Iqtisodiyot | 22:31 / 27.05.2022
31561
4 daqiqa o‘qiladi

“Birinchi marta ro‘y berganda ogohlantirish tizimini yo‘lga qo‘ymoqchimiz” - Dilshod Sultonov cheklar mojarosi haqida

“Bir chorakda chekka qishloqdagi tadbirkor 3-4 marta chek bermagan, 15 million so‘m jarima chiqqan. Uning topgan daromadi 15 millionga ham yetmasa kerak. Shuning uchun birinchi martada ogohlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish uchun ishlayapmiz”, dedi moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov Kun.uz bilan suhbatda. Biroq u jarimalar o‘zgarmasligini ta’kidladi.

Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov Buxoroda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish xalqaro forumida Kun.uz muxbirining chek mojarosi tufayli soliq ma’murchiligiga o‘zgartirishlar kiritiladimi degan savoliga javob berdi.

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, samosud kabi holatlarda tadbirkorlar chek bermayotgani isbotlangan.

“Biz bu narsani doimiy monitoring qilamiz. Yangi tizim joriy qilinganidan keyin chek berish madaniyati keskin oshdi. Odamlar chek berishni boshladi. Tadbirkor chek bermagan taqdirda xabar bergan fuqaroga jarima summasining 20 foizi berilmoqda. Hozir biz boshqa yo‘nalishlarni ham ko‘rib chiqyapmiz. Samosud kabi holatlarda chek berdimi yoki bermadimi degan savollarga javob topish uchun tahlillar o‘tkazganimizda ko‘p joylarda chek bermagani tasdiqlanyapti. Fuqaro do‘kondan o‘zi xarid qilgan summasi uchun chekni olmagan.

Biroq xarid summasi miqdoridan tashqari jarimalarimiz yuqori, juda yuqori. Bu jarimalar avvaldan bo‘lgan, lekin qo‘pol qilib aytganda, qo‘llanilib kelinmagan. Bu yildan boshlab ko‘ryapmizki, faol fuqarolarimiz bor, o‘z manfaatidan kelib chiqib, chek bermaganlik holatlari yuzasidan xabar bermoqda. Biz joyiga borib o‘rganganimizda chek bermagan holatlar mavjud va chek bermaganlik uchun jazo qonunda nazarda tutilgan”, – dedi vazirlik mulozimi.

Dilshod Sultonov yangi tizim chek madaniyatini oshirgan bo‘lsa-da, boshqa tomondan jarimalarni to‘lash tadbirkorlarga, ayniqsa chekka hududlarda kam daromad topayotganlarga qiyinchilik tug‘dirayotganini aytdi.

“Hozir bu narsani takomillashtirish ustida ishlayapmiz va shuni tushunyapmizki, tadbirkorlar tomonidan jarimalar juda qiyinchilik bilan to‘lanyapti. Qishloq joylarida bir tadbirkor bir chorakda 3-4 marta chek bermagan bo‘lsa, 15 milliondan jarima to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Ammo u topayotgan jarima 15 million bo‘lmasa kerak. Biz bir tizimni joriy qilmoqchimiz-ki, balki oldin ogohlantirarmiz. Birdaniga jarima solmaymizda, birinchi marta ogohlantirib, holat yana bir marta qaytariladigan bo‘lsa, o‘shandan keyin jarima solish mexanizmlarini qo‘llash bo‘yicha ishlayapmiz”, – dedi u.

Shuningdek, vazir o‘rinbosari soliq maslahatchilari e’tiborga olmaslik foizini joriy qilishni taklif qilishayotgani, ya’ni arzimas summaga chek bermaganlik uchun jarimaga tortmaslik, miqdor ma’lum chegaradan oshgach jarimaga tortish taklifiga ham munosabat bildirdi.

“Jarima nuqtayi nazaridan qaraganda qonunbuzarlik hamma uchun bir xil. Masalan, qizil chiroq yondi. Bir soniya o‘tdimi, 10 soniya o‘tdimi – farqi yo‘q, qizildan o‘tganimdan keyin jarima to‘lashim kerak. Yoki “Nexia”da o‘tdimmi, “Mercedes”da o‘tdimmi – farqi yo‘q, jarima bir xil bo‘lishi kerak. Sababi men qonun buzdim.

Shuning uchun o‘ylayapmanki, qonunbuzarlik bo‘lgandan keyin jarima to‘lash kerak, bu yerda avvalambor biz biznes bilan chuqurroq ishlashimiz, tushuntirishimiz kerak. Bu yerda 1000-2000 so‘mga chek bermadi degan narsa bo‘lishi kerak emas. Xaridor xarid qilgandan keyin chekini olishi kerak”, – dedi Sultonov.

Avvalroq, Kun.uz chek mojarosi borasida soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov bilan suhbatlashgandi. Mutaxassis tadbirkorni jazolashdan oldin to‘g‘ri mexanizm yaratib berish kerakligini ta’kidlagandi.

Mavzuga oid