Komil Allamjonov dastlab o‘zbek matbuoti kecha qanday bo‘lgani haqida gapirib o‘tdi

“Bu 1991 va 2016 yillarni o‘z ichiga oladi. Dastlab matbuot paydo bo‘ldi, keyin esa o‘ldi. Shu darajada o‘lik holga keldiki, jurnalistika universitetlarini tamomlagan yoshlar savdoga yoki butunlay boshqa sohaga o‘tib ketdi. Radio, televideniye va gazetalar faqat bitta odam uchun ishladi. Jamiyatda jurnalistlarning obro‘si qolmadi. Yaqingacha O‘zbekistonda 98 foiz gazetalar faqat majburiy obuna hisobidan kun ko‘rdi, chunki ular o‘ta zerikarli ekanligidan odamlar o‘zi xohlab sotib olmasdi. Davlat idoralari yopiq, matbuot xizmatlari esa nomiga bor edi. Qaysidir vazir ko‘proq televizorda ko‘rinsa, jazolanardi. Senzura yuqori darajada edi. 

Inson huquqlari shu darajada pastligidan, paxtaning qadri odamnikidan baland edi. Ta’lim inqirozga uchradi, oqibatda bir avlod bilimsiz bo‘lib qoldi. Lekin xalqaro tashkilotlar ko‘z o‘ngida biz o‘zimizni demokratik davlat sifatida ko‘rsatishga urindik. Turli deklaratsiyalar imzolandi, lekin hammasi faqat qog‘ozda edi. Bu haqda yana soatlab gapirish mumkin”, dedi K.Allamjonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2016 yilda hukumat tepasiga kelgan Shavkat Mirziyoyev jurnalistlarni o‘ziga ko‘makchi va do‘st deb atadi. 

“Avvaliga ko‘pchilik bu gaplarga uncha ishonmadi. Lekin amalda hammasi aytilganidek bo‘ldi. Bizga – men va Saida Shavkatovnaga matbuotni haqiqiy 4-hokimiyat darajasiga ko‘tarish vazifasi yuklatildi. Bizning jamoa qilgan eng asosiysi ish barcha bloklangan xorijiy matbuot, xalqaro inson huquqlari bilan bog‘liq saytlar, bbc.com/uzbek, Deutsche Welle, FERGANA.RU., Human Righs Watch, Amnesty International kabi saytlar blokdan yechildi. 280 ta davlat tashkilotida matbuot xizmati yangidan tashkil etildi va matbuot kotiblari tashkilot rahbari o‘rinbosariga tenglashtirildi. Katta maqomga ega maxsus AOKA tashkiloti tuzildi”, deydi u. 

Qayd etilishicha, avvaliga xatolar ham bo‘lgan. Matbuot bilan ishlashni bilmaydigan amaldorlar sharmanda ham bo‘lgan. Tajribasiz jurnalist va blogerlar ham ko‘zga tashlangan.

“Bizning fondimiz ko‘plab jurnalist va blogerlarga himoyachi vazifasini o‘tadi. Chunki uyg‘onish davrida nafaqat qonun balki administrativ himoya ham muhim edi. 

Qonunlar qayta ko‘rib chiqildi. Bizning fondimiz amalga oshirgan eng katta ish bu tuhmat va haqorat uchun qamoq jazosini bekor qilishga erishganimizdir. Jurnalist va blogerlar gapirgan gapi uchun qamalmasligi kerak degan g‘oyani har doim ilgari surib kelyapmiz.