O‘zbekiston | 09:44 / 13.05.2022
4051
2 daqiqa o‘qiladi

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga mehnat bozorida mavjud bo‘lgan kasblar to‘g‘risida tushunchalar berib boriladi

Foto: Kun.uz

Prezident “Xalq ta’limini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Xalq ta’limi vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab:

boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga o‘quv rejaga kiritilgan fanlar doirasida mehnat bozorida mavjud bo‘lgan turli kasblar to‘g‘risida tushunchalar berib boradi;

kasb egalarining mehnat faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida 5-7-sinf o‘quvchilari uchun turli uchrashuv va sayyor darslarni tashkil etadi;

7-9-sinf o‘quvchilarining kasbga moyilligini aniqlash bo‘yicha tashxislar o‘tkazib boradi hamda natijalaridan kelib chiqib, ishlab chiqarish korxonalari, hunarmandchilik markazlari va boshqa tashkilotlarga ekskursiyalar tashkil qiladi;

hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati va o‘sish nuqtalariga muvofiq maktab o‘quvchilari uchun ustuvor kasblarni belgilasin hamda 10- va 11-sinf o‘quvchilarini ushbu kasblarga, shu jumladan, kasb-hunarga o‘qitish markazlari, mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari, qisqa muddatli kurslar ochilgan ta’lim muassasalarida o‘qitish choralarini ko‘radi.

Xalq ta’limi vazirligi, Qurilish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 2022 yil 1 avgustga qadar umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining texnologiya fani ustaxonalari hamda kasb-hunar amaliyoti xonalari namunaviy loyihalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab tasdiqlangan namunaviy loyihalar asosida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining texnologiya fani ustaxonalarini hamda kasb-hunar amaliyoti xonalarini bosqichma-bosqich tashkil etish va jihozlash choralarini ko‘radi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid