Bu qanday gap bo‘ldi? Davlat rahbari barcha ishlar mahallada hal bo‘lsin desa, hokim va boshqa amaldorlarni «pastga tush, mahallaga bor, masalani o‘sha yerda hal qil», deb ko‘rsatma berish bilan birga tegishli farmonu qarorlar qabul qilsa-yu, hokimlar eski qoliplardan xalos bo‘lishni istamasa, buni qanday tushunmoq lozim?

«Derzkiy» so‘zi rus tilidan «dag‘al», «qo‘pol», «qo‘rs», shuningdek, «dadil», «jasur», «shijoatli» deb tarjima qilinadi.

Yuqoridagi misolda mahalla raisi mahallada xotin-qizlar bilan ishlashga mas’ul bo‘lgan va bir necha yil birga ishlagan o‘rinbosarini yangi joriy etilayotgan xotin-qizlar faoli lavozimiga tavsiya etgan va uning nomzodini himoya qilgan. O‘rinbosari yangi lavozim talabiga to‘la javob bera olishini, u mahalla xotin-qizlarini yaxshi bilishini, ular o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega ekanligini aytgan, xolos. Rais hokimning vajohatidan, qahridan qo‘rqmasdan, o‘z fikrini ayta olganligi uchun uni jasur, shijoatli deb ta’riflashimiz mumkin.

Hozirgi kunda mahalla raisi aynan shunday bo‘lmog‘i lozim emasmi? Albatta, kerak. Tizimda so‘nggi ikki yil ichida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Endi eskicha fikrlaydigan, hokimu boshqa amaldorlar aytganiga qarsak chalib o‘tiradigan labbaychi, befarq va loqayd mahalla raislari davri o‘tdi.

Afsuski, hali deyarli o‘zgarmagan hokimiyat tizimidagi o‘zini hokimi mutlaq sanovchi ayrimlar buni tushunmayapti. Eski qoliplardan voz kechib, o‘zini jamiyatning boshqa a’zolaridan, butun eldan ustun qo‘yish psixologiyasidan uzoqlasha olmayapti. Ular hokim o‘ziga xos menejyer, ish boshqaruvchi ekanligini, ma’lum hududdagi aholi manfaatini himoya qilish uchun tayinlangan va soliq to‘lovchi hisobiga kun ko‘rayotgan YoLLANMA XODIM ekanligini unutib qo‘ymoqda.

Agar barcha muammolar prezident talab qilayotgandek, mahallaning o‘zida hal bo‘lsa, odamlar oddiy muammo bo‘yicha hokimlik va boshqa idoralarga murojaat qilib, sarson bo‘lmasa, bu o‘sha amaldorlarning o‘ziga ham yaxshi emasmi? Boshog‘riq kamayadi, boshqa kattaroq ishlarni bajarishga ko‘proq vaqt qoladi. Buning uchun ishchan, so‘zi o‘tadigan, to‘g‘ri so‘zli, haqiqatni ochiq ayta oladiganlar mahalla raisligiga saylanishi maqsadga muvofiq emasmi?

Amaldorning barcha aytganlariga bosh egib, «xo‘p bo‘ladi, bajaramiz», deydigan raislarning davri o‘tganligini barcha kattalar anglashi lozim. Doim boshi egik, kattaning aytganining farqiga bormasdan, ko‘rsatmasini bajarishga tayyor «labbaychilar» kimga kerak? Bundaylar prezidentning mahalla raisi amaldorlar oldiga muammoni ko‘tarib chiqib, uni hal bo‘lishiga erishish lozimligi haqidagi talabini qanday bajaradi?