Moskva sudi Navalniyning eng yaqin tarafdorlarini sirtdan hibsga oldi
Lyubov Sobol, Vyacheslav Gimadi, Leonid Volkov va Ivan Jdanov «Rossiya hududida qo‘lga olingan paytdan yoki Rossiya hududiga ekstraditsiya qilingan paytdan boshlab» ikki oy muddatga qamoqqa olinishi kerak.
Moskvaning Basmanniy sudi Aleksey Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi sobiq advokatlari Lyubov Sobol va Vyacheslav Gimadini ekstremistik hamjamiyat yaratishda ayblab, sirtdan hibsga oldi.
Sud matbuot kotibining 19 may, payshanba kuni «Interfaks» axborot agentligiga ma’lum qilishicha, ikkala ayblanuvchi ham «Rossiya hududida qo‘lga olingan yoki Rossiya hududiga ekstraditsiya qilingan paytdan boshlab» ikki oy muddatga hibsga olinishi kerak.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq «Navalniy shtablarining» sobiq rahbari Leonid Volkov va Korrupsiyaga qarshi kurash fondi sobiq direktori Ivan Jdanov ham sirtdan hibsga olingan.
Ivan Jdanovga ekstremistik hamjamiyatni yaratish va unga rahbarlik qilish, faoliyati fuqarolarni fuqarolik burchlarini bajarishdan bosh tortish yoki boshqa noqonuniy xatti-harakatlarga undash bilan bog‘liq bo‘lgan notijorat tashkilot (jumladan, chet el agenti funksiyalarini bajaradigan notijorat tashkilot) tuzish ayblovi qo‘yilgan.
Shuningdek, u to‘rtta holatda o‘ta yirik firibgarlik sodir etganlikda gumonlanmoqda.
Ayblanuvchilarning barchasi Rossiyani ancha oldin tark etgan va xalqaro qidiruvga berilgan. Taqdim etilgan moddalarga ko‘ra, ularni 12 yilgacha qamoq jazosi kutmoqda.
2021 yil iyun oyida Moskva shahar sudi rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning fondlari va uning hududlardagi tarafdorlari shtablari tarmog‘ini ekstremistik tashkilotlar deb tan oldi.
Navalniyning o‘zi Vladimir oblastidagi koloniyada firibgarlik bo‘yicha jinoiy ish bo‘yicha jazo muddatini o‘tamoqda. U boshqa ish bo‘yicha ham qamoq jazosiga hukm qilingan. Agar qaror bekor qilinmasa, siyosatchi qattiq rejimdagi koloniyaga o‘tkaziladi.
Mavzuga oid
11:47 / 13.11.2024
Moskvada chaqiriluvchilarga Rossiyadan chiqib ketish taqiqlangani haqida xabar berildi
21:37 / 12.11.2024
Portugaliyada Aleksey Navalniy memoriali ochildi. U Rossiya elchixonasi yaqinida joylashgan
19:24 / 27.10.2024
Moskvada xorijlik migrantlar uchun patent narxi qariyb 20 foizga oshadi
12:56 / 25.10.2024