20:00 / 27.04.2022
15383

Emmanuel Makron. Faylasufning yordamchiligidan Fransiya prezidentligigacha

24 aprel kuni nafaqat Yevropa, balki dunyoning eng qudratli davlatlaridan biri bo‘lgan Fransiya prezidentligiga saylovning yakuniy turi bo‘lib o‘tdi. Unda amaldagi prezident Emmanuel Makron 58,54 foiz ovoz to‘plab, raqibi Marin Le Penni ortda qoldirdi. Shu tarzda 44 yoshli Makron keyingi 5 yilda ham davlat boshqaruvida qoladi.

ANTOINE GYORI/CORBIS/GETTY IMAGES

Bolalik

Fransiya shimolidagi Amen shahrida, 1977 yilning 21 dekabrida nevrologiya bo‘yicha professor Jan-Mishel Makron oilasida tug‘ilgan Emmanuel bolaligidan qobiliyatli ekanini namoyon qiladi. U 5 yoshidan boshlab asosan buvisi qaramog‘ida qoladi va qator fanlarni chuqur o‘zlashtiradi. Ayniqsa, hisob-kitob va nutqqa ustaligi uchun ulg‘aygunicha “Kinder syurpriz” laqabini oladi.

Uning bolaligi va o‘smirligi ham xotini bilan bog‘liq. 15 yoshli Emmanuel o‘zining fransuz tili o‘qituvchisi, 39 yoshdagi uch farzandi bor Brijitt Tronyoni yoqtirib qoladi. Bu voqea oshkor bo‘lganidan so‘ng maktabda katta mojaro ko‘tariladi. Brijittning oilasi bor, to‘ng‘ich farzandi Emmanueldan 2 yosh katta, qizi esa uning sinfdoshi edi. Oldinroqqa ketib aytish mumkinki, sinfdoshi va o‘gay qizi Makron administratsiyasida nufuzli lavozimni egallagan.

Bu muhabbat tarixidan voqif bo‘lgan Makronning ota-onasi uni o‘qish bahonasida poytaxt Parijga jo‘natib yuborishadi. O‘smir bolakay ketar chog‘ida o‘z o‘qituvchisiga shunday deydi: “Meni kut. Men albatta qaytaman va senga uylanaman”. U o‘z va’dasini bajargani endi barchaga ma’lum. 2007 yilda 30 yoshli Emmanuel 54 yoshli sevgilisi Brijjitga rasman uylanadi va oradan 10 yil o‘tib, Brijjit Makron Fransiyaning birinchi xonimiga aylanadi.

Siyosiy qadamlar

Parijda universitetni a’lo baholarga yakunlagan Makron 1999-2001 yillarda yigirmanchi asrning yetakchi faylasuflaridan biri Pol Rikyorga yordamchi bo‘lib ishlaydi. Bu davr uning siyosiy ongi va ajoyib nutqi yanada rivojlanishida katta rol o‘ynaydi.

2004-2008 yillar oralig‘ida Makron Iqtisodiyot vazirligida inspektor bo‘lib ishlaydi. Rothschild & Cie Banque moliyaviy tuzilmasida ishlagan paytlarda qobiliyati tufayli “Moliviy Motsart” laqabini oladi.

U yoshligidan o‘z siyosiy qarashlariga ega edi. Prezident Fransua Ollandning ishi orqaga ketib, mavqeyi tusha boshlaganda Makron o‘zining “Olg‘a” partiyasiga asos soladi va yetakchilik qiladi. 2017 yilga kelib Fransiya prezidentligiga nomzodini qo‘ygan paytda u siyosatning haqiqiy og‘ir vaznlilari bilan kurashadi va 66 foizdan ortiq ovoz to‘plab yengib chiqadi. Bu paytda u endigina 39 yoshda edi va mamlakatning eng yosh prezidenti sifatida tarixga kiradi.

Prezidentlikdagi mojarolar

Emmanuel Makron prezidentlikka kelgandan boshlab mamlakat boshqaruvida qator o‘zgarishlarni amalga oshira boshlaydi. Xususan, kuchishlatar tizimlarda islohotlar o‘tkazadi, terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Milliy markaz faoliyatiga asos soladi. Bu tabiiyki, darhol Islom olamida sergaklikni chaqiradi. Lekin Makronga boshog‘riq bo‘lgan haqiqiy mojarolar ko‘pchilik kutganidek diniy radikalizm yoki tiyiqsiz migratsiya tufayli emas, iqtisodiy va siyosiy qusurlar tufayli yuzaga keladi.

