Donetsk oblasti shimolidagi Liman shahrini shturm qilish boshlangan, seshanba kuni kechqurun o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR rahbari Denis Pushilin shaharning bir qismi rossiyalik harbiylar tomonidan egallanganini ma’lum qildi. Limanga hujum bir necha kun oldin boshlangandi.

Seshanba kuni rossiyalik harbiylar va DXR «xalq militsiyasi» kuchlari Svetlodarsk shahrini egallagan va mahalliy ma’muriyat binosida Rossiya bayrog‘ini o‘rnatishgan. Baxmut rayoni tarkibidagi Svetlodarskda urushga qadar 11 ming kishi yashardi, bu shaharcha rayon markazidan 28 kilometr janubi-sharqda joylashgan.

Britaniya razvedkasi Rossiya harbiy bo‘linmalari Severodonetsk va Lisichanskni qurshovga olish uchun shimol va janubdan asta-sekinlik bilan tutashuv nuqtasi tomon harakatlanmoqda. Orada atigi 25 kilometrlik masofa qolgan.

Severodonetsk va Lisichansk xavf ostida qolgani haqida Ukraina Bosh shtabi ham xabar bergan: unga ko‘ra, dushman Shimoliy Donni kechib o‘tib, aglomeratsiyadan sharqda reaktiv va stvolli artilleriyasini joylashtirmoqchi.

Janubroqda esa rossiyalik harbiylar Baxmut tomon harakatlanmoqda va bu shaharni Severodonetsk bilan bog‘lovchi trassaga chiqishgan. Bu yo‘l orqali Severodonetsk va Lisichanskdagi ukrain kuchlari ta’minoti o‘tadi.

Donbassda nimalar bo‘lmoqda?

Rossiya armiyasi Ukraina qurolli kuchlari guruhini qurshovga olishga harakat qilmoqda. Frontdan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Rossiya ikki halqali qurshov hosil qilishga harakat qilgan. U yerda front chizig‘i yoy shaklini hosil qilgan - avvaliga Izyumdan sharqqa Yampol orqali o‘tib, keyin Rubejnoye hududida janubga yo‘naladi, so‘ng Severodonetsk va Lisichanskni aylanib o‘tadi va keyin Popasnaya, Gorlovka va Donetsk orqali janubi-sharq tomon yo‘naladi.

Front chizig‘i Ukraina hududiga ikki nuqtada ichkariga yorib kirgan - shimolda Izyum rayonida va janubda Gorlovka atrofida - bu bo‘rtiqlar Donbassdagi yirik sanot markazi Kramatorskda tutashishi ko‘zda tutilgan. Bu shuni ko‘rsatadiki, Rossiya qo‘mondonligi kamida Donbassdagi Ukraina qurolli kuchlarining eng yirik guruhini o‘rab olishni o‘ylagan.

Ammo so‘nggi vaqtlarda rossiyalik harbiylar yana ikkita kichik yo‘nalishda oldinga siljiyotgani haqida xabarlar bor - shimolda Yampol hududida va janubda Popasnayada. Ular muhim yo‘llar o‘tgan ikki yirik shahar tomon yo‘nalgan: shimolda Yampol orqali Slovyansk tomonga, Popasnayadan esa Baxmut tomonga hujum qilinmoqda. Bu ikki shahar M03 avtomagistrali bilan bog‘langan.