5548 ta mahallaga yangi, 2907 tasiga esa amaldagi raislar saylandi – Tanzila Norboyeva
Ma’lum bo‘lishicha, hozirga qadar respublikadagi 9349 ta mahalladan 8464 tasida saylov o‘tkazilgan.
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva XXVI yalpi majlisda ayni paytda davom etayotgan mahalla raisligiga saylovlar haqida ma’lumot berib o‘tdi.
“Bugungi kungacha mavjud 9 349 ta mahalladan 8 464 tasida (90,5%) saylovlar o‘tkazildi. 22 311 nafar tavsiya etilgan nomzodlar uchun ovoz berish jarayonida 1,8 mln.dan ortiq fuqarolar vakillari ishtirok etdi. Bo‘lib o‘tgan saylovlarda 8 455 nafar (90,4%) mahalla raisi saylandi (bitta mahalla raisligiga salkam 3 nafardan nomzod to‘g‘ri keldi).
Saylangan raislarning 5 548 nafari (65,6 foiz) birinchi marotaba, 2 907 nafari (34,4 foiz) amaldagi raislarni tashkil etadi. Ularning 981 nafari (11,6 foiz) ayollardan, 260 nafari (3,1 foiz) mahalliy kengashlar deputatlaridan iborat. Mahalla raislarining kasbi jihatidan tarkibiga keladigan bo‘lsak, bunda o‘qituvchilar ulushi (33,1 foiz) nisbatan ko‘pchilikni tashkil etmoqda.
Bu yilgi saylovlar bilan bog‘liq alohida bir jihatga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Tan olish kerak, avvallari mahalla raisi sayloviga odamlarda qandaydir befarqlik kayfiyati bor edi. Nega deganda ularda arzimagan muammoni ham hal etishga na vakolat, na imkoniyat bo‘lgan. Hozir ularga vakolat ham, kerak bo‘lsa mablag‘ ham ajratilyapti. Buni aholi tushunib, nomzodlarga nisbatan talabchanlik bilan munosabat bildirmoqda”, deya Tanzila Norboyevaning so‘zlarini keltirdi Kun.uz muxbiri.
Avvalroq mahalla raisligiga o‘tkazilayotgan saylovning birinchi kunida 52 foiz amaldagi raislar g‘alaba qozongani haqida xabar berilgandi.
Qonunchilikka ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar:
- O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi;
- qoida tariqasida, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi;
- bevosita saylovga qadar kamida 5 yil tegishli hududda doimiy yashayotgan bo‘lishi;
- tashkilotchilik qobiliyatiga, davlat organlarida yoki nodavlat notijorat tashkilotlarida yoxud tadbirkorlik va boshqa xo‘jalik faoliyati sohasida ish tajribasiga, shuningdek hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi kerak.
Mavzuga oid
16:56 / 14.11.2024
AQSh saylovlarida respublikachilar Kongressda ham ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
21:49 / 08.11.2024
Ishchilar sinfi isyoni yoki muvaffaqiyatsiz kampaniya? Harris saylovda nega yutqazdi?
18:42 / 07.11.2024
Trampning g‘alabasi: u amerikaliklarni qanday ishontira oldi?
18:18 / 07.11.2024