Jahon | 07:08 / 01.05.2022
41639
11 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi vaziyat: tomonlarning bayonotlari, munosabat, yordam va sanksiyalar

Ukrainada Rossiya armiyasi bilan ikki oydan ziyod davom etayotgan harbiy to‘qnashuvlarga oid kechagi kun davomida va 1 mayga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan hodisa, yangilik va xabarlarning ertalabgi qisqacha sharhlari bilan tanishing.

Ukraina tomonining bayonotlari

Volodimir Zelenskiy o‘zining odatiy tungi murojaatnomasida hali ularni juda ko‘p ish kutib turganini ta’kidlagan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Foto: president.gov.ua

«Oldinda hali juda ko‘p ish bor. Zaminimizga bostirib kirgan bosqinchilar o‘zlarning go‘yoki maxsus operatsiyasida ochiq-ravshan muvaffaqiyatsizlikka uchraganini hanuz tan olmoqchi emas. Bosqinchilarni quvib chiqarish uchun hali jang qilishimiz va barcha kuchlarni yo‘naltirishimiz kerak.

Biz shunday qilamiz ham. Ukraina ozod bo‘ladi. Xerson ham, Novaya Kaxovka ham, Melitopol ham, Berdyansk ham, Denroprudnoye ham va vaqtinchalik ishg‘ol etilgan, ayni damda bosqinchilar o‘zlarini u yerlarning «egasi»dek tutayotgan barcha shahar va qishloqlar ozod qilinadi. Ukraina bayrog‘i qayerda bo‘lishga haqli bo‘lsa, o‘sha yerlarga qaytadi. Qaytganda ham normal hayot bilan qaytadi, qaysikim, Rossiya bunday hayotni hattoki o‘z hududida ham ta’minlashga qodir emas», — degan Zelenskiy.

Zelenskiy Yevropa Ittifoqining oltinchi sanksiyalar paketi doirasida tasdiqlanishi kutilayotgan Rossiya neftiga qarshi cheklovlar neft aralashmalariga ham qarshi qo‘llanilishi lozimligini ta’kidlagan.

«Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarning adolatli qismi Rossiyaning neft aralashmalari deb ataluvchi mahsulot bilan cheklovlarni aylanib o‘tishga qaratilgan har qanday harakatlarini cheklashdan iborat bo‘ladi. Agar bu borada qandaydir kompaniya yoki davlat Rossiyaga yordam bersa, ular ham sanksiyaga duchor bo‘lishi kerak», — degan Zelenskiy.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba Kiyev Pekinga mamlakat xavfsizligi kafillaridan biri bo‘lishni taklif etgan. Mazkur qaror Ukrainaning Xitoyga hurmati va ishonchini namoyon etadi, degan u «Sinhua» agentligiga bergan intervyusida.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba. Foto: smi.today

«Ukraina ayni paytda Xitoy doxil BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari, shuningdek, boshqa qudratli davlatlardan xavfsizlik kafolatini olish imkoniyatini o‘rganmoqda. Biz Xitoyga Ukraina xavfsizligi kafillaridan biri bo‘lishni taklif etamiz, bu bizning XXRga nisbatan hurmatimiz va ishonchimiz belgisidir», — degan Kuleba.

Rossiya armiyasi ikki oy ichida Mariupolda ikkinchi jahon urushida fashistlar o‘ldirganidan ikki barobar ko‘p tinch aholini o‘ldirgan, degan shahar meri Vadim Boychenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, fashistlar okkupatsiyasi davrida 10 ming odam qurbon bo‘lgan bo‘lsa, rossiyalik harbiylar 20 ming tinch aholining yostig‘ini quritgan, 40 ming kishini shahardan majburlab olib chiqqan.

Xerson oblasti hududida Ukraina mobil aloqa operatorlari uyali aloqasi va mobil aloqa to‘liq uzilib qolgan. Vodafone’ning Xersondagi yetakchi mutaxassisi muammo nimaningdir buzilishida emasligi, aynan qasddan uzilishda ekanligini ta’kidlagan.

Odessa oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Rossiya Odessa aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagiga Qrimdan turib «Bastion» raketalari vositasida hujum uyushtirganini tasdiqladi. Qurbon bo‘lganlar va jabrlanganlar yo‘q, biroq aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagi butunlay ishdan chiqqan.

Ukraina qurolli kuchlari birlashgan operatsiyasi o‘tgan sutka ichida erishilgan muvaffaqiyatlar haqida quyidagicha ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

Bosh shtab tungi hisobotlariga ko‘ra, Ukraina QKning hujumi natijasida Xarkov oblastining Verxnyaya Roganka, Russkaya Lozovaya, Slobodskoye va Prilesnoye aholi punktlari ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga kiritgan.

  • Dushmanning 9 ta hujumi muvaffaqiyatli bartaraf etilgan.
  • 8 ta tank, 1 ta artilleriya tizimi, 24 ta harbiy zirhli texnika, bitta harbiy maxsus mashina va 5 ta avtomobil (jumladan, ikkita yonilg‘i tashuvchi mashinalar) yo‘q qilingan.

Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligining ma’lumotlari:

  • Ikkita Su-25 shturmchi harbiy uchog‘i va 4 ta pilotsiz uchar qurilmalar urib tushirilgan.

«Vostok» tezkor-taktik guruhining ma’lumotlari:

Rossiya qo‘shinlari 29 aprel kuni 6 ta hujum uyushtirgan, janglar davom etmoqda. Dushmanning yo‘qotishlari:

  • Shaxsiy tarkib — 81; tanklar — 3; BMP — 6; BTR — 5; artilleriya taktik nuqtalari — 5, minomyot hisoblari — 1, samolyot — 1; pilotsiz uchar qurilma — 1.

Rossiya tomonining bayonotlari

  • Ukrainadagi maxsus operatsiyaning 65-kunida Rossiya ommaviy axborot vositalari talqinida quyidagi voqealar yuz bergan:
  • Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari Ukraina samolyotining RF hududiga uchib kirishining oldini olishgan.
  • Ukraina tomondan ikkita snaryad Bryansk obastining Jyecha aholi punktiga kelib tushgan. Neft mahsulotlari omboriga kichik zarar yetgan, qurbonlar yo‘q.
  • Ukraina tomondan turib Kursk oblastidagi nazorat o‘tkazish punkti o‘qqa tutilgan. O‘qqa tutish nuqtasi yo‘q qilingan. Qurbonlar, jabrlanganlar, vayronagarchiliklar yo‘q.
  • RF va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar har kunlik rejimda o‘tmoqda, tomonlar Rossiyaga qarshi qo‘llangan sanksiyalarni bekor qilishni ham muhokama qilishmoqda, degan Lavrov.
  • Vladimir Putin «DXR» va «LXR»ga infratuzilmani tiklash uchun xizmat safariga jo‘natilganlar agar vafot etsa yoki yarador bo‘lsa, ularning oilasiga 5 va 3 million rubl to‘lanishini belgilovchi farmonni imzolagan.
  • O‘tgan sutka mobaynida «DXR» va «LXR»ning xavfli hududlaridan Rossiyaga 18 849 kishi evakuatsiya qilingan, ularning 2359 nafari yosh bolalar. Maxsus operatsiya boshidan buyon 1 mln 62 ming 692 kishi, jumladan 192 ming 688 bolalar evakuatsiya qilingan, deb xabar bermoqda Rossiya Mudofaa vazirligi.

Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkovning tungi brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Havoda bazalashgan yuqori aniqlikdagi raketalar bilan kun davomida Ukrainaning 17 ta harbiy obektiga zarba berilgan.
  • RF HKK aviatsiyasi tomonidan ikkita boshqaruv punkti, 9 ta tayanch punkti, 5 ta o‘q-dori va yonilg‘i omborlari nishonga olingan.
  • Kun davomida zarbalar natijasida Ukrainaning 200 nafardan ziyod askarlari va 23 ta zirhli texnikasiga talafot yetkazilgan.
  • Raketa qo‘shinlari Ukrainaning tirik kuchlari va harbiy texnikasi jamlangan 319 ta hududga o‘t ochgan, 12 ta boshqaruv punkti, 2 ta zenit-artilleriya qurollari ombori nishonga olingan.
  • Havo hujumidan mudofaa tizimi yordamida Xerson oblastidagi Chervoniy Yar aholi punktida Ukrainaning Su-25 samolyoti urib tushirilgan.
  • Vladimirovka uzra Ukrainaning ikkita pilotsiz uchar qurilmasi urib tushirilgan.
  • Tun bo‘yi artilleriya Ukrainaning 389 ta harbiy obektlariga zarba bergan.
  • Operatsiya boshidan buyon 143 ta samolyot, 660 ta pilotsiz uchar qurilma, 279 ta zenit raketa komplekslari, 2678 ta tank va boshqa zirhli texnika yo‘q qilingan.

