Jahon | 18:22 / 24.05.2022
15131
2 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya raisi Rossiyani Ukrainadan bug‘doy olib chiqib ketishda aybladi

Fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, Moskva nafaqat energiya ta’minoti, balki oziq-ovqat xavfsizligidan ham qurol sifatida foydalanmoqda.

Foto: Eduard Korniyenko/Reuters

Rossiya oziq-ovqat xavfsizligidan qurol sifatida foydalanmoqda, dedi Ursula fon der Lyayyen.

"Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarida armiya bug‘doy va qishloq xo‘jalik texnikasini musodara qilmoqda. Bu qorong‘i o‘tmish sovet kollektivlashtirish davri va 1930-yillardagi ocharchilikni eslatmoqda", - dedi fon der Lyayyen Davosdagi iqtisodiy forumda. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva nafaqat energiya ta’minoti, balki oziq-ovqat xavfsizligidan ham qurol sifatida foydalanmoqda.

Rossiya Ukrainadagi bug‘doy omborlarini qasddan bombardimon qilmoqda hamda Ukrainaning Qora dengizdagi bug‘doy va kungaboqar urug‘i ortilgan kemalarini qasddan to‘xtatib qo‘ymoqda, dedi Yevrokomissiya raisi.

Ursula fon der Lyayyen shuningdek, Rossiya "shantaj shakllaridan biri" sifatida o‘z oziq-ovqat zaxiralarini ko‘paytirayotganini qayd etdi. 

"Rossiya jahondagi narxlar o‘sishiga erishish uchun yetkazib berishlarni to‘xtatdi, u geosiyosiy qo‘llab-quvvatlov uchun bug‘doy bilan savdo qilmoqda. Buning ortida bir maqsad turibdi: Rossiya hokimiyat uchun ocharchilik va bug‘doydan foydalanmoqda", - deb ta’kidladi u. 

YeK rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu dunyoda bug‘doy narxlari oshishiga olib keladi. Livanda non narxi 70 foizga oshdi, oziq-ovqat inqirozi alomatlari ko‘zga tashlanmoqda, dedi Ursula fon der Lyayyen. 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid