O‘zbekiston | 18:20 / 01.06.2022
41683
11 daqiqa o‘qiladi

Energetika tariflari ko‘tarilishi: savollarga rasmiylar javobi

Infratuzilma eskirib ketgan, samaradorlik juda past, aholi soni va talab esa yildan yilga oshib boryapti.

Mas’ullarga ko‘ra, o‘nlab yillar oldin qurilgan va o‘nlab yillar ta’mirlanmagan infratuzilma eskirib ketgan, buning barini epaqaga keltirish uchun esa milliardlab dollar pul kerak. Bu pulni qanday topish bo‘yicha variantlar esa sanoqli: yo davlat budjetidan sarflash, yo chetdan qarz olish yoki investorlarni jalb qilish.

Birinchi variant amalda imkonsiz (budjetning qurbi yetmaydi), ikkinchisi esa maqsadga muvofiq emas (qarz olishning ham chegarasi bor va uni qaytarish ham kerak), demak yagona yo‘l – sohaga xususiy investorlarni jalb qilish. Foyda olish uyoqda tursin, tannarx ham qoplanmaydigan joyga esa investor kelmaydi.

Shuningdek, davlat monopoliyalaridagi o‘ta past samaradorlikni ko‘tarishga xususiylashtirish orqali erishish mumkin. Qolaversa, tariflarni tabaqalashtirish budjetdan boylarga subsidiya to‘lanishini kamaytiradi.

Energetika tariflarini oshirish bo‘yicha Kun.uz savollariga javob bergan rasmiylar umumiy qilib aytganda yuqoridagidek tushuntirish berishdi.

Energiya resurslari narxi oshishining sabablari nimada?

Quvonchbek Mustafoyev, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining Yoqilg‘i-energetika va kimyo sanoatini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i:

— Elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarini qayta ko‘rib chiqish va narx siyosatini amalga oshirish bir necha sabablar tufayli muhim hisoblanadi. Bulardan birinchisi – tabiiy gaz qazib chiqaruvchi va elektr energiyasi yetkazib beruvchi korxonalardagi texnikalar eskirgan, yetkazib berish jarayonidagi yo‘qotish judayam yuqori.

Sohadagi aksariyat infrastruktura va inshootlar bundan 25-40 yil muqaddam qurilgani bois o‘tkazuvchanlik ko‘rsatkichi past darajaga tushib ketgan. Bu zarur paytda iste’molchilarga ehtiyojlaridan kelib chiqib, tabiiy gaz va elektr energiyasi to‘liq yetkazib berilishini cheklaydi. Bu esa, albatta, tizimni yangilash kerakligini ko‘rsatmoqda.

Buning uchun juda katta pul talab etiladi. Xususan, rejalashtirilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun 25 mlrd dollar mablag‘ kerak. Bu judayam katta raqam. Agar yalpi ichki mahsulotimizga solishtirsangiz, bunga yanada ko‘proq amin bo‘lasiz.

Tarmoqdagi muammolarni hal qilish uchun ikkita yechim bor: davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan loyihalarni amalga oshirish va sohaga xususiy investorlarni jalb qilish.

Hozirgi sharoitda budjet mablag‘lari hisobidan ushbu loyihalarni amalga oshirish imkoniyati mavjud emas, shu bilan birga tashqi qarz hisobiga ham bu ishlarni qila olmaymiz. Bu mamlakatimizning dunyo hamjamiyatidagi suveren reytingiga salbiy ta’sir qilishini inobatga olsak, oldimizda bitta yechim qoladi. Bu ham bo‘lsa sohani xususiylashtirish, transformatsiya qilish va investorlarni jalb qilish.

Bahodir Jo‘rayev, Moliya vazirligining Elektr energetika sohasini transformatsiya qilish bo‘limi boshlig‘i:

Bahodir Jo‘rayev

Narx oshishining yana bir muhim jihati shundaki, bugungi kunda energiya resurslariga belgilangan narxlar bozor tamoyillariga mos kelmaydi. Buning oqibatida esa sohada faoliyat olib boruvchi kompaniyalar zarar bilan ishlamoqda. Bunga misol tariqasida “O‘ztransgaz” AJ 2021 yilni 2,5 trln so‘m zarar bilan, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ esa 2,1 trln zarar bilan yakunlashini keltirishimiz mumkin. Bu yakuniy iste’molchilarga berilayotgan narxlarning qilingan xarajatlarni qoplay olmasligi hisobiga ro‘y bermoqda.

Jahon Banki konsultantlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, elektr energiya sohasida yakuniy iste’molchilarga belgilangan tariflar haqiqatda qilingan xarajatlarning bor-yo‘g‘i 66 foizini qoplashi aytilgan. Tabiiy gazda esa bu holat yanada achinarli, atigi 46 foiz.

Sodda qilib aytganda, energiya kompaniyalari 100 so‘m xarajat qilib, iste’molchilarga o‘z mahsulotini 66 so‘mdan sotishmoqda. O‘rtada yuzaga kelayotgan tafovut esa davlat tomonidan subsidiya qilib berilmoqda. Buning oqibatida esa kompaniyalar yilni zarar bilan yakunlamoqda.

Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish qanday ko‘rinishda amalga oshiriladi?

Quvonchbek Mustafoyev: Ko‘pchilikning xabari bo‘lsa kerak, yaqinda Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasi e’lon qilindi. Ushbu loyihaning asosiy mazmuni energiya resurslarining narxlarini qayta ko‘rib chiqish bilan bir qatorda, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi. Bu yerda davlat tomonidan berilayotgan yordamning manzilli yetib borishini ta’minlash birinchi galdagi vazifa qilib qo‘yilgan.

Quvonchbek Mustafoyev

Hozirda hammamiz bir xil tarzda, subsidiyalangan narxdagi elektr energiyasini iste’mol qilyapmiz. Ya’ni ko‘p iste’mol qiladiganlar ham, kamroq iste’mol qiladiganlar ham bir xil tarzda subsidiya olyapti. Xalqaro tajribadan kelib chiqadigan bo‘lsak, davlat tomonidan ajratilayotgan subsidiya hisobidan shakllangan narxlardagi elektr energiya yoki tabiiy gaz haqiqatda muhtoj odamlarga yetib borishi kerak, hamma uchun bir xil bo‘lishi kerak emas. Shu sababdan ham butun respublika bo‘ylab ijtimoiy norma joriy qilinmoqda.

Bu shuni anglatadiki, davlat tomonidan subsidiyalash elektr energiyasi iste’molida bitta abonent uchun oyiga 250 kVs, tabiiy gaz bo‘yicha oktyabr-mart oylari uchun 700 kub metrgacha, aprel-sentabr oylari uchun 200 kub metrgacha etib belgilanmoqda. Mana shu iste’mol normalarigacha ishlatadigan aholi qatlami uchun narx o‘zgarishi deyarli sezilmaydi. Chunki narx oshishi 30 so‘mni tashkil etmoqda.

Elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha 250 kVt soatgacha ishlatadigan abonentlar hozirgiga qaraganda 7 ming so‘m ko‘proq pul to‘laydi. Raqamlar ko‘rsatmoqdaki, narx sezilarli darajada qimmatlashmayapti.

Umuman, ijtimoiy me’yorlar qanday belgilandi, degan haqli savol paydo bo‘lishi mumkin. Hozirda hamma xonadonlarda aqlli hisoblagichlar o‘rnatilgan. Ushbu qurilmalar oylik iste’mol miqdori bo‘yicha markazlashtirilgan tartibda ma’lumotlarni taqdim qilib boradi. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, respublika bo‘yicha aholining 80 foizi 200 kVt soatgacha elektr energiyasi iste’mol qiladi. Lekin mazkur xonadonlarning hissasiga aholi iste’mol qiladigan jami elektr energiyasining bor-yo‘g‘i 31 foizi to‘g‘ri keladi. Qolgan 70 foiz elektr energiyasi esa 20 foiz abonentlar tomonidan iste’mol qilinmoqda.

Qo‘pol qilib aytganda, 10 ta olma bo‘lsa va bu 10 nafar odamga bo‘linishi kerak bo‘lsa, 8 nafar odam 3ta olmani bo‘lishib yeyapti, qolgan 2 nafar odam esa 7ta olmani iste’mol qilmoqda. Bu yerda tengsizlik bor.

Shuningdek, jami xonadonlarning 85 foizi oyiga o‘rtacha 500 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qiladi. Lekin ularning hissasiga aholi jami iste’molining bor-yo‘g‘i 35 foizi to‘g‘ri keladi. Ko‘rinib turibdiki, ba’zi aholi qatlami davlat tomonidan ajratilayotgan subsidiyadan judayam ko‘p miqdorda foydalanmoqda.

Qaror loyihasida manzilli subsidiyalashga alohida e’tibor berilmoqda. Ijtimoiy me’yor darajasida tabiiy gaz va elektr energiya iste’mol qiladiganlarga davlat subsidiyasi ko‘proq ajratiladi.

Narx oshishi natijasida iste’molchilarning xarajatlari o‘rtacha qanchaga ortishi hisoblab chiqilganmi?

Bahodir Jo‘rayev: Elektr energiyasi uchun taklif etilayotgan yangi narxlar ijtimoiy norma doirasida: oyiga 250 kVt soatgacha – 325 so‘m (amalda 295 so‘m edi), 250 kVt soatdan yuqori har 1 kVt soat uchun – 650 so‘m etib belgilanmoqda.

Tabiiy gazda esa isitish mavsumida har bir abonent uchun oyiga 700 kub metrgacha – 410 so‘m (amalda 380 so‘m), 700 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1200 so‘m qilib yangi narxlar joriy qilinmoqda. Isitish mavsumidan tashqari oylarda esa, 200 kub metrgacha iste’mol uchun – 410 so‘m (hozir 380 so‘m), 200 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1200 so‘mdan to‘lovlarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Endi har bir abonent uchun narxlar oshishi qanday ta’sir qiladi, degan savolga javob bersam. Masalan, bitta abonent shartli ravishda bir oyda 250 kVt soat elektr energiyasi ishlatadi. Mazkur iste’molchi hozirgiga nisbatan 7,5 ming so‘m ko‘proq to‘laydi. 400 kVt soatgacha elektr energiya ishlatadigan abonentlar uchun esa qo‘shimcha xarajat oyiga 61 ming so‘mgacha bo‘ladi.

Isitish mavsumida 700 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 21 ming so‘mgacha, 1 000 kub metrgacha iste’mol qiluvchi abonentlar uchun esa qo‘shimcha xarajat oyiga taxminan 260 ming so‘mdan oshiqroqni tashkil etadi.

Ijtimoiy norma kiritilayotganining yana bir muhim jihati shundaki, odamlarda iste’mol madaniyati ham shakllana boshlaydi. Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, qachonki narxlar odamlarning cho‘ntagiga ta’sir qilayotgan bo‘lsa, o‘ylashni boshlaydi. Energiya resurslarimiz chegaralangan, ularning qadriga yetishimiz kerak. Bu islohotlarni hozir amalga oshirmasak, kelajak avlod uchun o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi.

Ijtimoiy me’yordan tashqari narxlar tannarx bilan barobarmi yo daromadi yuqori qatlamga subsidiya to‘lash qisqarsa ham, baribir davom etadimi?

Quvonchbek Mustafoyev: Yangilanayotgan narxlar tannarx darajasida emas. Ijtimoiy me’yordan ortiqcha iste’mol qilingan energiya resurslari narxida ham qisman subsidiya bor. Narxlar tannarx darajasida bo‘lishi uchun yana 2-3 yil tarif siyosati isloh qilinishi kerak.

Bahodir Jo‘rayev: Qo‘shimcha tarzda shuni aytishimiz mumkinki, belgilanayotgan narxlarning tannarx darajasida bo‘lishi uchun bu yerda bozor mexanizmlari ishlashi kerak. Shundagina tannarxni qoplash darajasiga yetishimiz mumkin va bu jihatlar muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasida nazarda tutilgan.

2026 yildan boshlab energetika resurslar yetkazib berish to‘liq bozor mexanizmiga o‘tishi reja qilinyapti. Reja qilingan islohotlar natijasida davlat tomonidan ajratilayotgan shartli subsidiyalar miqdori hozirgiga qaraganda kamayadi. Mazkur mablag‘larni esa boshqa ijtimoiy sohalarga yo‘naltirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Shu o‘rinda iste’molchilardan muhokamaga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi muhokamasida faol ishtirok etishni so‘rab qolamiz.

Doston Ahrorov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid