Jahon | 08:40 / 20.10.2025
5972
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Urushni tugatish uchun Donbassni «bo‘lish» kerak

AQSh prezidenti FT'ning Zelenskiyni butun Donbassni Rossiyaga berishga chaqirgani haqidagi xabarini rad etdi. Buning o‘rniga, urushni tugatish uchun Ukraina mintaqasini hozirgi front chizig‘i bo‘ylab «bo‘lish» kerak, dedi Tramp.

Foto: Alex Wong/Getty Images/AFP

Ukrainaning Donbass mintaqasi urushni tugatish uchun «bo‘linishi» kerak, uning katta qismi Rossiya nazorati ostida qolishi kerak. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp 19 oktyabr, yakshanba kuni Rossiya-Ukraina urushining tugashi yuzasidan bayonot berdi.

«Hammasi qanday bo‘lsa, shunday qolsin. U allaqachon bo‘lingan. Menimcha, mintaqaning 78 foizi allaqachon Rossiya tomonidan qo‘lga kiritilgan», — dedi Tramp Air Force One bortida jurnalistlarga.

«Keyinchalik ular o‘zaro kelishuvga erishishi mumkin. Ammo hozircha mojaroning har ikki tomoni frontning oldingi chizig‘ida to‘xtashi kerak — uyiga qaytishi, janglarni to‘xtatishi, odamlarni o‘ldirishni bas qilishi kerak», — dedi Oq uy rahbari.

Biroq Tramp 19 oktyabr kuni The Financial Times gazetasida chop etilgan xabarni rad etdi. Unda Zelenskiy bilan uchrashuvda Amerika prezidenti uni butun Donbassni Rossiyaga topshirishga undagani va aks holda Putin Ukrainani «yo‘q qilishini» aytgani ma’lum qilingan.

Jurnalistlar bilan uchrashuvda Tramp Hindiston haqida ham fikr bildirdi va bosh vazir Narendra Modi Rossiya neftini xarid qilishni cheklashga va’da berganini eslatdi. Agar bu amalga oshmasa, Nyu-Dehli «katta bojlar» to‘lashda davom etadi, deya qo‘shimcha qildi Tramp.

Mavzuga oid