“O‘zbekneftgaz”: Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi tomonidan ishlab chiqarilgan polietilen mahsuloti to‘liq ichki bozorga realizatsiya qilinmoqda
“O‘zbekneftgaz” AJ Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlashga mo‘ljallangan yurtimizdagi birinchi yirik korxona hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yildagi “Polietilen ishlab chiqaradigan Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi qurilishi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq barpo etilib, 2001 yil 21 dekabrda ishga tushirildi.
Yuqori texnologiyalar bilan jihozlangan majmuada 2002 yildan boshlab “UzClear®” tovar belgisi ostida birinchi o‘zbek polimeri ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan. Majmuada birinchilardan bo‘lib “ISO 9001” va “OHSAS 18001” xalqaro standart tizimi muvaffaqiyatli joriy etildi.
Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi texnologiyasi 150 markadagi yuqori, o‘rta va past bosimli chiziqli polietilen ishlab chiqarishga imkoniyati mavjud bo‘lib, yiliga 4,0 mlrd kub metr quyidagi tabiiy gaz xomashyosini qayta ishlash quvvatiga ega:
- 3,5 mlrd kub metr tozalangan gaz;
- 125 ming tonnadan ortiq polietilen granulalari;
- 110 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz;
- 90 ming tonnadan ortiq gaz kondensati;
- 1 ming tonna oltingugurt mahsulotlarini ishlab chiqaradi.
O‘tgan 2021 yilda majmua tomonidan 4,2 mlrd kub metr tabiiy gaz xomashyosi qayta ishlanib, 135,2 ming tonna polietilen granulalari, 3,5 mlrd kub metr tozalangan gaz,117,5 ming tonna suyultirilgan gaz, 103,6 ming tonna gaz kondensati 1,1 ming tonna oltingugurt mahsulotlari ishlab chiqarilib, mahsulotlarning yillik ishlab chiqarish rejasi o‘rtacha 103 foizga bajarildi.
Shuni aytish lozimki, so‘nggi yillarda ichki bozorda talabning keskin oshishi tufayli majmua tomonidan ishlab chiqarilgan polietilen mahsuloti to‘liq ichki bozorga realizatsiya qilinmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ va majmua mutaxassislari tomonidan operatsion samaradorlikni oshirish bo‘yicha barcha faoliyat yo‘nalishlarida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida yuqori ko‘rsatkichlarni yillar mobaynida barqarorligini ta’minlashga erishilmoqda. Xususan, “Ernst&Young” kompaniyasi bilan olib borilayotgan amaliy ishlar tufayli polietilen markalarini ishlab chiqarishda o‘tish davrini va texnologik qurilmalarning ta’mirlash vaqtlarini optimallashtirish orqali majmuaning uzluksiz ishlashi ta’minlanmoqda.
Respublikamizga 2021 yilda importdan kirgan polimerlar tahlili (O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra) shuni ko‘rsatdiki, bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJ korxonalari tomonidan yiliga 490 ming tonna polietilen va 90 ming tonna polipropilen ishlab chiqarilishiga qaramasdan, turli xil ko‘rinishda polietilen hamda polipropilen granulalari va undan olinadigan buyumlar ko‘rinishida 83,96 mln doll (59 ming tonna) polietilen va 91,47 mln doll (93 ming tonna) polipropilen Rossiya, Eron, Qozog‘iston, Turkmaniston kabi davlatlardan import qilingan. Oldingi 5 yilga nisbatan import qilingan polietilen hajmi 2,5 barobarga va polipropilen hajmi esa 1,4 barobarga mos ravishda ortgan.
Shu sababdan ichki bozorda mahsulotga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida tayyor neft gaz-kimyo mahsulotlari hajmini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish, import o‘rnini bosish hamda respublikaning eksport salohiyatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlariga muvofiq “Sho‘rtan gaz kimyo kompleksining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish” investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha “Uzbekistan GTL” MChJda ishlab chiqariladigan yillik 430 ming tonna sintetik naftani chuqur qayta ishlash orqali importdan olib kelinayotgan va bugungi kunda muqobili bo‘lmagan qiymati 550 mln dollar bo‘lgan 280 ming tonna truba, plyonka, puflangan, quyma polietilen markalarini hamda 100 ming tonna gomo, quyma, trubalar uchun polipropilenning yangi markalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 800 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Xulosa qilib shuni ta’kidlash kerakki, respublikamizda gaz kimyo sohasini rivojlantirish, mahalliy xomashyolar asosida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqaligina mamlakatimizning polimerlar xomashyosiga bo‘lgan mustaqilligini ta’minlash bilan bir qatorda, sohadagi kichik va o‘rta biznes sub’yektlarini kelajakda barqaror ishlashiga, rivojlanishiga mustahkam zamin yaratiladi va shu turdagi mahsulotlar eksport hajmi oshadi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ
Mavzuga oid
18:04 / 14.09.2024
Yirik energetika korxonalarining soliq to‘lovlari keskin qisqarishda davom etmoqda
21:27 / 05.09.2024
GTL zavodining davlatga soliq tushumi 2 barobarga kamaygani ma’lum bo‘ldi
20:27 / 29.08.2024
Yirik energetika korxonalari soliq to‘lashni keskin kamaytirdi
13:59 / 29.08.2024