“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi boshchiligida qazib chiqarish loyihalari ijrosi yuzasidan “Zevarda” konida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi
“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbariyati, bo‘lim va kon boshliqlari ishtirokida 2022 yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, belgilangan reja ko‘rsatkichlarning bajarilishi bo‘yicha “Zevarda” konida tanqidiy ruhda muhokama qilindi.
Ta’kidlash kerakki, boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” tomonidan Muborak regionida uglevodorodlar qazib chiqarish, geologo-texnik tadbirlar doirasida quduqlarini burg‘ilash, kapital ta’mirlash va texnologik obektlarni ishga tushirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, ularning samaradorligi hamda amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosi holati bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda.
Yig‘ilishda Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida konlar kesimida gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlari tahlil qilinib, yilning o‘tgan davrida tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarining tushib ketishi keskin tanqid qilindi. Har bir kon boshlig‘ining uglevodorodlar qazib chiqarish bo‘yicha reja ko‘rsatkichlarining bajarilishi bo‘yicha hisobotlari tinglandi.
Boshqarmadagi siquv kompressor stansiyalarida o‘tgan davr mobaynida avariyali to‘xtalishlar sonining oshib ketishi, gaz qazib chiqarish hajmlarining kamayishiga sabab bo‘layotganiga alohida urg‘u berildi.
Qazib chiqarishni ko‘paytirish yo‘nalishlarida olib borilayotgan geologo-texnik chora-tadbirlarni jadallashtirish, mavjud siquv kompressor stansiyalarida avariyali to‘xtalishlarni bartaraf etish orqali ularning barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. 2022 yil birinchi yarim yilligida belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishini ta’minlash bilan gaz qazib chiqarishni oshirish bo‘yicha boshqarma rahbariyati va departament boshliqlariga tegishli topshiriqlar berildi.
Uglevodorodlarni qazib chiqarishni ko‘paytirish dasturi doirasida “Dengizko‘l” konida barpo etilayotgan siquv kompressor stansiyasi 2-navbatining qurish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha Bosh pudratchi “Enter Engineering” kompaniyasi hududiy menejyerlariga ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, texnologik tadbirlar doirasida konlarda rejalashtirilgan gaz quvurlarini qurilish ishlarida ishtirok etayotgan “Neftgazmontaj” va boshqa pudratchi tashkilotlariga ham alohida topshiriqlar belgilandi.
Shuningdek, Muborak regionida yangi yo‘nalishda, xususan geologik izlov – qidiruv ishlarini yo‘lga qo‘yib, uglevodorodlar zaxirasini o‘stirish uchun istiqbolli maydonlarni aniqlash maqsadida 3D seysmik-qidiruv ishlarini tashkil etish bo‘yicha vazifalar topshirildi.
Yig‘ilish yakuni bilan boshqarmadagi ishlarni doimiy yo‘lga qo‘yish, chora-tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish hamda yig‘ilishda belgilangan topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida mas’ul departamentlar va boshqarma mutaxassislaridan iborat “Shtab” tashkil etilishi belgilandi.
Boshqaruv raisi topshirig‘iga ko‘ra, ushbu “Shtab” kon va quduqlardagi mavjud muammolarni aniqlaydi va tezkorlik bilan bartaraf etilishini ta’minlaydi.
“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati Ⓣ
Mavzuga oid
18:04 / 14.09.2024
Yirik energetika korxonalarining soliq to‘lovlari keskin qisqarishda davom etmoqda
21:27 / 05.09.2024
GTL zavodining davlatga soliq tushumi 2 barobarga kamaygani ma’lum bo‘ldi
20:27 / 29.08.2024
Yirik energetika korxonalari soliq to‘lashni keskin kamaytirdi
13:59 / 29.08.2024