Ukrainaga ko‘mak

Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali so‘zlashib, Kiyevga insonparvarlik yordamlari va harbiy ko‘makni kuchaytirishni va’da qilgan, deb yozadi CNN.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron. Foto lenta.ru

Norvegiyadan Polshaga Mistral ko‘chma zenit raketa kompleksi yetkazilgan. Qurollar Ukraina qurolli kuchlariga topshiriladi, degan Norvegiya mudofaa vaziri Born Arill Gramm.

UNICEF jamoasi Mariupol va Zaporojyedan qochib chiqayotgan oilalar, onalar va bolalar uchun 30 ming litr ichimlik suvi yetkazgan.

Ukraina tez orada Slovakiyadan MiG-29 harbiy samolyotlarini qabul qilib olishi mumkin, deb yozadi The New York Times.

Daniya Ukrainaga 25 ta Piranha III zirhli transportyorlarini yetkazib beradi. Shuningdek, Daniya M10 og‘ir minomyotlari va ular uchun snaryadlar ham yetkazadi, deb yozadi Olfi nashri.

Sanksiyalar va Rossiyaning qarshi choralari

Germaniya Rossiya gazi uchun rublda to‘lov qilish niyatida emas, — degan GFR moliya vaziri Kristian Lindner Funke nashriga bergan intervyusida. Hattoki vaziyat «o‘ta shoshilinch» tus olgan taqdirda ham. Vazir Berlin tezroq «Rossiyadan mustaqil bo‘lish» uchun barcha imkoniyatni ishga solishini ta’kidlagan.

Germaniya hukumati Rossiyaning energiya resurslariga bog‘liqlikni kamaytirish uchun suyultirilgan tabiiy gaz (STG) qabul qiluvchi terminallarni qurishni tezlashtiruvchi qonunni qabul qilishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi DPA agentligi.

Germaniya o‘zining yangi pozitsiyasini e’lon qildi. Politico nashriga ko‘ra, ular endi Rossiya neftidan bosqichma-bosqich voz kechishni ham qo‘llashga kirishish bilan cheklanib qolmasdan, Rossiyadan uran importiga ham sanksiyalar qo‘llash talabini qo‘ymoqda.

Rossiyada so‘nggi 25 yil ichidagi rekord inflatsiya qayd etilgan. Bu 1998 yildan buyon eng maksimal qiymat.

Niderlandiya portlari shvetsiyalik hamkasblariga qo‘shilishgan va Amsterdam dizel yonilg‘isi ortib olgan Rossiya kemasini yuk bo‘shatishiga to‘sqinlik qilmoqda, deb yozadi NOS nashri. Avvalroq shved porti ishchilari RFdan kelgan va shu tomon ketayotgan kemalarni buksirga tortish, bandargohga qantarish ishlaridan bosh tortib, YeIdan Rossiya neftiga taqiq o‘rnatishni talab qilishgandi.

AQShda solyarkaning narxi yangi rekord o‘rnatgan. Yonilg‘ining 1 galloni (3,785 litr) 5,25 dollardan sotilmoqda. Bu bir yil avvalgi narxdan 70 foizga ko‘p.

Xalqaro hamjamiyat munosabati

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson ukrainaliklarga mudofaa uchun zarur bo‘lgan aslahalarni yetkazish uchun harbiy va insonparvarlik yordamini ko‘rsatishda davom etishini bildirdi.

«Men Putin muvaffaqiyatsizlikka uchrashi uchun Ukrainani yanada mustahkamlash va ta’minlashga har doimgidan ham ko‘proq tarafdorman», — deb yozgan Tvitterda Jonson.

Rossiyaning yuqori aniqlikdagi qurollari zaxirasi tugab bormoqda, deb yozadi Financial Times

«Ularning zaxirasi cheklangan, ular tugab bormoqda, biz «Kalibr» kabi raketalarni ular saqlanayotgan boshqa strategik yo‘nalishlardan ko‘chirishga majbur bo‘lishayotganini ko‘rmoqdamiz. Bu esa yuqori aniqlikdagi qurol-yarog‘larning zaxirasi qisqarib borayotganini anglatadi», — degan nashrga g‘arb mulozimi.

Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid