Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin G‘alaba paradidagi nutqini Ukrainaga qarshi urushga bag‘ishladi. Umummilliy safarbarlik e’lon qilinmadi
Qizil maydonda o‘tkazilgan G‘alaba paradi vaqtida chiqish qilgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z nutqini Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga emas, asosan Ukrainadagi urushni oqlashga bag‘ishladi. U umummilliy safarbarlik va Ukrainaga qarshi urush ochish haqida e’lon qilmadi - shu kunlarda OAVdagi xabarlardan keyin shunday xavotirlar uyg‘ongandi.
Putin nimalar dedi?
Nutqining boshida Putin nafaqat 9 maydagi g‘alabani, balki Minin va Pojarskiyning polyak bosqinchilariga qarshi muvaffaqiyatli kurashini tilga oldi, Borodinodagi jangni yodga oldi, keyin esa Ikkinchi jahon urushi haqida gapira turib, Kiyev, Xarkov va Sevastopolni rus shaharlari qatorida sanadi.
Shundan keyin u darhol urush mavzusida gap boshladi - 24 fevral kuni uning qarori bilan boshlangan va «maxsus harbiy amaliyot» deb atalgan Ukrainaga bosqin haqida. G‘arb nashrlari aynan 9 may kuni Putin «amaliyot» o‘rniga Ukrainaga urush ochishini taxmin qilgandi.
«Hozir ham [Hitler Germaniyasiga qarshi bo‘lgani kabi] siz Donbassdagi odamlarimiz uchun, vatanimiz Rossiya xavfsizligi uchun jang qilmoqdamiz», dedi Putin.
Uning talqiniga ko‘ra, fashizmni tor-mor etgan «qahramon g‘olib avlod» - «hushyorlikni yo‘qotmaslik»ni vasiyat qilgan.

Rossiya prezidenti dekabrda Moskva AQSh va NATOga xavfsizlik kafolati bo‘yicha taklif berganini eslatib o‘tdi. «Rossiya G‘arbni ochiq muloqotga chaqirdi... Bari behuda ketdi. NATO mamlakatlari bizni eshitishni istashmadi», deya ta’kidladi Putin.
«Bu esa ularda aslida butunlay boshqacha rejalar bo‘lganini anglatadi va biz bunga guvoh ham bo‘ldik», deya davom etgan u. Putin yana bir bor «Donbassda ochiqchasiga navbatdagi jazo operatsiyasi»ga tayyorgarlik ko‘rilgani haqida gapirdi. Rossiya prezidenti yana bir marta «Kiyevda yadro quroliga ega bo‘lish imkoniyati haqida gapirilgani»ni eslatdi.
«Tizimli ravishda biz uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan tahdid yaratildi. Qolaversa, chegaralarimiz yaqinida», deydi Putin.
U G‘alaba paradi marosimlarida ilk bor Donbassdagi harbiy harakatlar «muqarrar» bo‘lgani haqida aytdi: uning talqiniga ko‘ra, Ukrainada harbiy infratuzilmalar kengayib borgan, bu yerga «yuzlab xorijiy maslahatchilar» kelishgan va xavf «kundan kunga ortgan».
«Rossiya tajovuzga qarshi oldinroq harakat qilib zarba berdi. Bu majburiy, o‘z vaqtidagi va yagona to‘g‘ri qaror edi, suveren, kuchli va mustaqil mamlakatning qarori», deya minglab odamlar, jumladan tinch aholi vakillari o‘limiga olib kelgan Ukrainaga bosqinni oqlashga harakat qildi u.
G‘alaba paradi nutqida Putin G‘arbdagilar «ming yillik qadriyatlari»ni «bekor qilish»ga qaror qilgani, Rossiyada esa «boshqacha xarakter» borligini aytishni unutmadi. Shuningdek «rusofobiyani avj oldirish» va «sotqinlarni maqtash» iboralari ham yangradi. Shundan keyin u yana Ukrainaga qarshi urush mavzusiga qaytdi.
«Bugungi kunda Donbassdagi harbiy kuchlar Rossiya armiyasi bilan birgalikda o‘z yerida jang qilmoqda», deydi Putin.
Rossiya qurolli kuchlari va «Donbass militsiyasi»ga murojaat qilar ekan u shunday dedi: «Siz vatan uchun kurashmoqdasiz. Uning kelajagi uchun. Hech kim Ikkinchi jahon urushi saboqlarini yoddan chiqarmasligi uchun. Dunyoda jallodlar, jazo otryadlari va natsistlarga o‘rin bo‘lmasligi uchun».
Keyin Putin bugungi kun voqealaridan 2014 yilga qaytib, «Odessada tiriklay yonib ketgan jafokashlar» iborasini keltirib, Donbassdagi harbiy harakatlar qurbonlarini yodga oldi.
Bir daqiqa sukut e’lon qilgan Putin Rossiya uchun kurashda «qahramonlarcha o‘lim topgan»lar xotirasi uchun boshni egishga chaqirdi. Bundan kelib chiqadiki, Rossiya prezidenti bu yildan e’tiboran Ukrainada halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar uchun ham bir daqiqa sukut e’lon qildi.
Bir daqiqalik sukutdan keyin u davlat va korxonalar «halok bo‘lgan harbiylarning yaqinlariga ko‘rsatishi kerak bo‘lgan yordam» haqida gapirdi va Qizil maydondagi paradda «Donbassdan - to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy harakatlar maydonidan kelganlar» ham ishtirok etishini ma’lum qildi (bu haqda oldinroq OAVda ham xabar tarqalgandi).
«Bugun siz otalaringiz, bobolaringiz kurashgan zaminni himoya qilmoqdasiz. Vatanga sodiqlik - asosiy qadriyat», deya yana bir bor ko‘rsatma beradi Putin.
Faqat nutqining oxiriga kelib u Qizil maydonda sharafi uchun har yili parad o‘tkaziladigan «g‘olib avlod»ga qaytdi va hozirgi avlod ularga munosib bo‘lishini va’da qildi, ammo yana bugungi kunga yuzlandi: «Bizning mard qurolli kuchlarimizga sharaflar bo‘lsin. Rossiya uchun, g‘alaba uchun. Ura!»
Putin o‘z chiqishida biror marta «maxsus harbiy amaliyot» iborasini ishlatmadi.
Shundan so‘ng Rossiya madhiyasi yangradi. Putinning nutqida Rossiya Ukrainaga qarshi olib borayotgan urushning kechishi borasida ham baho berilmadi. Umummilliy safarbarlik haqida ham, Ukrainaga qarshi rasman urush e’lon qilish haqida ham gapirilmadi. So‘nggi kunlarda Amerika nashrlarida shunday ehtimollar haqida yozilgan, keyin esa ijtimoiy tarmoqlarda zaxiradagilar urushga chaqirilishi mumkinligi bo‘yicha xavotirlar to‘lqini ko‘tarilgandi.
Kiyev Putinning dalillarini rad etdi. «NATO mamlakatlari Rossiyaga hujum qilmoqchi emasdi. Ukraina Qrimga hujum qilishni rejalashtirmagandi. Rossiyalik harbiylar o‘z vatanini himoya qilish chog‘ida emas, boshqa davlatni bosib olishga urinish chog‘ida halok bo‘lishmoqda», deya yozdi Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak.
«NATO, Britaniya, Sharqiy Yevropa mamlakatlari hech qachon Rossiyaga bostirib kirishni rejalashtirmagan va rejalashtirmaydi», dedi Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles Putinning Qizil maydondagi paradda qilgan nutqini sharhlar ekan.
Paradning aviatsiya qismi bekor qilindi - Kreml buni noqulay ob-havo sharoiti bilan izohladi. Moskva, Peterburg, Yekaterinburg, Novosibirsk, Samara va Murmanskdagi paradlarda samolyotlar havoga ko‘tarilmadi. Ammo shu kuni Moskvada ob-havo quyoshli bo‘ldi.
Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qoshidagi dezinformatsiyaga qarshi kurashish markazi ma’lumotiga ko‘ra, paradlarda aviatsiya ishtiroki bekor qilinishi ayrim shaharlarda rus samolyotlari Ukraina zenit-raketa majmualari nishoniga aylanishi mumkinligi bilan bog‘liq.
Harbiy-siyosiy ekspert Yuriy Fedorovning taxmin qilishicha esa, bunday qaror prezidentning xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan - u prezident qo‘riqchilaridan birining boshiga paradda qatnashuvchi uchuvchilardan biri samolyotini prezident joylashgan tribunaga yo‘naltirishi mumkinligi haqida fikr kelgan bo‘lishi mumkinligini aytadi.
BBC rus xizmati korrespondenti Pavel Aksenov parad qanday o‘tgani haqida
2022 yilda Moskvada G‘alaba paradi avvalgi yillardagiga qaraganda ancha «kamtar» o‘tdi. Unda kamroq harbiy xizmatchilar va harbiy texnikalar qatnashdi, bu haqda ilgariroq ma’lum bo‘lgandi - parad rejasini Rossiya mudofaa vazirligi aprel oyi oxiridayoq e’lon qilgandi.
Avvalgi paradlarda muntazam ravishda ko‘rinish berib kelgan ayrim jangovar mashinalar bo‘lmadi, ko‘plab ekspertlar yoki blogerlar buni Rossiyaga shunchaki texnika yetishmayotgani - barcha texnikalar Ukrainadagi urushga safarbar qilingani bilan bog‘lashgan. Buni ochiq manbalar orqali tasdiqlashning imkoni yo‘q, ammo paradda qatnashmagan «Pansir» zenit-raketa majmualari, T-80 jangovar harbiy mashinalari va «Solnsepeki» og‘ir o‘tochar tizimlar harbiy harakatlar maydonida olingan videolarda ko‘rinadi.
Qizil maydondagi paradning texnik qismi avvalgilariga o‘xshash. Unda eski texnikalar bilan birga zamonaviylari ham namoyish etildi: «Armat» tanklari, «Kurganets» jangovar piyodalar mashinalari, «Bumerang» jangovar zirhli mashinalari. Ular 2015 yildan buyon har yili 9 mayda Qizil maydondan o‘tadi. Bu tizimlarning hech biri janglarda ko‘rinish bermagan - ularni faqat paradlarda va harbiy ko‘rgazmalarda ko‘rish mumkin.
Samolyotlar yo‘qligi natijasida Rossiyada «maxsus harbiy amaliyot» ramziga aylangan Z harfi parad vaqtida Qizil maydon ustida aks ettirilmadi.
«Ramziy ma’no»
3 may kuni CNN telekanali «bosqindagi harakatlar sustlashgani» tufayli Putin 9 may kuni Ukrainaga rasman urush ochishi va muddatli harbiy xizmatchilar uchun ham harbiy safarbarlik e’lon qilishi mumkinligini taxmin qilgandi. Telekompaniya bunda g‘arblik rasmiylar fikriga tayangandi. Ular Putin «bu kunning ramziy ahamiyati va tashviqot qiymati»dan foydalanib, Ukrainadagi harbiy yutuqlar haqida yoki harbiy harakatlar ko‘lami kengaygani haqida e’lon qiladi degan fikrda edi.
Kreml vakili telekanal xabarini «safsata» deb atagandi. Jurnalistlarning 9 may kuni Rossiya rahbariyati umummilliy safarbarlik e’lon qilishi ehtimoli haqidagi savolga javoban, Peskov shunday degandi: «Yo‘q, buni kutishga hojat yo‘q. Bu to‘g‘ri emas, bu quruq safsata».
Rossiyaning Ukrainaga bosqini 24 fevral kuni boshlangandi. 5 mart kuni Putin muddatli harbiy xizmatchilar Ukrainaga yuborilmayotganini ma’lum qildi, ammo ko‘p o‘tmay bunday holatlar mavjudligi RF mudofaa vazirligi tomonidan rasman tan olindi. Rossiya tomoni Ukrainada fevraldan buyon urush emas, «maxsus harbiy amaliyot» ketayotganini aytib kelishadi.
Shu kunlarda Reuters agentligi ham Putinning G‘alaba kunidagi nutqi 24 fevral kuni Kiyevning muvaffaqiyatsiz qamali bilan boshlangan urush kelajagiga oydinlik kiritib berishi mumkinligi haqida yozgandi. Agentlik Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari logistika va qurollar borasidagi muammolar, shuningdek, ukrainlarning qattiq qarshilik ko‘rsatishi tufayli katta yo‘qotishlar bilan kechayotganini qayd etgan.
Kuzatuvchilar «missiya bajarilgani» haqida e’lon qilish imkoniyatiga asosiy to‘sqinlik sifatida Mariupol hamon to‘liq egallanmaganini keltirishgan - bu shahardagi «Azovstal» zavodida ukrain harbiylari hamon mudofaani ushlab turishibdi. Ukrain harbiylari va G‘arbdagi maxsus xizmatlar ham Rossiya qo‘shinlarining Donbassda katta qiyinchiliklarga uchrayotganini aytishgan. Rossiya mudofaa vazirligi so‘nggi kunlarda aviatsiya va raketa zarbalari haqida hisob bermoqda, ammo harbiylar Ukraina sharqida ilgarilayotgani haqida ma’lumot berilmagan.
Shanba kuni MRB direktori Uilyam Byorns Putin mag‘lubiyatga uchrashi mumkinligiga ishonmasligi tufayli ham Ukrainadagi urushni davom ettirmoqchiligini aytgandi.
«U shunday kayfiyatdaki, mag‘lubiyatga uchrashi mumkinligiga ishonmaydi. Men o‘ylaymanki, u hozirda ikki barobar kuch tashlash orqali muvaffaqiyatga erishish mumkin deb hisoblaydi», degandi Berns Financial Times nashri tomonidan tashkillashtirilgan tadbirda.
«Mudofaa to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, Rossiya prezidenti «Rossiya Federatsiyasiga tajovuz qilingan yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri bosqinchilik tahdidi yuzaga kelgan, Rossiya Federatsiyasiga qarshi qaratilgan qurolli to‘qnashuvlar boshlangan hollarda» umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qilishi mumkin.
Shu bilan birga, qonunda Rossiya hududida yoki uning alohida hududlarida Federatsiya kengashi va Davlat dumasini xabardor qilgan holda harbiy holat joriy etilishi mumkinligi keltirilgan.
Mavzuga oid
14:20 / 11.06.2026
Rossiyadan ketgan fuqarolarning mol-mulki xatlanishi mumkin
09:15 / 09.06.2026
Putin va Netanyahuga order bergan prokuror vaqtincha ishdan olindi
20:34 / 08.06.2026
Xominaiy o‘ldirilgach, Rossiyada Putinni qo‘riqlash uchun yaratilgan kuzatuv tizimi o‘chirib qo‘yildi
20:04 / 08.06.2026