Laslo Krasnaxorkai – Kafka va Tomas Bernhardga borib taqaladigan Markaziy Yevropa an’analariga mansub buyuk epik yozuvchi hamda absurdlik va groteskli haddan oshish bilan tavsiflanadi. Ammo uning boshqa iste’dodlari ham bor: u Sharqqa ham murojaat qiladi, ko‘proq mulohazali, nozik ohangga ega, deya ta’kidlaydi Nobel qo‘mitasi.

Laslo Krasnaxorkai 1954 yilda Vengriya janubi-sharqida, Ruminiya bilan chegara yaqinida joylashgan Dyula shaharchasida dunyoga kelgan. Krasnaxorkaining 1985 yilda chop etilgan va Vengriya adabiyotida shov-shuv ko‘targan hamda muallifning ijodiy parvoziga sabab bo‘lgan «Shayton tango»si nomli birinchi romanida ham shunday chekka hudud hayoti tasvirlangandi. Roman asosida rejissyor Beloy Tarr yetti soatlik film ishlagan, u bilan Krasnaxorkai anchadan buyon ijodiy sohada hamkorlik qilib keladi.

2015 yilda Krasnoxarkai oltinchi xalqaro Buker mukofoti bilan taqdirlanadi. O‘shanda hakamlar uning asarlaridagi g‘ayrioddiy intensivlik hamda til diapazonini e’tirof etishgan.

Laslo Krasnaxorkaining boshqa kitoblari qatorida «Qarshilik melanxoliyasi» (1989), «Urush va urush» (1999) hamda «Si-van-mu oramizda» (2008) kabilarni keltirish mumkin.

Krasnaxorkaining karerasiga sayohatlar ham, til ham ta’sir ko‘rsatgan. U birinchi marta 1987 yilda kommunistik Vengriyani tark etib, stipendiya asosida bir yil G‘arbiy Berlinda yashaydi, keyinchalik Sharqiy Osiyoda, ayniqsa Mo‘g‘uliston va Xitoyda «Urgining mahbusi» va «Osmon ostidagi vayronagarchilik va qayg‘u» kabi asarlari uchun ilhom oldi.

«Urush va urush» kitobi ustida ishlayotganda u Yevropa bo‘ylab ko‘p sayohat qilgan, shuningdek, birmuncha vaqt Allen Ginzbergning Nyu Yorkdagi kvartirasida yashagan, keyinchalik u afsonaviy bitnik shoirning qo‘llab-quvvatlovi romanni yakunlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lganini aytgandi.

Bungacha 6 oktyabr kuni fiziologiya va tibbiyot, 7 oktyabr kuni fizika, 8 oktyabr kuni kimyo bo‘yicha mukofotlar egalari e’lon qilingandi. 

10 oktyabr kuni tinchlik bo‘yicha mukofot laureati e’lon qilinadi, iqtisodiy fanlar bo‘yicha mukofot egalari 13 oktyabr kuni ma’lum bo‘ladi. Laureatlarni taqdirlash marosimi 10 dekabr kuni Stokholmda bo‘lib o‘tadi.

Adabiyot bo‘yicha mukofot tarixi

Fizika, kimyo va tibbiyot bilan ozmi-ko‘pmi tushunarli bo‘lsa-da, adabiyot baribir fan emas va uni obektiv mezonlarning qat’iy doirasiga sig‘dirish qiyin.

Shvetsiya akademiyasi o‘z tanlovida nafaqat Nobel jamg‘armasi nizomining umumiy qoidalari (mukofotga taqdim etilgan asar butun insoniyatga maksimal foyda keltirishi kerak), balki Nobelning adabiy asar bu foydani «idealistik yo‘nalishda» taqdim etishi kerakligi haqidagi alohida fikri bilan ham bog‘liq.