12:59 / 17.05.2022
8401

Samarqandda «O‘zbekneftgaz» brendi ostida birinchi AYoQSh ochildi

Samarqand shahri Rudakiy ko‘chasida «O‘zbekneftgaz» brendi ostida barcha qulayliklarga ega AYoQSh foydalanishga topshirildi. Xuddi shunday shoxobchalar hozircha faqat Toshkent shahrida bor edi. 

Foto: Kun.uz

Ushbu zamonaviy AYoQSh «O‘zbekneftgaz» AJning ramzi va tegishli timsollariga, tanlangan milliy brendga mos ravishda barpo etildi.

AYoQShda avtomobillarga yoqilg‘i quyishdan tashqari ularga texnik xizmat ham ko‘rsatiladi. Shuningdek, avtomobillarda texnik ta’mirlash ishlarini o‘tkazish, motor moylarini almashtirish va shu kabi xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan.

 

“Samarqand shahrida «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli AYoQShlardan birini rekonstruksiya qilib, foydalanishga topshirdik. Bu tashabbus ikki yil avval Toshkent shahrida boshlangan edi. Ushbu shoxobchaning boshqalaridan afzallik jihati shundaki, bu yerda iste’molchilar uchun savdo majmuasi, dam olish va tamaddi xonalari ham mavjud. Ochiqlikni ta’minlash maqsadida alohida ishonch telefonlarini tashkil qildik. Bu yerda nafaqat «O‘zneftgazinspeksiya», balki prokuratura, «O‘zbekneftgaz» AJga ham iste’molchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. Yil oxiriga qadar respublikamizning barcha viloyatlarida xuddi shunday shoxobchalarni foydalanishga topshirishni rejalashtirganmiz”, – dedi  «UNG Petro» korxonasi bosh direktori Mirzohid Musayev.

Shoxobchada avtomobil ehtiyot qismlari do‘koni, mijozlar uchun xizmat ko‘rsatuvchi oziq-ovqat va fast-fud shoxobchalari hamda kofe va salqin ichimliklar savdosi ham tashkil qilingan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu shoxobcha bir sutkada mingdan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatib kelgan. Rekonstruksiya va modernizatsiya savdo hajmi ortishiga ham xizmat qiladi, albatta.

Eslatib o‘tamiz, bir muddat avval ushbu shoxobchada elektromobillarni tezkor zaryadlash qurilmasi ham o‘rnatilgandi.

 

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 19 fevraldagi 143-sonli «O‘zbekneftgaz» AJ samaradorligini oshirishga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalari tarmog‘ini birlashtiruvchi boshqaruv kompaniyasi sifatida va «UNG» milliy brendi asosida xizmat ko‘rsatuvchi «UNG Petro» korxonasi tashkil etilgandi. Respublika bo‘ylab 100 ga yaqin stansiya korxona tarkibiga kiritilgan.

Jurnalist Gulmira Toshniyozova
Operator va montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov

Top