O‘zbekiston | 07:41 / 28.04.2022
7861
2 daqiqa o‘qiladi

Elektromobillar sotuvidan tushgan 1,8 mlrd so‘mni talon-toroj qilgan MChJ rahbari o‘rinbosari aniqlandi

Mirzo Ulug‘bek va Qibray tumanlarida tadbirkorlarning juda ko‘p miqdorda mulkini o‘zlashtirgan o‘rinbosar va bosh hisobchi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Foto: iStock

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Mirzo Ulug‘bek tuman bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda, “F.E.” MChJ rahbari o‘rinbosari R.J. va boshqalar MChJ tomonidan chet davlatlardan olib kelingan elektromobillar sotuvidan tushgan 1,8 mlrd so‘mni xaridorlar bilan tuzilgan shartnomalarning ikkinchi nusxasida past narxlarda ko‘rsatish orqali talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Shu kabi, departamentning Qibray tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda, “W.E.” MChJ bosh hisobchisi lavozimida ishlagan I.M. MChJ rahbarining imzosini soxta hujjatlarni rasmiylashtirish orqali MChJdan ishdan bo‘shagan 6 nafar va 1 nafar umuman ishlamagan fuqaroning plastik kartalariga 125,1 mln so‘m hamda bosh direktorning imzosini soxtalashtirib 273,2 mln so‘mni o‘zining plastik kartasiga o‘tkazib olib, o‘zlashtirganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid