Jahon | 18:22 / 15.05.2022
15164
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniya razvedkasi: Rossiya fevralda Ukraina chegarasida to‘plagan kuchlarining uchdan bir qismini yo‘qotgan

Foto: AFP

Rossiya armiyasi urush boshlanganidan buyon urushdan oldin Ukraina bilan chegarada to‘plagan jangovar kuchlarining uchdan bir qismidan ayrilgan. Bu haqda Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi razvedka ma’lumotlariga asoslangan holda xabar tarqatdi.

«Rossiyaning Donbassdagi yurishi jadalligini yo‘qotdi va rejadan ancha ortda qoldi. Dastlabki kichik yutuqlarga qaramay, o‘tgan oyda Rossiya sezilarli yo‘qotishlar berib ham sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmadi. Hozirda Rossiya, katta ehtimol bilan, fevral oyida hujum qilish uchun joylashtirilgan quruqlik kuchlarining uchdan bir qismini yo‘qotgan», — deyiladi vazirlik xabarida.

Mudofaa vazirligi xabarida Ukrainadagi harbiy harakatlar chog‘ida qancha rossiyalik askar halok bo‘lib, qanchasi yaralanib safdan chiqqani to‘g‘risidagi baholar keltirilmagan.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi Rossiya yaqin oy davomida hujum tempini tezlashtira olishi qiyin ekanini qayd etgan.

  • Britaniya razvedkasi fevralda Ukraina bilan urushga jalb etilgan rus qo‘shinlari sonini qanday hisoblagani aniqlashtirilmagan. Yanvar oyida AQSh va uning ittifoqchilari Ukraina bilan chegaraga joylashtirilgan rossiyalik harbiylar sonini 100 ming kishiga baholagan, 13 fevralda — bu ko‘rsatkich 130 mingga, 20 fevralda esa — 169-190 ming kishiga o‘sgandi (rossiyalik harbiy xizmatchilar bilan birga Donbassdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalardagi harbiylarni ham qo‘shib hisoblaganda).
  • Ukrainada urush boshlanganidan buyon RF mudofaa vazirligi ikki bor Rossiya armiyasi yo‘qotishlari to‘g‘risida ma’lumot bergan. 2 mart kuni vazirlik 498 askar qurbon bo‘lgani va 1597 nafari yaralangani haqida xabar bergandi, 25 mart kungi ma’lumotnomada esa — 1351 qurbon va 3825 yarador haqida gap ketadi.
  • Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi 15 may holatiga ko‘ra Rossiyaning harbiy yo‘qotishlarini 27,4 ming kishiga baholagan.

Mavzuga oid