O‘zbekiston | 20:59 / 17.05.2022
14517
6 daqiqa o‘qiladi

BMT Xavfsizlik kengashida kutilayotgan islohot nimani bildiradi? - Siyosiy tahlilchi bilan suhbat

Tez orada BMT Xavfsizlik kengashi faoliyatida muhim o‘zgarish bo‘lishi mumkin. Qator xorij nashrlariga ko‘ra, bu o‘zgarish kengash a’zolarining veto huquqini qo‘llashiga oid bo‘ladi.

Amaldagi tartib Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari – AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya va Xitoyning muhokama qilinadigan masalalar bo‘yicha bir fikrda bo‘lishini talab qiladi. Ulardan birortasi muhokama qilinayotgan qarorning qabul qilinishiga rozilik bildirmasa, qaror rad qilingan hisoblanadi.

BMT tanqidchilarining fikricha, ayni shu veto huquqi sabab tashkilot taklif qilayotgan ko‘plab islohotlar amalga oshmay qolmoqda. Bu, shuningdek, ko‘plab inqirozlarning yechimini kechiktirmoqda, yanada ko‘p fojialar ro‘y berishiga olib kelmoqda.

Xo‘sh, BMT XKda ro‘y berishi aytilayotgan o‘zgarishlar nimalarni ko‘zda tutadi? U kengash va pirovardida BMT faoliyati yaxshilanishiga olib keladimi yoki foydasi sezilmaydigan navbatdagi amaliyotligicha qoladimi?

Kun.uz muxbiri mavzu tahlili bo‘yicha siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan intervyu uyushtirdi.

— Avval BMT faoliyati haqida gaplashsak. Xo‘sh, u o‘zi qanday maqsadlarda tashkil etilgandi va Millatlar ligasidan farqi nimada edi?

— Millatlar ligasi 1920 yilda, Birinchi jahon urushidan keyin tashkil topgan. Tashkilotga 50 ga yaqin davlatlar a’zo bo‘lgan va urushdan keyingi kuchlar darajasi unda o‘z aksini topgandi.

Millatlar ligasida Birinchi jahon urushini yenggan asosiy davlatlar – Angliya, Fransiya va Sovet ittifoqi qudratli davlatlar sifatida aks ettirilgan. Shuningdek, unda G‘arb davlatlarining ko‘proq bir qutbli dunyo o‘rnatishga moyil bo‘lgan tizimi shakllangan edi.

Millatlar ligasining ham maqsadi dunyoda tinchlik o‘rnatish va urushning oldini olish edi. Ikkinchi tomondan global huquqni ta’minlash.

Lekin bu tashkilot o‘z vazifasini bajara olmadi. Sababi, ikkinchi jahon urushi baribir boshlandi. Tashkilot 1920 yildan 1946 yilgacha yashadi.

1945–46-yillarda endi boshqa bir tashkilot – Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilib boshlandi. U endi ikkinchi jahon urushining xulosalari bilan tashkil topgan. Ya’ni uning ham birinchi va global vazifasi urushga yo‘l qo‘ymaslik, davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni tinchlik va dialoglar orqali hal qilishdan iborat etib belgilangan.

Shunday bo‘lsa-da, Ikkinchi jahon urushida kimdir g‘olib, kimdir mag‘lub edi. Ya’ni o‘sha vaqtda mustamlaka bo‘lgan davlatlar hali tashkilot a’zosi emasdi.

Albatta, BMTga imperiya va mustamlakalardan chiqayotgan yangi davlatlarni tashkilotga teng huquqlilik asosida a’zo qilish vazifasi qo‘yilgan edi.

Lekin BMTning eng katta zaif va noqis nuqtasi uning Xavfsizlik kengashi edi. Ya’ni tashkilot ichida ikki yirik struktura, bo‘lim mavjud. Bularning birinchisi – doimiy beshta a’zoga ega Xavfsizlik kengashi va ikkinchisi – Bosh Assambleya.

Bosh Assambleya yig‘inida ko‘riladigan masalalarda har bir davlat bitta ovozga ega. Lekin BMTga a’zo bo‘lgan davlatlar boshqa tomondan teng huquqli va vakolatli emaski, ikkinchi struktura Xavfsizlik kengashida faqat beshta a’zo bor. Ular istalgan qaror ustidan veto – to‘xtatib qo‘yish, taqiqlash huquqini ishlataveradi.

— Ko‘pchilik siyosatshunoslar va davlat rahbarlarining fikricha, global adolatni ta’minlashi kutilgan BMT bugunga kelib, o‘zi adolatga muhtoj bir organga aylanib qolgan. Xo‘sh, BMT nega bunchalik zaif tashkilotga aylanib qoldi? Uning muammolari faqat global terrorizmdami yo o‘zga qandaydir muammolari ham bormi?

— BMT tuzilayotganda dunyodagi kuchlar nisbati ma’lum edi. Shuningdek, o‘sha davrda davom etayotgan Sovuq urushdagi muvozanatni saqlash uchun Xavfsizlik kengashiga 5 ta davlat: AQSh, Angliya, Sovet ittifoqi, Xitoy hamda Fransiya doimiy a’zo sifatida belgilangan edi. Ular o‘rtasida o‘sha davrni ifoda etuvchi kuchlar nisbati shakllangan, ya’ni ular o‘zlariga mana shu vakolatni olgan.

Bugunga kelib ham dunyoda urush va tinchlik, global xavfsizlik, eng muhim muammolarni hal qilishga qaratilgan qaror qabul qilish borasidagi mana shu davlatlarning vakolati katta.

Bugunga kelib 1945 yilda tashkil topgan BMTning strukturasi dunyo talabiga javob bermaydi. Lekin o‘sha davrdagi struktura BMTning o‘sha paytdagi nizomi bilan berkitilgan. Bu nizomni qayta ko‘rib chiqish bugun imkonsiz.

Uni qayta ko‘rib chiqib o‘zgartishlar kiritilishi uchun barcha a’zolar bir vaqtda rozi bo‘lishi kerak. Buning ichiga yuqoridagi beshta davlat ham kiradi. Ammo bu beshta davlat veto borasidagi monopoliyasini yo‘qotishni istamaydi.

Ular BMTda islohotlar qilishni xohlaydi. Ular o‘ziga tarafdor bo‘lgan u yoki bu davlatni xavfsizlik kengashiga kiritishni istaydi. Biroq ayni paytda global manfaat yoki hokimiyat to‘g‘risida gap ketar ekan opponent tomonidan kengashga kimdir kiritilishiga veto qo‘yib kelaveradi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Илёс Сафаров
Muallif Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid