Bitta futbolka uchun 3 yillik chuchuk suv – kiyim-kechak sanoati iqlimni qanday zararlaydi?
O‘zbekistonda oxirgi 5 yilda issiq kunlar soni odatdagidan 10–15 kunga ko‘paygan. Issiqxona gazlari ortishda davom etaversa, bu raqamlar ham kattalashaveradi. Bugun keragidan ortiqcha kiyim sotib olaverish iqlim o‘zgarishiga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida so‘z yuritamiz. Maqoladagi raqamlar sizni e’tiborsiz qoldirmasligi aniq.
Jahonda moda sanoati har faslda odamlarni trendda bo‘lishga chaqirib, tinimsiz harakat qiladi. Ko‘pchilik trendda bo‘lgan kiyimlarni kiyishga oshiqadi. Lekin tabiatni-chi, uni kim o‘ylaydi?
Hisob-kitoblarga ko‘ra, moda sanoati issiqxona gazlarining 10 foiziga sabab bo‘ladi. Bir dona paxta tolali futbolka xaridorga yetib kelguncha 2000 ming litr suv sarf bo‘ladi. Bu – bir kishining 3 yillik iste’mol suvi degani.
7 kiyimlik jinsiga sarflanadigan suv – 1 odamning butun umrlik iste’mol suvi
Bir odamga yiliga 20 bo‘lak mato to‘g‘ri keladi. Dunyoda qariyb 8 milliard aholi bo‘lsa, bu 1 yilda 160 milliard bo‘lak mato kiyim-kechak uchun ishlab chiqarilishini anglatadi. Va buning uchun dunyodagi suv sarfining 20 foizi sarflanadi.
Modalar faslga qarab, ikki katta makroguruhga bo‘linadi: bahorgi va yozgi, kuzgi va qishki. Bundan tashqari, modasevarlar uchun bir yilda 50-100tacha mikrofasllar bor.
Modalar tez-tez o‘zgarib borishi va kiyim-kechak narxi tushishi sabab 2020 yilda 2000 yildagiga qaraganda kiyim-kechak xaridi dunyo bo‘ylab 60 foizga oshgan.
Bir bosh kiyim ishlab chiqarishning dastlabki bosqichidan tayyor holga kelgunicha o‘tadigan jarayonni birma-bir hisob-kitob qilish biroz mushkul. Shu sabab buni bir kiyimlik jinsi misolida tahlil qilamiz.
BMT e’lon qilgan statistikaga ko‘ra, 1 kiyimlik jinsi uchun o‘rtacha 1 kilogramm paxta sarf bo‘ladi. Tolalar ichida kiyim-kechak sanoatida eng ko‘p (33 foiz) foydalaniladigan tola ham paxtadir.
Paxta quruq iqlim sharoitida o‘sishini inobatga olsak, 1 kg paxtaga 7500–10000 litr atrofida suv kerak bo‘ladi. Bu – 1 odamning 10 yillik ichimlik suvi degani. Ma’lumot uchun, ekinlarni sug‘orish maqsadida chuchuv suvdan foydalaniladi – uni qayta ishlab, ichimlik suviga aylantirish mumkin.
Buni yana kengroq tahlil qiladigan bo‘lsak, o‘rtacha 7ta jinsiga ketadigan suv bilan 70 yil yashaydigan odamning bir umrlik iste’mol suvini ta’minlash mumkin. Yoki 1 yilda 2 marta jinsi kiyim sotib oladigan odam, 4 yil jinsi kiymasligi orqali 1 odamning butun umrlik iste’mol suvini qutqarib qolishi mumkin deb tushunsa bo‘ladi.
Qaysi ko‘proq tabiatga zarar: sintetikmi yoki paxta tola?
Umuman, sanoatda foydalaniladigan tolalarning yarmi sintetik hisoblanadi. Chunki ulardan foydalanish har tomonlama oson, uzoq vaqt xizmat qiladi, yengil va juda arzon. Sintetiklar ichida ham kiyimlar uchun eng ko‘p foydalaniladigani poliester tolalardir. Poliesterlar paxta tolali kiyimdan ancha kam suv talab qiladi, lekin ko‘proq issiqxona gaziga sabab bo‘ladi.
Dunyo bo‘ylab har yili poliesterdan kiyim-kechak tayyorlash uchun 70 million barrel neft ishlatiladi. Shuning uchun ham bir dona poliesterdan tayyorlangan ko‘ylak paxtadan tayyorlanganidan 2 barobar ko‘proq issiqxona gaziga sabab bo‘ladi. Paxta tolali ko‘ylak 2,1 karbonat angidrid chiqarsa, bu poliester ko‘ylakda 5,5 kilogrammga to‘g‘ri keladi.
To‘qimachilik uchun poliester ishlab chiqarish 2015 yilda taxminan 706 milliard kilogramm issiqxona gazlarini chiqargan bo‘lsa, bu – 185ta ko‘mir yoqilg‘isida ishlaydigan elektr stansiyalari yillik issiqxona gaziga teng.
Onlayn do‘konlar xaridlar soni oshishiga olib kelyaptimi?
Insonning xarid usuli va hajmi karbonat angidridga ta’sir etishida eng muhimi deyish mumkin. Masalan, ayrim tadqiqotchilar kiyimlarni onlayn buyurtma berish an’anaviy bozor aylanib yurishdan ancha kamroq karbonat angidrid gaziga sabab bo‘ladi, deb ishonishadi. Biroq ko‘p hollarda xaridorga onlayn do‘kondan xarid qilgan kiyimi yoqmasligi va uni ortiga qaytarib yuborishi yanada ko‘proq karbon gazga sabab bo‘ladi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, onlayn kiyim xarid qilish xaridorlarni ko‘proq kiyim sotib olishga ruhlantirib qo‘ymoqda. Natijada odamlar ehtiyojidan ko‘proq kiyim sotib olishga o‘tgan.
Ekologik toza kiyim tayyorlashga urinayotgan brendlar
Suvdan foydalanish va ifloslanish kiyim ishlab chiqarish jarayonida ham sodir bo‘ladi. Sanoatdagi suv ifloslanishining qariyb 20 foizi kiyim-kechak ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lsa, dunyoda har yili matolarni bo‘yashning o‘ziga 5 trillion litr suv ishlatiladi, bu 2 million dona Olimpiya o‘lchamidagi suzish havzalarini to‘ldirish uchun yetadi degan gap.
Shuning uchun ayrim kiyim-kechak fabrikalari va kompaniyalar o‘zlarining to‘qimachilik mahsulotlari uchun yog‘och, meva va boshqa tabiiy materiallar chiqindilaridan foydalanishni ham sinab ko‘rishmoqda. Boshqalari matolarini bo‘yashning muqobil usullarini yoki tashlab yuborilgandan keyin biologik parchalanish osonroq bo‘ladigan materiallarni qidiryaptilar.
H&M va Zara moda sotuvchilari, 2020 yilda kiyim-kechaklarini qayta ishlash maqsadida harakat qilayotgan 33ta moda kompaniyasiga qo‘shildi va o‘z do‘konlarida eskirgan kiyimlarni yig‘ish va qayta ishlash tajribasini yo‘lga qo‘ygan.
Los-Anjyelesda kichikroq kiyim brendi Reformation o‘z kiyimlari uchun odatdagi kiyim-kechak kompaniyalariga qaraganda ancha kamroq suv sarflashi va har bir mahsulot uchun ketgan suv haqida o‘z sahifasida yozib borishini ma’lum qilgan.
Ayrim odamlar sotib olgan kiyimining 40 foizini hech qachon kiymagan
AQSh atrof-muhitni muhofaza qilish agentligining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2017 yilda chiqindi poligonlariga 10,2 million tonna to‘qimachilik chiqindilari tashlangan va yana 2,9 million tonnasi yondirilgan. Buyuk Britaniyada har yili 350 000 tonna kiyim-kechak chiqindixonaga yuboriladi.
Ellen MacArthur jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2000 yildan 2015 yilgacha bitta kiyimni kiyish davomiyligi 36 foizga kamaygan. Xuddi shu davrda kiyim-kechak ishlab chiqarish ikki baravar ko‘paygan. Bu – kiyimlar sifati pastligi va uzoq muddat kiyishga yaroqli emasligi bilan ham bog‘liq. Shu sabab tadbirkorlar sifatli va bardoshli kiyim ishlab chiqarishi iqlim uchun muhim.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim mamlakatlarda sotib olingan kiyimlarning 40 foizi hech qachon kiyilmaydi. Boshqa tadqiqotlar Buyuk Britaniya aholisi kiyimlarining 50 foizini deyarli kiymasligini aniqlagan. Ular buni kiyimlar o‘zlariga loyiq kelmay qolgani va modadan chiqqani bilan izohlashgan.
Shoppingga mukkasidan ketish psixologiyasi
Avstraliyaning Flinders universitetida ruhiy kasalliklarni o‘rganuvchi klinik psixolog Mayk Kiriosning aytishicha, biz sotib olgan narsalar ma’lum bir vazifa bajaradi. O‘ziga past baho beradigan, o‘zining jamiyatdagi maqomi haqida qayg‘uradigan odamlar kiyimlar uchun ko‘p sarf-xarajat qilishga moyil bo‘lishadi. Maqtovlarni yaxshi ko‘radigan odamlar yangi kiyim sotib olganda miyasining maqtovga sezgir qismlari faollashadi. Shifokor buni kasallik deb hisoblaydi va uni davolash lozimligini aytadi.
Bu muammoni “ikkinchi qo‘l” tajribasi orqali yechish ham mumkin. Masalan, o‘zingiz kiyishni xohlamagan kiyimni boshqa birovga berib, undan ham kiyim olib, ayirboshlasa bo‘ladi.
Oxfam xayriya tashkilotining barqaror moda mutaxassisi Fi Gilfezer kiyimlarni tez-tez yuvish ham tabiatga zararligini ta’kidlaydi. Ya’ni bu birinchidan suv yetishmovchiligiga sabab bo‘lsa, ikkinchi tomondan kiyimlar tez-tez yuvilganda, o‘zidan kichik tolalarni ajratishni boshlaydi. Bu tolalar suvga qo‘shilib, tabiatga chiqib ketadi. Yana bir tomondan kiyim sifatini tez yo‘qotadi va boshqa kiyim xarid qilishga majbur bo‘linadi.
Ekobarqaror kiyimlarni targ‘ib qilish yo‘liga o‘tgan mashhurlar
Kiyim modasi targ‘ibotida eng ko‘p mashhurlar aktyor va qo‘shiqchilar muhim rol o‘ynaydi. Kiyimlarning tabiatga ta’sirini bilganidan keyin turkiyalik qo‘shiqchi Nil Karaibrohimgil “Uyg‘on, ona” qo‘shig‘ini kuylagan. Qo‘shiqchi shundan keyin yangi kiyim sotib olmaslikka, o‘zida borlaridan yangi imijlar yaratishga qaror qilgani haqida aytadi.
«Harry Potter» filmi bilan yaxshi tanilgan Emma Uotson ekofaol mashhurlar o‘ntaligida 1-o‘rinda turadi. U 2019 yilda tabiatga zarar yetkazmaydigan modalarga bag‘ishlangan Feel Good Style saytini ishga tushirgan. U organik moda brendlarini yaratadigan dizaynerlar bilan ishlaydi.
Aktrisa Gvinet Peltrou Goop kompaniyasi faqat barqaror materiallardan tayyorlangan kiyimlar tikadi. Kompaniya har bir sotilgan kiyim uchun Tahoye milliy o‘rmonida 1 tup daraxt ekishni yo‘lga qo‘ygan.
O‘zbekistonliklar qanchalik tez-tez kiyim xarid qiladi?
Facebook ijtimoiy tarmog‘ida o‘tkazilgan kichik so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda me’yordan ortiqcha kiyim sotib olish ommalashmagan deya taxmin qilish mumkin. So‘rovnomada qatnashgan ayrim ishtirokchilar har ikki-uch oyda kiyim olishlarini, bir yilda 5–10 tacha ust-bosh, 2ta oyoq kiyim olishlarini ma’lum qilishgan. Ayrim foydalanuvchilar har oyda bitta kiyim olishlarini aytgan bo‘lsa, boshqalari bir yilda 2-3 marta kiyim xarid qilishlarini ma’lum qilishgan.
“Har faslda 2-3 sidradan kiyim olaman. Yiliga 4 dona oyoq kiyim olaman. Har yili garderobimni bo‘shatib ehsonga berib yuboraman. Bolalarimga har faslda 7-8tadan kiyim olamiz”, – deydi Facebook foydalanuvchilaridan biri.
Ijtimoiy tarmoqning boshqa bir foydalanuvchisi esa ko‘p kiyim olmasligi, bitta yozgi va bitta qishki kiyimi borligini yozgan.
So‘rovnomada ishtirok etgan ko‘pchilik biroz eskirgan yoki o‘ziga loyiq kelmay qolgan kiyimlarini qarindoshlariga tarqatishini bildirgan.
Foydalanish muddati tugaganidan so‘ng kiyimni chiqindixonaga yuborish yoki yondirish ekologiyani ko‘proq zararlaydi. Uni xayriya do‘konlariga olib borish, muhtoj oilalarga tarqatish yoki 2ta kiyimni qo‘shib, bitta yangi narsa tayyorlash mumkin. Yoki loyiq kelmay qolgan kiyimlar uchun turli kanal va platformalar tashkil qilib, ularni ayirboshlashni yo‘lga qo‘yish mumkin.
Yuqoridagi statistika va tahlillardan murod – kiyim tanlayotgan kishi faqat o‘z tanasi uchun emas, iqlimni asrab qolish uchun ham tanlov qilayotganini yodga solishdir.
Zuhra Abduhalimova,
Kun.uz jurnalisti
Mavzuga oid
08:50 / 23.09.2024
Britaniya Moda kengashi o‘zbek milliy brendlarini targ‘ib qilishda yordam beradi
17:23 / 28.07.2023
Jazirama issiqda yangi moda: Xitoyda issiqdan saqlanish uchun yuz niqoblari ommalashyapti
20:21 / 19.05.2023
Toshkentdagi modalar haftaligi ijtimoiy tarmoqda tanqidga uchradi. Tashkilotchi izoh berdi
10:10 / 28.03.2023