O‘zbekiston | 20:29 / 26.04.2022
19926
9 daqiqa o‘qiladi

Sen qachon o‘zingni taniysan, elim? - Muhammad Yusuf haqida xotiralar

“Rimni alishmasman bedapoyangga...”, “Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston...”, “O‘zing meni ulug‘lardan ulug‘imsan, vatanim” misralarini ko‘pchilik yod olgan, balki vatan haqida o‘ylaganda xayolida birinchi bo‘lib jaranglay boshlaydi. Bugun – ana shu satrlar muallifi, xalqimizning dilga yaqin shoiri Muhammad Yusuf tavallud topgan kun.

Foto: KUN.UZ

1954 yilning 26 aprelida Andijon viloyati Marhamat tumanida tug‘ilgan shoir uzoq umr ko‘rmagan bo‘lsa-da, xalq dardini, jamiyatdagi ijtimoiy muammolarni his qilib, oddiy odamlarga ham birday qadrdon ko‘plab she’rlar yozdi.

Kun.uz xalqning sevimli shoiri Muhammad Yusuf haqidagi xotiralar va uning she’rlaridan parchalar jamladi.

“Do‘ppi” she’rining yozilish tarixi

Tursunboy Adashboyev, bolalar shoiri (yozuvchi Murodjon Mansurovdan eshitganlari):

— Men «Yoshlik» jurnalida, Muhammadjon «Toshkent oqshomi» gazetasida ishlab, xizmat yuzasidan tez-tez uchrashib turardik. Mustabid tuzumning o‘ziga xos chig‘iriqlari bo‘lib, ayniqsa ijodkor yoshlarning asarlari tegishli idoralar orqali sinchiklab kuzatilar edi. «Yoshlik» jurnalining navbatdagi xomaki nusxasini o‘sha idoraning mas’ul vakiliga olib borganimda, u mening boshimdagi ohori to‘kilmagan do‘ppimga istehzo bilan uzoq tikilib turdi. Men o‘z navbatida bu singlimiz umrida do‘ppi kiygan odamlarni ko‘rmagan shekilli, degan xayolga bordim. U ijirg‘anib jurnalning xomaki variantini ko‘zdan kechirdi va ayrim she’rlarga e’tiroz bildirdi. Ortimga xafagazak qaytar ekanman, yo‘lda Muhammad Yusufni uchratib qolib, do‘ppi bilan bog‘liq yuqoridagi voqeani unga aytib berdim.

– G‘aroyib ish bo‘libdi, xafa bo‘lmang, Murodjon aka, – deb miyig‘ida kulib qo‘ydi...

Oradan ko‘p o‘tmay, iqtidorli shoir ukam Muhammad Yusufning quyidagi bag‘ishlovi yetakchi gazetalardan birida chop etildi.

“Shoir uloqni olib ketgandi...”

Muhammad Ali, yozuvchi:

— O‘tgan asrning saksoninchi yillarida Yozuvchilar uyushmasida katta mushoira bo‘ldi. Qorachadan kelgan bir yigitcha minbarga chiqib, taniqli shoirlar qatorida she’r o‘qidi, o‘qidi-yu, uloqni olib ketgani bilindi! Bu yosh shoir Muhammad Yusuf edi, uning she’ri do‘ppiga bag‘ishlangandi.

«Bosh qolmadi do‘ppiga loyiq» satrini keltirganda, zal olqishlarga to‘ldi. Nazokat bilan aytilgan, chuqur ramziy ma’noga ega bu she’r o‘zbeklikni, o‘zbekni ulug‘lovchi, g‘ururimizni yuksakka ko‘taruvchi timsol sifatida jaranglagandi. Ha, shoir do‘ppiga loyiq odamlar bo‘lishini, shularning safida shaxdam yurishni orzu qildi.

Qizlarini suygan shoir

Nazira as-Salom, Muhammad Yusufning rafiqasi:

— 1983 yilda turmush qurdik. Birin-ketin shirindan shakar qizlarimiz dunyoga keldi. O‘sha paytda Muhammad akaning ko‘zidagi quvonchni ko‘rsangiz edi. U shodlikdan yer-u ko‘kka sig‘masdi, go‘yo. Uchinchi qizim tug‘ilganida men xafa bo‘ldim. Chunki o‘g‘il farzand kutgan edim-da. Buni bilgan turmush o‘rtog‘im tug‘uruqxonaga xat kirgizibdilar. Ochib qarasam, unda shunday yozilgan ekan: “Olloh hatto payg‘ambarlarimizni ham qiz bilan siylagan. Siz menga payg‘ambarlar baxtini ato etdingiz. Ismini Iroda yoki Madina qo‘yamiz. Mana, ko‘rasiz, qizim menga omad keltiradi”. Shunday qilib, kenja qizimning ismini dadasi xohlaganidek Madina qo‘ydik. Xuddi o‘sha yili Muhammad akaning “Tanish teraklar” deb nomlangan ilk she’riy to‘plami chiqdi.

Muhammad Yusuf oila a’zolari bilan. Shoir oilasining shaxsiy arxividan

Shundan so‘ng turmush o‘rtog‘imning ishlari yurishib, Darxon mahallasidan uy berildi, qator yutuqlarga erisha boshladilar. Shunday baxtli onlarda Muhammad aka menga “Qizim menga omad keltiradi”, degan gaplarini eslatardilar.

