O‘zbekiston | 08:13 / 02.05.2022
4178
3 daqiqa o‘qiladi

1 sentabrdan boshlab «Ye-Antikorrupsiya» loyihasi to‘liq ishga tushiriladi

Prezidentning “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

2022 yil 1 sentabrdan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi "Ye-Antikorrupsiya" loyihasi to‘liq ishga tushiriladi:

  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy bo‘linmalari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarning faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash va baholash;
  • korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash natijalari bo‘yicha ushbu xavf-xatarlarni bartaraf etish choralarini tizimli ravishda ko‘rish maqsadida "Korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar elektron reyestri"ni shakllantirish va yuritish;
  • korrupsiyaviy xavf-xatarlarni qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, inson omilini qisqartirish va tegishli tartib-taomillar va funksiyalarni raqamlashtirish, shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish orqali bartaraf etish.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash doirasida:

  • davlat tashkilotlari tomonidan o‘z faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash yuzasidan o‘ziga yuklangan har bir funksiya kesimida agentlik va Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyotiga muvofiq tahlil qilib boriladi;
  • davlat tashkilotlari tomonidan o‘ziga yuklangan funksiyalar va ularni amalga oshirish mexanizmlari yuzasidan ma’lumotlar shakllantirilib, ochiq e’lon qilinadi;
  • e’lon qilingan ma’lumotlar yuzasidan fuqarolarning takliflarini onlayn rejimda qabul qilish imkonini yaratgan holda ijtimoiy so‘rovlar va mustaqil ekspertlar ishtirokida muhokamalar o‘tkaziladi;
  • har bir funksiyaning korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “past”, “o‘rta” va “yuqori” o‘lchovlarida “E-Anticor.uz” elektron platformasida baholab boriladi;
  • har bir funksiya bo‘yicha aniqlangan korrupsiyaviy xavf-xatarlarning tavsifi va darajasi, ularni bartaraf etish bo‘yicha choralarni o‘z ichiga oluvchi korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritalarini tuzish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
  • korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash natijalari bo‘yicha tuziladigan korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritalari asosida reyestr yuritilib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish tadbirlarini bajarish holati “E-Anticor.uz” platformasida e’lon qilib boriladi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid