Italiya bosh vaziri Germaniya Rossiyaga gaz uchun to‘lovni rublda amalga oshirganini ma’lum qildi
Germaniyada Rossiya gazining eng yirik importchisi to‘lovni rublda amalga oshirgan, deya ma’lum qildi Italiya bosh vaziri Mario Dragi. Germaniyaning Uniper shirkati buni rad etib chiqdi.
Italiya bosh vaziri Mario Dragining ma’lum qilishicha, Rossiya gazining Germaniyadagi eng yirik importchisi gaz uchun to‘lovni allaqachon rublda amalga oshirgan.
«Aslida, bugun ertalab biz ko‘rgan dalillar Germaniyaning eng yirik gaz importchisi rublda to‘lovni amalga oshirganini isbotladi», dedi u 11 may, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
Shu bilan birga, Bloomberg’ning yozishicha, Germaniyadagi Rossiya gazining eng yirik xaridori bo‘lmish Uniper SE nemis kompaniyasi vakili kompaniya yangi sxema bo‘yicha hech qanday to‘lovlar amalga oshirilmaganini, sababi to‘lov muddati faqat may oyi oxirida tugashini bildirdi.
Chorshanba kuni Uniper kompaniya gaz ta’minotini sanksiyalarni buzmasdan ushlab turishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, uning vakili Uniper «Gazprombank»da rublda hisobraqami ochgani haqida izoh berishdan bosh tortdi.
Italiya bosh vaziri, shuningdek, Yevropa kompaniyalari Ukrainaga qarshi ochilgan urush uchun Yevropa ittifoqining Rossiyaga qarshi joriy qilgan sanksiyalarini buzmasdan, Rossiya gazi uchun to‘lovni rublda amalga oshirishi mumkinligini aytdi.
«Aniq nima sanksiyalarning buzilishi deb hisoblanishi haqida rasmiy bayonot yo‘q. Rubldagi to‘lovlar sanksiyalarni buzadimi yoki yo‘qmi, hech kim hech qachon aytmagan. Bu shunday tushunarsiz zona», - dedi Dragi.
Bunday talqin Yevropa ittifoqida ilgari bayon qilingan pozitsiyadan farq qiladi. Aprel oyi oxirida Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen shunday degan edi: «Bizning fikrimiz juda aniq: agar bu shartnomalarda ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, rubldagi to‘lovlar sanksiyalarni buzish hisoblanadi».
Rossiya prezidenti Vladimir Putin talab qilgan - «Gazprombank»da valuta va rublda ikkita hisobraqam ochish sxemasi ham Yevropa ittifoqi tomonidan Moskvaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarga zid deb hisoblanmoqda.
Mavzuga oid
00:32 / 16.11.2024
Xavfli nafas olish apparatlari tufayli Philipsʼga qarshi kollektiv da’vo kiritildi
22:08 / 15.11.2024
Alp tog‘larida turistlar 280 mln yillik qadimiy hayvonlar izlariga duch keldi
10:11 / 15.11.2024
Germaniya Ukrainada halok bo‘lgan 10 fuqarosi haqida ma’lumotga ega
14:00 / 14.11.2024