“Bayramlarda esa bilet yo‘q...”

Ulug‘bek Hamdam, yozuvchi:

— Armiya xizmatini o‘tab, universitetda o‘qib yurgan kezlarim bu shoirning she’rlari haqidagi yaxshi gaplar qulog‘imga chalingan. Hatto ilk eshitgan she’rimning misrasi yodimda qolgan: “Marhamatga qachon boraman?” (Ehtimol, o‘zim ham istagan vaqtimda borolmay yurgan bo‘lsam kerak-da...) Meni she’r o‘zining soddaligi, to‘poriligi, ich-ichidan balqib turgan samimiyati, hayotga yaqinligi bilan jalb qilganligi ham esimda.

Axir, she’rdagi “Diyorimning bayramlari sho‘x, Bayramlarda esa bilet yo‘q” degandek iddaolar har kun bo‘lmasa-da, tez-tez biz talabalarning qulog‘iga chalinadigan va mag‘zi g‘oyat yaxshi chaqiladigan gaplar edi-da! “Nahotki, shunday, nima desa bo‘ladi, kundalik gap-so‘zlarni ham she’r qilish mumkin bo‘lsa?” deb ajablanganman.

Vatan muhabbati

Ahmadjon Meliboyev, jurnalist, yozuvchi:

— 1998 yili Muhammad Yusuf bilan birga Toshkent Tibbiyot instituti talabalari bilan uchrashuvga borgandik. Talabalardan biri Muhammadjonga “Vatan siz uchun nima, Vatanni siz qanday tushunasiz?” deb savol berdi.

“Singiljon, – dedi shoir, – mana siz, o‘qishni tugallab, vrach bo‘lasiz. Bemorlarni davolaysiz. Ayting-chi, jonsiz, ruhsiz o‘lik tanani davolash, hayotga qaytarish mumkinmi? Yo‘q. Vatan men uchun – jon. Jonsiz yashab bo‘lmaganidek, Vatansiz ham yashab bo‘lmaydi. Jon shirin deyishadi. Vatan jondan ham shirin. Hayotimni, olayotgan har nafasimni, bosayotgan har qadamimni, aytayotgan har so‘zimni shu shirin jonsiz, shu buyuk boyliksiz tasavvur qila olmayman. Men Vatanni shundoq tushunaman, siz ham shundoq tushuning, singlim, dugonalaringizga, domlalaringizga ayting – ular ham shundoq tushunishsin...”

Muhammad Yusuf brendi

Xurshid Davron, shoir, dramaturg, tarjimon:

— Men yuqoridagi gaplarni 5 yil avval – 2012 yilning aprelida yozgan edim. Bugun – 2017 yilda o‘sha gaplarga yana bir gap qo‘shmasam bo‘lmaydi.

Kuni-kecha Navoiy-30 binosidagi kitob do‘koniga kirgan edim. Do‘kondagi kitoblarni ko‘zdan kechirar ekanman, Muhammad Yusufning yangi nashr etilgan kitobiga ko‘zim tushdi. Kitob sarlavhasini o‘qiboq, shuurimga “Muhammadjon tirik bo‘lganda kitobiga bunday nom qo‘ymagan bo‘lardi”, degan fikr keldi. She’riy to‘plam “Bevafo ko‘p ekan dunyoda” deb nomlangan edi. Faqat savdogarlargina, faqat Ahad Qayumlargina kitobga bunday nom qo‘yadi. Bu bema’ni nom Muhammad Yusufning xotirasiga, uning vafodor rafiqasiga, sadoqatli farzandlariga, qolaversa, uning ko‘p sonli muxlislariga nopisandlikdan boshqa narsa emas.

To‘g‘ri, bugun Muhammad Yusuf nomi salkam savdo brendiga aylanib qoldi... Savdogarlar zamonida yashayotganimiz uchun ham hayron bo‘lmayman.

Muhammad Yusuf she’rlaridan parchalar

Laganbardorlar

Kazzob Stalindan zorlanmang hadeb,
U ham farzandidir bitta insonning.
Bilmoqchi bo‘lsangiz, qabri qayda deb,
Laganbardorlardan so‘rang Cho‘lponni...

Ona tilim

Kimdir mayda millat bo‘ldi, kimdir katta,
Katta millat — Afandisi yo‘kdir hatto,
Biz piyoda, biz boqqanlar yurdi otda,
Zulm o‘tsa faqat sendan o‘tdi zulm,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Turg‘unlik

...Sovuq deysizmi?
Ha, qahraton!
Qo‘lchalar qo‘yinda qotgan non,
Ammo nima qilsin, paxta shon,
Birinchi sinf bolalari.

***

Yurtim, ko‘nglingdek keng osmonlaring bor,
Yulduzni yig‘latgan dostonlaring bor.
Osmonlaringdan ham diydoringga zor,
Jayrondek termilgan Cho‘lponlaring bor.

Elim

Qaylardasan o‘zing, qanisan elim,
Sen kimning bir parcha jonisan elim?
Bobolaring kimdir, momolaring kim,
Sen qachon o‘zingni taniysan, elim?..

O‘zbek

Sen paxta terarding yetti bukilib,
Paykalingda eding, ey onajonim.
O‘zbekmisiz, deya g‘alati kulib,
Mendan so‘rab qoldi bir tannoz xonim.

Mavzuga oid

E`lonlar