Prezidentligining uchinchi kuniyoq nufuzli “Le Figaro” nashri Makronni saylovoldi va’dalarini bajarmaslikda ayblaydi. Bunga uning yangi hukumat tarkibini tasdiqlashi sabab bo‘lgandi.

2018 yilda esa qator iqtisodiy muammolar ortidan mamlakat bo‘ylab tartibsizliklar boshlanib ketadi. “Sariq jiletlilar harakati” nomini olgan bu noroziliklar shu darajada keng tarqaladiki, prezident ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan favqulodda holat yuzaga kelganini tan olishga majbur bo‘ldi.

Avvaliga soliqlar ortidan neft mahsulotlari narxining oshishidan norozilik bildirgan sariq jiletlilar asta-sekin o‘z so‘rovlarini oshirib boradilar va hatto prezident iste’fosini ham talab qila boshlashadi. Prezidentlik saylovlarida Makronga raqiblik qilgan siyosatchilar harakat ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlashi noroziliklarni battar avj oldiradi. Shunday kunlarning birida Makron ma’muriyatining nufuzli vakili bo‘lgan Aleksandr Benallaning namoyishchilardan birini urishi olovga sepilgan moydek bo‘ldi va prezidentning reytingi keskin tushib ketdi. Shunga qaramay Makron sovuqqonlik bilan vaziyatni izga sola biladi.

Xalqaro vazn

Makron ana’anaviy ittifoqchilar bilan do‘stona munosabatlarni saqlab qolgani va rivojlantirgani bilan xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lgan. “Forbs” jurnali uni dunyoning eng ta’sir doirasi yuqori odamlar reytingida 12-o‘ringa loyiq ko‘rgan. Taqqoslash uchun, oldingi prezident Olland 26-o‘rinni egallagandi.

2019 yilda “Financial Times” nashri Makronni “10 yillik qiyofasini yaratgan 50 inson” qatoriga kiritgan.

Makronning xalqaro siyosatdagi o‘rni so‘nggi ikki oyda yana keskin ortib ketdi. Fransiya tarixan dunyo bo‘ylab izolyatsiyaga tushib qolgan SSSR bilan do‘stona aloqalar o‘rnatgani bilan ham tilga tushgan. Bu aloqalar keyinchalik Rossiya bilan ham davom etgandi.

Rossiya-Ukraina mojarosida Vladimir Putin bilan eng ko‘p muloqot qilgan davlat rahbari ham aynan Emmanuel Makron bo‘ldi. Ko‘pchilik uning bu harakatini qoraladi, bosqinchiga yon bosish, deya baholadi. Ammo dunyo afkor ommasi Fransiya prezidentining bu harakatlari tinchlik yo‘lida ekanini tan oldi, uning o‘zi ham har qanday vaziyatda siyosiy dialogni saqlab qolish kerak, degan fikrida sobit tura oldi.

Makron haqida qiziqarli faktlar:

  • Dunyoning gigant qidiruv tizimi bo‘lgan “Gugl”da kirill alifbosida Emmanuel Makron deb yozsangiz, dastlab “Emmanuel Makron jyena” degan qidiruv-tavsiyasi chiqadi. “Gugl”ning ma’lumot berishi bejiz emas. Makronga oid qiziqarli faktlar birinchi navbatda rafiqasiga borib taqalaveradi. Bugungi kunda Emmanuel va Brijjitning birgalikdagi farzandlari yo‘q. Lekin Brijjitning birinchi oilasidan bo‘lgan uch farzandi bor va ularning hammasi Makrondan katta. Makron o‘zi uchun oila deb bilgan Brijjitning 7 nafar nabirasi bor va bolalar Makronni ota deb atashadi;
  • Makron nutq san’atini ko‘pchilikdan, jumladan opera qo‘shiqchisi Jan-Filipp Lafondan o‘rgangan;
  • Makron o‘zini rom qilmoqchi bo‘lgan qizni sudga bergan va bu harakatini oilasiga sadoqati bilan izohlagan.

Abror Zohidov tayyorladi.

Top