proq yo‘qotishlar bo‘lishiga qaratilgan harakatdir.
Entoni Blinken AQSh diplomatlarining bir qismi kelgusi haftadan Ukrainaga qayta boshlashini ma’lum qildi. Ular avvaliga Lvovda joylashishi, keyinroq Kiyevdagi elchixona to‘liq ochilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Oq uy prezident Jo Bayden AQShning Ukrainadagi elchisi lavozimiga professional diplomat Bridjit Brinkni tayinlash niyatida ekanini xabar qilgandi. Bu lavozim ikki yildan ortiq vaqtdan buyon bo‘sh turibdi.
Blinken AQShning diplomatik yondashuvini qo‘llab-quvvatlab, Vashington shu yo‘l bilan prezident Vladimir Putin rejimiga bosim o‘tkazayotganini aytdi.
«Biz ishlab chiqqan strategiya, Rossiyaga yoppasiga bosim, bu sa’y-harakatlarda ishtirok etayotgan 30dan ortiq mamlakatning birdamligi haqiqiy natijalar keltirmoqda. Va biz ish harbiy masalaga kelganida Rossiya mag‘lubiyatga uchrayotgani, Ukraina esa muvaffaqiyatga erishayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz», degan Blinken.
«Biz bu urush qanchalik [uzoq] davom etishini bilmaymiz, ammo bilamizki, suverenn mustaqil Ukraina Vladimir Putindan ko‘proq yashaydi. Bizning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimiz uzil-kesil muvaffaqiyatga erishgunimizga qadar davom ettiriladi», degan Blinken.
Uchrashuvdan keyin chiqish qilgan prezident Zelenskiy uning hukumati AQSh tomonidan ko‘rsatilgan «bemisl» yordamni yuksak qadrlashini aytgan va «o‘zining va butun Ukraina xalqining nomidan prezident Baydenga uning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash borasidagi yetakchiligi uchun minnatdorchilik bildirishni istashi»ni qo‘shimcha qilgan.
So‘nggi kunlarda Rossiya o‘z yurishlari yo‘nalishini Ukraina sharqidagi Donbass mintaqasiga qaratgan, AQShdagi manbalar ma’lumotiga ko‘ra, Moskva ayni vaqtda Ukraina hududida 76 dan ortiq batalon taktik guruhlarini joylashtirgan.
Mavzuga oid
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
14:57 / 23.11.2024
Zelenskiy Medvedchuk, Baskov va Kirkorovni davlat mukofotlaridan mahrum qildi
12:04 / 21.11.2024
Zelenskiy elchixonalar yopilishi fonida xotirjamlikka chaqirdi
13:31 / 20.11.2024