Jahon | 21:56 / 28.05.2022
31298
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Makron va Sholsga o‘g‘it yetkazib berish evaziga Rossiyadan sanksiyalarni olib tashlashni taklif qildi

Putin oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish bilan bog‘liq qiyinchiliklar «G‘arb mamlakatlarining xato iqtisodiy va moliyaviy siyosati» hamda Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalar sababli kelib chiqqanini aytdi.

Foto: Reuters

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Fransiya rahbari Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Olaf Shols bilan telefon orqali muloqoti davomida dunyodagi oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qildi, deb xabar berdi RBK.

Xabar qilinishicha, Putin oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish bilan bog‘liq qiyinchiliklar «G‘arb mamlakatlarining xato iqtisodiy va moliyaviy siyosati» hamda Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalar sababli kelib chiqqanini aytdi.

«Jahon oziq-ovqat bozoridagi keskinlikni Rossiya o‘g‘itlari va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetkazib berish hajmini ko‘paytirish pasaytiradi, bu esa tegishli sanksiyaviy cheklovlarni olib tashlashni talab qiladi», — dedi Putin.

U Rossiya Qora dengiz portlaridagi Ukraina g‘allasini to‘sqinliklarsiz olib chiqib ketish yo‘lini topishga yordam berishini bildirdi.

May oyi boshlarida BMT Qora dengizdagi portlarda 4,5 mln tonnaga yaqin g‘alla to‘planib qolgani, uni urush tufayli olib chiqishning imkoni bo‘lmayotganini ma’lum qilgan.

Avvalroq Shols va Makron Putinni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazishga chaqirgani haqida xabar berilgandi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid