O‘zbekiston | 10:48 / 12.05.2022
4079
6 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda turizm bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari uchun 5 mlrd so‘mgacha mablag‘lar ajratiladi

Foto: joqargikenes.uz

Vazirlar Mahkamasining “2022-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining turizm salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Quyidagilar:

2022-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston turizm salohiyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlar dasturi;

2022-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston turizm salohiyatini yanada oshirish uchun amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari manzilli ro‘yxati;

2022-2023 yillarda “Orol orzusi” shiori ostida Orolbo‘yi mintaqasida ijtimoiy va ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xarita”si tasdiqlanadi.

Belgilanishicha, Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan quyidagi targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish uchun 5 milliard so‘mgacha mablag‘lar ajratiladi:

Qoraqalpog‘iston, ayniqsa, Mo‘ynoq tumani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va turizm salohiyatini targ‘ibot qiluvchi matnli, videomateriallarni o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlash, ommaviy axborot vositalarida, televideniye va radioda muntazam yoritib borish hamda turistik obektlarga tarqatishni tashkil qilish;

xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar, bloger va vlogerlar ishtirokida infoturlar tashkil qilish va ularni yoritib borish;

“Orol orzusi” shiori ostida Orolbo‘yi mintaqasida ijtimoiy va ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Bunda:

mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun mablag‘lar turizm va madaniy meros vaziri qaroriga asosan ajratiladi;

belgilangan chora-tadbirlar uchun mablag‘lar O‘zbekiston prezidentining “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” farmoniga asosan har yili davlat budjetidan ajratiladigan 50 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

Quyidagilar Qoraqalpog‘iston turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni yanada rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib belgilanadi:

zamonaviy turizm infratuzilmasi obektlari (mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turistik ahamiyatdagi boshqa obektlar) hamda maxsus funksional va mavsumiy rekreatsion dam olish zonalarini yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb qilish;

hudud ekomuhiti imkoniyatlarini hisobga olgan holda turizmning safari, ekstremal, etno turlarining o‘ziga xos turizm yo‘nalishlarini tashkil etish;

hududda transport harakatining yangi (avtobus, mikroavtobus va boshqalar), shu jumladan yo‘lovchi transporti yo‘nalishlarini kengaytirish, ularning muntazam qatnovlarini tashkil etish, tegishli transport infratuzilmasini rivojlantirish;

hududda noyob tabiiy obektlar va majmualarni, o‘simliklar va hayvonlarning genetik fondini saqlash, daraxtlar nobud bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, o‘rmonzorlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, shuningdek, faoliyatning atrof-muhitga salbiy ta’siri oldini olish va minimallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, tijorat banklari 2022 yilda Qoraqalpog‘istonda turizm xizmatlarini shakllantirish uchun oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kredit mablag‘larini tashabbuskor tadbirkorlik sub’yektlarining oilaviy mehmon uylari, xostel, o‘tov lager, avtokemping, ekouylar majmuasi va konteyner shaharchalar qurish loyihalariga yo‘naltirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi Ellikqal’a tumanidagi “Sharq yulduzi” OFY, Aqchako‘l hududida turizm dam olish maskanlari, ko‘ngilochar, savdo xizmatlari tashkil qilish va zarur infratuzilmani barpo etish maqsadida bosh reja ishlab chiqadi.

Turizm va madaniy meros vazirligi:

Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi bilan birgalikda Taxtako‘pir tumani Borshitao‘ tog‘i va Qarateren ko‘ligacha 11 km masofaga elektr tarmoqlarini olib borish hamda 10 km avtomobil yo‘llarini ta’mirlashni davlat budjetidan turizm infratuzilmasini rivojlantirish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirish;

Madaniy meros agentligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi bilan birgalikda Mo‘ynoq tumanida yo‘qolib borayotgan tarixiy baliqchilar uyi va obektlar bo‘yicha xatlov asosida ekspertiza xulosalarini tayyorlash va ularni o‘rnatilgan tartibda madaniy meros ro‘yxatga kiritish;

“Hunarmand” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi bilan birgalikda Qoraqalpog‘istonda hunarmandlar tomonidan yaratiladigan suvenir mahsulotlarining turlarini ko‘paytirish, suvenir mahsulotlarida qoraqalpoq, Orol va Mo‘ynoq an’analari timsoli va dengizni tasvirlovchi jarayonlarni aks ettirish va ularning Toshkent, Xorazm, Buxoro va Samarqand shahrida savdosini yo‘lga qo‘yish;

Madaniy meros obektlari muammolarini o‘rganish va turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, Ipak yo‘li turizm va madaniy meros xalqaro universiteti bilan birgalikda 2022 yil Qoraqalpog‘istonda gid-ekskursovod sifatida faoliyat olib borish maqsadida bo‘lgan talabgorlarga maxsus amaliy-o‘quv kursini tashkil etish;

Madaniyat vazirligi, Madaniy meros agentligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi bilan birgalikda 2022 yil sentabr oyida Ahmad Yassaviy tariqati davomchisi Hakim ota (Sulaymon Boqirg‘oniy) tavalludi 900 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani yuqori saviyada tashkil qilish va targ‘ibot materiallarini tayyorlash choralarini ko‘radi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid