Jadidshunos Zaynobiddin Abdurashidov ta’biri bilan aytganda, Fitrat 20-asrning qomusiy olimi bo‘lishdan tashqari, yaxshi siyosatchi ham edi. Turkistonliklar ilmli bo‘lishini va o‘z yeriga o‘zi egalik qilishini xohlagani, Fitratning siyosiy, ilmiy va badiiy faoliyati asosi bo‘lgan. Shuning uchun ham u Stalin qizil terroridan omon qolmagan.
“Otishga hukm qilinishidan oldin unga shunday ayblovlar qo‘yilgandiki, ularni bajarishga bir odamning umri kamlik qiladi”, – deydi Fitratning mahbuslik anketasi bilan tanishgan tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolova.
Buxorodagi Mir Arab madrasasida o‘qigan Fitrat shu yerdan islohotchilik harakatlariga qo‘shiladi. Buxorodagi bilimli yoshlar qatori “Tarbiyai atfol” jamiyati ko‘magi bilan Istanbulga o‘qishga jo‘naydi.
Fitrat Turkiyadan islomchilik, turkchilik, usmonchilik g‘oyalari bilan to‘yinib, Buxoroga qaytadi va jadid maktablarini ochadi. 1917 yildagi inqiloblar natijasida Oq podsho ag‘darilgach, Buxoroda ham islohotlar boshlanadi. Jadidlar amirdan islohotlar o‘tkazishni talab qilib, namoyishlarga chiqadilar.
Dilnoza Jamolovaning aytishicha, Fitrat “Yosh buxoroliklar” harakatining mafkurachisi va g‘oyaviy rahbarlaridan biri bo‘lgan. Harakatning Fitrat boshchiligidagi so‘l qanoti islohotlar uchun bo‘lgan namoyishlarda qatnashgan.
Amir qo‘shinlari namoyishni bostirgach, jadidlarning bir guruhi Samarqandga jo‘naydi. Jadidlar orasida bo‘lgan Fitrat Samarqandda butun Turkiston jadidlarining asosiy nashri bo‘lgan “Hurriyat” gazetasida muharrirlik qiladi.
Rossiya imperiyasi hududiga olib kirish taqiqlangan asar
“Munozara” – Fitratning eng mashhur asarlaridan. Asar Istanbulda chop etilgan va u Rossiya imperiyasi hududiga olib kirish taqiqlangan kitoblar qatorida bo‘lgan.
“Asarga taqiq Buxoro amiri tomonidan emas, rus hukumati tomonidan qo‘yilgan. Peterburgda xorijda nashr etilgan asarlar va ularning maxsus ro‘yxati bo‘lgan”, – deydi Zaynobiddin Abdurashidov.

“Munozara”ning Buxoroga olib kirilishi samarqandlik Abduqodir Shakuriy ismli maktabdor bilan bog‘liqligi aytiladi. “Shu kishi, – deydi Abdurashidov, – Istanbulga borganda, choponining ichki tarafiga kitobni yashirib, 10–15 dona olib keladi. Va Hoji Muin tomonidan forschadan o‘zbekchaga tarjima qilinadi”.

















